Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:15

Toshkentda yana bir sovchilik agentligi ochildi


Hozircha Toshkentning Skverida ish boshlagan “Oila qurishga ko‘maklashish markazi”ning asosiy mijozlari o‘g‘liga ko‘ngliga mos kelin¸ qiziga esa kuyov qidirayotgan toshkentlik onalardir¸ deydi yangi agentlik xodimasi:

- Asosan¸ onalar kelishadi uylantirmoqchi bo‘lgan o‘g‘illariga qiz qidirib. Qizlarniyam onalari¸ opalari¸ ba‘zida o‘zlari kelishadi¸ telefon qilishadi. Bizda o‘zimizning shartnomamiz bor¸ tanishishadi. Agar shartnoma yoqsa¸ to‘g‘ri kelsa mijozga¸ keyin ma‘lumotnoma to‘ldirishadi. Uylanmoqchi bo‘lgan yigitning o‘zi yoki onasi to‘ldiradi. Unda ijtimoiy ahvoli¸ tug‘ilgan yili¸ millati¸ qayerda tug‘ilganini to‘ldirib ketganidan keyin biz bazaga kiritamiz. Ochilganimizga bir oy ham bo‘lmadi¸ lekin allaqachon minglab odam murojaat qildi. Mijozlar 22 yoshdan 78 gacha bo‘lgan erkaklar¸ 17-19 yashar qizlar¸ deydi agentlik xodimasi.

Yaxshi kelinga talabgorlarga taqdim etiladigan ro‘yxatni boyitish uchun agentlik mahalla va o‘quv yurtlaridagi xotin-qizlar kengashlari bilan yaqindan ishlay boshlagan:

- Hokimiyat bizni xotin-qizlar kengashlari bilan bog‘lab qo‘ygan. Ularga yo‘llanmamiz bor. Jensovet¸ domkom¸ mahalla komitetlari bilan bog‘lanamiz. Ayrim onalarning o‘zlari qizimni tuzukroq joyga uzatmoqchiman¸ deb kelishadi. Oliy ma‘lumotli¸ topish-tutishli bo‘lishi kerak¸ degan ma‘noda ular ham o‘zlarini kimni xohlayotgani haqida ma‘lumotnoma tashlab ketadi. Shunga qarab biz yigitlarga qiz tavsiya qilamiz. Lekin qizlarga oid axborot manbai sir saqlanadi. Biz hech kimga¸ xususan¸ kuyov va uning oilasiga qizga oid ma‘lumotni qayerdan olganimizni aytmaymiz. Boshqa agentliklardan katta farqimiz ham shu¸ deydi agentlik vakili.

Toshkentlik Dildora Tibbiyot kollejini joriy yilda tugatgan va u kelin qidirib yurgan bo‘lg‘usi qaynonalar baravarida sovchilik agentliklari vakillarining ham qizlar ko‘p o‘qiydigan kollejlardan yaxshi qizlar haqida ma‘lumot yig‘ib yurganiga shaxsan guvoh bo‘lgan:

- Medkollejga o‘xshagan qizlar ko‘p o‘qiydigan kollejlarga kelib¸ dekanni oldiga kirishadida, ozgina pul tashlab yaxshi qizlarni adresi¸ telefonini olishadi. Bunaqa kollejlarda yaxshi qizlar bormi¸ deb sovchilikka keladiganlar rosa ko‘p¸ deydi 19 yashar Dildora.

Bu suhbatdosh aksar tengdoshlarining yigitlar¸ ayrimlarining esa o‘z turmush o‘rtog‘i bilan, asosan Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda tanishayotganini qo‘shimcha qiladi.

“Oila qurishga ko‘maklashish markazi” xodimasi Internetdagi tanishuv saytlarida kimning aslida kim ekanini bilish o‘ta qiyinligi¸ o‘g‘ri¸ narkoman yoki oilasi borlar ham yosh qizlar boshini osongina aylantirishi mumkinligi bois¸ yoshlarning o‘zi ham¸ onalari ham sovchilik agentliklari xizmatiga murojaat qilishni afzal ko‘rayotganini aytadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligida ro‘yxatdan o‘tgan va maxsus xizmat litsenziyasiga ega bo‘lgani uchun agentlik qiz qidirayotgan erkaklarning turar joy manzilidagi narkodispanserlardan ularning maxsus ro‘yxatda turish-turmasligi haqida spravka olish imkoniga ham ega.

Har ikkala mijozning umumiy sog‘lig‘iga oid spravkani esa¸ ularning o‘zi taqdim etishi kerak¸ deb qo‘shimcha qildi agentlik xodimasi.

O‘zbekiston poytaxtida rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ shu kunda ikki yarim million¸ norasmiy hisob-kitobga ko‘ra esa¸ to‘rt milliondan ko‘p odam yashamoqda.

Qishloq va tumanlardagi ishsizlik yuz minglab viloyatliklarni davlat ichida davlatga aylangan Toshkentga tortmoqda.

Kechagina yaxshi qiz mahallasidan ortmaydi¸ degan naqlga ishongan o‘zbeklar endilikda mahalla qolib¸ viloyat sarhadlari ham yuvilib¸ Toshkent deb atalgan katta qozonga tushgach¸ o‘g‘liga yaxshi oilaning qizini¸ qiziga esa tagli-tugli oila o‘g‘lini topish mashaqqati qarshisida qoldi.

Internet zamonida mahallama-mahalla¸ institutma institut yurib “shu atrofda yaxshi qiz bormi? degan so‘rov o‘tkazishu¸ tavsiya qilingan qizlarni ko‘rish uchun eshikma-eshik yurishlar o‘tmishga aylana boshladi¸ deydi “Oila qurishga ko‘maklashish markazi” xodimasi:

- Ko‘chadan nari surishtirganingiz¸ bitta qo‘shnidan gap olganingiz qaydayu¸ agentlik orqali minglab qiz ichidan tanlab olganingiz qayerda. Biz bilan bir yilga shartnoma tuzilsa¸ minglab qiz¸ minglab yigitlarni ko‘rsatamiz. Ichidan tanlab olasiz. Bir marta 158 ming to‘lab¸ bir yil ichida xohlaganingizcha qiz tanlashingiz mumkin. Qanaqasini so‘rasangiz¸ shunaqasini taklif qilamiz. Ziyoli oilalar o‘qigan¸ tillarni biladigan qiz xohlaydi. Kollejni bitiriboq uzatiladigan qizlarga xaridorlar ham bor. O‘qimishli yigitlar o‘qimishli qiz xohlaydi. Xullas¸ qanaqasini so‘rashingizga qarab¸ shunaqasini taklif qilamiz¸ deydi agentlik xodimasi.

“Oila qurishga ko‘maklashish markazi” markazi hozircha o‘z mijozlari va potentsial mijozlarining asosan toshkentliklar ekani¸ ammo xizmat ko‘lamini butun respublika miqyosiga ko‘chirish rejasi borligini aytadi.

Ayni paytda hozirda Toshkentda ichki bozordagi ehtiyojni qondirish barobarida Germaniya¸ Turkiya va Janubiy Koreya bo‘ydoqlarini o‘zbekistonlik kelin bilan ta‘minlash maqsadida ochilgan qator sovchilik agentliklari xizmat ko‘rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG