Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:14

Poroshenko saylov kunini separatchilardan ozod qilingan Kramatorskda o‘tkazdi


Ukraina Prezidenti 26 oktabr kuni Kramatorsk shahridagi ovoz berish uchastkalaridan birida saylovchilar bilan uchrashdi.
Ukraina Prezidenti 26 oktabr kuni Kramatorsk shahridagi ovoz berish uchastkalaridan birida saylovchilar bilan uchrashdi.

Mamlakat parlamentiga saylov o‘tayotgan 26 oktabr kuni Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko kutilmaganda Ukraina sharqiga – Donbassga safar qildi.

Prezident o‘zining Tvitterdagi sahifasi orqali “Men Donbassga keldim”, deb xabar qildi. Poroshenko, shuningdek, Kramatorsk shahridagi ovoz berish uchastkalaridan birida saylovchilar bilan uchrashib turgani aks etgan fotosuratni ham e‘lon qildi.

Kramatorsk so‘nggi 7 oy davomida rossiyaparast separatchilarga qarshi Ukraina hukumat kuchlari harbiy amaliyotlar o‘tkazayotgan Donetsk oblastidagi shahar bo‘lib, hozirda u hukumat nazorati ostida.

Turmush o‘rtog‘ining Ukraina sharqiga ketgani to‘g‘risida biroz avval Marina Poroshenko Kiyevda jurnalistlarga ma‘lum qilgan edi. “U yoqqa saylovning borishini kuzatish uchun ketdi”, degan edi Ukraina rahbarining rafiqasi.

Ukraina Prezidenti devonidan xabar qilishlaricha kechga yaqin Poroshenko Kiyevga qaytadi va bu yerda u ovoz beradi.

- Menimcha, yangi pralamentimiz inqilob tufayli qayta tug‘ilgan yangi mamlakatimizga, yangi xalqimizga munosib parlament bo‘ladi. Bu yerda, aksilterror amaliyotlari o‘tkazilayotgan hududda ko‘pchilik ovoz berishga qatnashayotganini ko‘rib turibsiz. Odamlar yangi mamlakat uchun, islohotlar uchun, korruptsiyaga qarshi kurash harakatlarini kuchaytirish uchun, yangi mamlakat qurish va tinchlik uchun ovoz bermoqdalar. Bu kishilarning barchasi tinchlik barqaror bo‘lishini kutayapti va biz ular bilan birgamiz, dedi Poroshenko Kramatorskda saylovchilar bilan uchrashuvi chog‘ida.

Bugun Ukraina parlamentiga muddatidan oldingi saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu saylovlarni Ukraina prezidenti Petro Poroshenko mamlakatning kelajakdagi yo‘nalishini belgilab beruvchi tarixiy saylovlar, deb atagan.

Yil boshidan buyon kechgan voqealar tufayli jahon hamjamiyati diqqat markazida qolib kelayotgan Ukraina parlamentiga saylovlarda ishtirok etish uchun 29 ta siyosiy partiya ro‘yxatdan o‘tgan.

Ular parlamentdagi 450 o‘rin uchun o‘zaro kurash olib boradilar.

Украина парламент сайловларида Юлия Тимошенко овоз берди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:25 0:00

Saylov arafasida chiqish qilgan Ukraina prezidenti Petro Poroshenko bu saylovlar joriy yil fevralь oyida sobiq prezident Viktor Yanukovich ommaviy noroziliklar tufayli mamlakatdan qochib ketganidan keyin boshlangan “hokimiyatning topshirilishi” jarayonini tamomiga yetkazajagini bildirdi.

Poroshenko ukrainaliklarni islohotlarga qodir, korruptsiyadan holi, Ukraina tarafida bo‘lgan, Yevropa tarafida bo‘lgan, ammo sovetcha bo‘lmagan parlamentni saylab olishga chaqirdi.

Poroshenkoga ko‘ra, hozirda prezident devoni tomonidan “Strategiya-2020” deb nomlangan dastur asosida Yevropa bilan koalitsion kelishuv loyihasi tayyorlab qo‘yilgan.

- Uning amalga oshirilishi Ukrainada turmushning yevropacha standartlarini joriy qilish va jahonda munosib o‘rin egallashni ta‘minlaydi, - dedi Ukraina prezidenti.

Poroshenko 2020 yilga borib Ukraina Yevropa Ittifoqiga a‘zo bo‘lish uchun ariza topshirishga tayyor bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi.

Parlament saylovlarida ishtirok etish uchun 36,5 million saylovchi ro‘yxatga olingan. Ammo ularning 4 milliondan ko‘prog‘i mamlakat sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar nazoratida bo‘lgan Donetsk va Lugansk viloyatlarida istiqomat qiladi. Ayirmachilar o‘z nazorati ostida bo‘lgan hududlarda saylov o‘tkazilmasligini bildirganlar.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, saylov kuni Donetsk va Lugansk viloyatlarida tartibni saqlash uchun qo‘shimcha militsiya kuchlari va harbiylar safarbar qilingan.

Saylov jarayonini YeXHT, Yevropa Ittifoqi parlament assambleyasi, Yevroparlament va boshqa xalqaro tashkilotlardan bo‘lgan 600 dan ziyod kuzatuvchi kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG