Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:53

O‘zbekiston dunyoda ikkinchi yirik "qullar mamlakati" deb tan olindi


Walk Free Foundation tashkiloti e‘lon qilgan Global Slavery Index-2014 ro‘yxatida O‘zbekiston qullikka solingan fuqarolar soni ko‘p bo‘lgan ikkinchi mamlakat, deb qayd etildi. Avstraliyada joylashgan tashkilot hisobicha, O‘zbekistonda 1 million 200 ming odam quldir. Hisobotda mehnatga majburlangan har qanday shaxs qul, deb e‘tirof etilgan.

Walk Free Foundation tadqiqotchisi Jina Dafaliyaga ko‘ra, O‘zbekiston hozir ham o‘spirinlar va katta yoshlilarni majburan paxta dalasida ishlatmoqda va bu holda mehnatga majburlangan har qanday shaxsni qul, deb tasniflash mumkin.

- Hisob-kitobimizcha, hozir O‘zbekistonda qariyb 1 million 200 ming odam zamonaviy qullikda yashamoqda. Biz buni turli manbalar asosida o‘rganib chiqdik. O‘zbekistonda har yili paxta terimida milliondan ziyod odam paxta terishga majburlanishi turli tashkilotlar tarafidan hujjatlashtirishgani bizga ayon, - deydi Walk Free Foundation tadqiqotchisi Jina Dafaliya.

Huquq faollari, shu jumladan Jina Dafaliya ham O‘zbekistonda paxta sanoatiga davlat mas‘ul bo‘lgani uchun qullikni tugatish aynan davlat mas‘uliyatida, deb hisoblaydi.

Lekin, paxta terimidagi majburiy mehnat O‘zbekistondagi yagona muammo emas. Dafaliya ayollarni majburlab erga berish yoki ularning jinsiy ekspluatatsiyasi ham qullik, deb qayd etmoqda va tadqiqotchiga ko‘ra, bu muammo O‘zbekistonda ko‘p yillardan beri mavjud.

- Qizlar voyaga yetmay turib, majburiy tarzda turmushga uzatiladi. Bu ham zamonaviy qullikdir. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ayollarning seksual ekspluatatsiyaga majburlanish hollari ham uchraydi. O‘tgan yili 135 ayolning jinsiy ekspluatatsiyaga majburlanganini aniqladik, - deydi Jina Dafaliya.

167 davlatdagi vaziyatni o‘rgangan Walk Free Foundation tashkiloti so‘nggi hisobotga ko‘ra, dunyoda 36 millionga yaqin odamni qul, deb atash mumkin. Qullik eng ko‘p tarqalgan mamlakatlar esa Mavritaniya, O‘zbekiston, Gaiti, Qatar va Hindistondir.

Hisobot mulliflariga ko‘ra, dunyoda qullar soni so‘nggi bir yil ichida sezilarli oshgan. O‘tgan yili dunyoda qullikka majburlanganlar soni qayrib 30 millionga yaqin edi.

- Bular o‘qishdan mahrum qilinib, mehnatga majburlanayotgan bolalar yoki erta turmushga uchirma qilinayotgan qizaloqlar, yoki o‘z ixtiyoriga qarshi ishlatilayotgan ayol-erkaklardir. Afsuski, zamonaviy qullikka majburlanayotgan odamlar soni dunyo bo‘ylab oshib boryapti, - deydi Jina Dafaliya.

Global Slavery Index -2014 ro‘yxatida keltirilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston 93-o‘rinda, Tojikiston 95-o‘rinda, Qirg‘iziston 97-o‘rinda va Turkmaniston 98-o‘rindadir.

Dunyoda aholi soniga nisbatan qullar ko‘p bo‘lgan mamlakat Mavritaniyadir. Ushbu mamlakatda aholining 4 foizi qullikda yashamoqda.

Qullik eng kam bo‘lgan mamlakatlar esa Yangi Zellandiya va Islandiyadir. Yangi Zellandiyada qullar soni umumiy aholining 0,13 foizini tashkil etsa, Islandiyada qul deb atash mumkin bo‘lgan 23 odam bor.

XS
SM
MD
LG