Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:07

Do‘stlik paxta zavodi ishchilari 10 oydan beri ish haqini ololmayapti


Jizzax viloyati Do‘stlik tumani paxta zavodining bir guruh ishchilar Ozodlikka murojaat qilib, 2014 yilgi paxta mavsumida ishlatilib ̧ biror marta ham maosh olmasdan ishdan bo‘shatib yuborilganlaridan shikoyat qildi.

Do‘stlik tumani paxta zavodida mavsumiy ishlatilib, pulini ololmagan 25 kishidan birisi bo‘lgan samarqandlik Ravshanbek, Ozodlik bilan suhbatda, vaziyatni gapirib berdi

- Bizni ishlatib¸ ishlatib mavsum tugagach, sokrasheniyega tushirdi. Do‘stlik paxta tozalash zavodi qoshidagi paxta punktida bir sezon ishladik. Ilgarigi Gagarin tumanida. Ishdan bo‘shatganiga 3 kun bo‘ldi. Buxgalteriya pul bermayapti. 25 kishi pul kutib, zax beton xonada yotibmiz. Uyga bo‘sh hamyon bilan borishga yuzimiz chidamayapti. Zavodni puli bo‘lmasa, bizni nega ishlatdi¸- deydi suhbatdosh.

Do‘stlik paxta zavodi rahbariyatidagi Ozodlik manbalarining bildirishicha¸ joriy paxta mavsumida Samarqanddan kelib ishga yollangan 25 kishi shartnoma tugagani bois ishdan bo‘shatilgan.

Manbaga ko‘ra¸ joriy paxta mavsumi bo‘yicha hisob-kitoblar tugagach ularning plastik kartalariga shartnomada ko‘rsatilgan pul o‘tkazib beriladi.

Do‘stlik paxta zavodida sarkor bo‘lib ishlaydigan va ismi ochiqlanmasligini istagan yigitning Ozodlikka aytishicha¸ ishdan bo‘shamagan xodimlarning oyliklari ham 10 oy kechiktirib berilmoqda:

- Masalan, hozirgi mavsum boshlangan paytda 2013 yil paxta mavsumidagi oylikni oldim. 10 oy kechikdi oylik. Bu pulni ham Agrobankdagi plastikka o‘tkazdi. Plastikni ko‘tarib valyutchiklarga bordim. Valyutchiklar 15 foiz olib qolib, obnalichka qilib berishdi. Oylikni kechikkani bir taraf¸ barakasi uchgani yana bir taraf¸- deydi suhbatdosh.

Do‘stlik paxta zavodi rahbariyatidagi Ozodlik manbalari ham bugungi kunda korxona xodimlaridan maosh bo‘yicha 8 oylik qarzdorlik to‘planib qolganini tasdiqladi.

Zavoddagi manbaning aytishicha¸ vujudga kelgan muammo korxona mijozlari bo‘lgan davlat tashkilotlaridan pul tushmagani bilan bog‘liq.

Ozodlik manbalarining ta‘kidicha¸ “O‘zpaxtasanoat” davlat shirkati tarkibiga kiruvchi ish haqining vaqtida to‘lanmasligi odatiy holga aylanmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Xorazm viloyati Hazorasp tuman paxta tozalash zavodi ishchilarining ham oylik maoshi kechikmoqda.

Shaxslari oshkor qilinmasligini so‘ragan Hazorasp paxta zavodi xodimlari 2014 yilda hali biror marta maosh berilmaganini Ozodlikka bildirishdi.

- 8 oydan beri ishchilarning oyliklari berilmayapti. Bu masala bo‘yicha murojaat qilmagan davlat tashkiloti qolmadi. Juda qiyin ahvolda qoldik,- deydi Ozodlikka murojaat qilgan zavod ishchilaridan biri.

Uning yana aytishicha, bu vaziyat xususida bir guruh ishchilar Xorazm viloyat prokuraturasiga ham murojaat qilishgan. Lekin samara chiqmagan.

Hazorasp tuman paxta tozalash zavodida ishchi bo‘lib ishlaydigan Ro‘zmat aka, Ozodlik bilan suhbatda, shu yilning may oyidan beri maosh olmaganligini ta‘kidladi.

- Oyligim 500 ming¸ ammo shundan faqat 100 mingini may oyida plastikka o‘tkazib berdi¸ deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshga ko‘ra, paxta zavodi o‘z ishchilarining Agrobankdagi plastik kartalariga ba‘zan oylik maoshning beshdan birini o‘tkazib qo‘yish bilan kifoyalanmoqda.

XS
SM
MD
LG