Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:46

"Sog‘lom bola" yilida Gepatit A vaksinasi pulga sotilyapti


"Sog‘lom bola" yilida ham o‘zbekistonlik bolalar tekin vaksina olish imkonidan mahrum bo‘ldilar.
"Sog‘lom bola" yilida ham o‘zbekistonlik bolalar tekin vaksina olish imkonidan mahrum bo‘ldilar.

Jizzax shahrida bolalarni Gepatit A ga qarshi emlash uchun ota-onalardan 91 ming so‘mdan talab qilinyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili majburiy bo‘lmagan vaksina aholiga sotilayotganini tasdiqlar ekan, mehribonlik uyi va kam ta‘minlangan oilalar bolalariga vaksina bepul qilinayotganini iddao qildi. Lekin, Jizzaxdagi kam ta‘minlangan oilalar bunday imtiyozdan foydalana olmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Jizzax viloyati sanitar epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ninigul Asqarovna, Ozodlik bilan suhbatda, Gepatit A ga qarshi vaksina haqiqatan ham 91 ming so‘mdan sotilayotganini tasdiqlar ekan, kam ta‘minlangan oilalar bu vaksinani bepul olishi shart dedi:

- “Gepatit A”ga qarshi emlash bepul emlash rejasiga kiritilmagan. Respublikadan pullik bo‘lib kelyapti. Har bir vaksinaning narxi 91 ming so‘m. Lekin, hozir bizlarga “Muruvvat” yordami orqali bizlarga 2000 dona vaksina keldi. Bu bolalar uyi, internat va bizga ro‘yxati taqdim qilingan kam ta‘minlangan oilalar uchun bepul beriladi. Agar shunday oila mahalladan spravka taqdim etsa, tekin olish huquqiga ega, dedi Ninigul Asqarovna.

Gepatit A ga qarshi emlash O‘zbekistonda qabul qilingan “O‘zbekiston profilaktik emlash jadvali”ga kiritilmagan va ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi kerak.

Bunda, sanitar epidemiologiya nazorati vrachiga ko‘ra, kam ta‘minlangan oila o‘z farzandini Gepatit A ga qarshi emlash istagida bo‘lsa, vaksina bepul taqdim qilinishi lozim.

Jizzax shahrining Bobur mahallasida istiqomat qiladigan Nortoji Haydarovaning aytishicha, u kam ta‘minlangan oiladan bo‘lgan nevarasiga Gepatit A kasalligiga qarshi vaksinani so‘rab borganida rad javobini olgan:

“Hozir bizda sariq kasal juda ko‘paygan. Bog‘chalarda sariq kasal ko‘p, bolnitsalar to‘lib ketgan. Nevaramiz bir yashar Umidjon Ilyasovni emlatolmayapmiz. vaksina chet eldan kelgan, 91 ming so‘mlik deydi. Qizimni mehribonlik uyida katta bo‘lgan yigitga turmushga berganman. O‘zlari ijarada yashaydi, bola kasal, nimkola. Kambag‘al oila ekanligi haqida mahalladan spravka olib borib bersak ham emlamadi, deydi Nortoji Haydarova.

Suhbatdoshning aytishicha, u murojaat qilgan Jizzax shahar 5-oilaviy poliklinika shifokorlari vaksinani shahar sanitar epidemiologiya markazidan o‘zlari sotib olishini aytgan:

“Poliklinika boshlig‘i Laylo Bozorovna bolalar duxturi Mavludaxonga uchrashing dedi, uchrashsam shahar SESiga borasiz va pulingizga sotib olasiz, bizda yo‘q deb aytdi,- dedi Nortoji opa.

Jizzax shahar 5-oilaviy poliklinika shifokori Laylo Bozorovna, Ozodlik bilan suhbatda, shu paytgacha poliklinika bepul vaksina olgani yo‘q, dedi:

- Bu haqda SES hamma yerda e‘lon bergan edi. Biz ham kam ta‘minlangan oilalar bolalarining ro‘yxatini tuzib shahar SESiga taqdim qilganmiz. Aytishlaricha, bu ro‘yxat Toshkentga yuborilar va o‘sha yerdan vaksina kelganidan so‘ng bizga berilar ekan. Puli bor odamlarga vaksina zarur bo‘lsa SESga murojaat qilishni maslahat beryapmiz,- dedi Laylo Bozorovna.

O‘zbekistonda shu paytgacha gepatitning “V” shakliga qarshi vaksinalar hukumat tomonidan xorijdan sotib olinib, bolalar tekin emlanib kelingan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, gepatitning “A” shakliga qarshi emlash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi va u pullik qilib qo‘yilgan:

- Bizda 11 xil vaksinalar bepul. “Gepatit A” qarshi vaksina esa bizga pullik kelgan. “Gepatit V” qarshi vaksinalarni qo‘llash 12 yil oldin boshlangan edi. Bu vaksina esa O‘zbekistonga shu yil birinchi marta kirib keldi. Shuning uchun hozircha mehribonlik uyidagi va kam ta‘minlangan oiladagi bolalarga bepul, qolganlarga esa pullik qilib belgilangan. Menimcha, hozircha davlatimizni puli kamlik qilayotgandir, xudo xohlasa bu ham tekin bo‘lib qolar”, dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimi.

Ozodlik joriy yilning avgust oyida Gepatit Aga qarshi emlash Toshkent shahrida majburiy o‘tkazilayotgani, emlanmagan bolalar esa bog‘cha va maktablarga qabul qilinmayotgani haqida xabar bergan edi.

Ozodlikning O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbasi¸ o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan¸ yangi o‘quv yili arafasida nega aynan gepatitning A turiga qarshi emlashni “jiddiy tavsiya” qilish bilan astoydil shug‘ullanib qolganiga oydinlik kiritgan edi.

Bu manba ta‘kidicha¸ O‘zbekistonga yuqori hukumat doiralariga qarashli shirkatlar tomonidan katta miqdorda olib kelingan gepatit A ga qarshi emlash vositalari ayni kunlarda Sog‘liqni saqlash va Xalq ta‘limi vazirligi vositasida aholiga qariyb majburiy tartibda “o‘tkazilmoqda”.

Ayni manba ta‘kidicha¸ xususiy shirkatlardan tashqari O‘zbekistonga G‘arb davlatlaridan kelgan gumanitar tibbiy yordam orasida ham katta miqdordagi gepatit A ga qarshi emlash vositasi bor va bu yordam hukumatning ma‘muriy bosim kuchini qo‘llash imkoniga ega tizimlari tomonidan o‘zlashtirilgan va endilikda qariyb majburiy ko‘rinishga o‘tayotgan “tavsiya va tushuntirish” ishlari ostida pullanmoqda.

O‘zbekistonda o‘tgan yildan beri Gepatit A kasalligi kenga tarqalishiga doir bir necha hodisa qayd etilgan edi.

XS
SM
MD
LG