Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:18

Svet va gazsiz tuman kasalxonalarida "chaqaloqlar sovuqdan ko‘karib yotibdi"


Tabiiy gaz va elektr quvvatidagi muttasil uzilishlar bois O‘zbekiston qishloq va tumanlaridagi kasalxona¸ ayniqsa¸ tug‘ruqxonalar o‘ta og‘ir ahvolga tushgan. Vrachlarning Ozodlikka bildirishicha¸ hali qattiq qish boshlanmay turib¸ tibbiy yordamga muhtojlarga yordam berish deyarli imkonsiz holga tushib qolgan.

Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Xorazm, Jizzax viloyatlari va Qoraqalopog‘istondan Ozodlik mushtariylari yo‘llagan shikoyatlarda elekr toki ta‘minotidagi uzilishlar bois shifoxonalardagi ahvol og‘irlashib borayotgani tilga olinmoqda.

Ozodlikka maktub yo‘llaganlardan biri Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi bolalar shifoxonasida elektr energiyasi yo‘qligi bois, kasallar qiynalayotgani, chaqaloqlar esa sovuqdan jabr ko‘rayotganidan arz qildi:

- Kasalxonada ahvol dahshat. Yaqinda ayolim ko‘zi yorish arafasida turibdi. Bir-ikki marta shu kasalxonaga bordik. Chaqaloqlar sovuqdan ko‘karib yotibdi. Tug‘ilajak farzandim tug‘ruqxonada tug‘iliboq, shamollamasin uchun qaysi tug‘ruqxonaga olib borishni bilmay turibman, deydi ismi sir qolishini istagan marg‘ilonlik.

Ozodlik ahvolni o‘rganish maqsadida Marg‘ilondagi bolalar kasalxonasiga qo‘ng‘iroq qildi.

Kasalxonasining o‘z ismini aytmagan shifokorlaridan biri muntazam elektr uzilishlari bemorlarga lozim tibbiy muolaja qilinishiga jiddiy xalal berayotganini e‘tirof etdi:

- Svet bizda, deyarli yo‘q. Kuniga ikki soat bo‘ladi, keyin kuni bilan o‘chadi. Kechqurunlari umuman svet bo‘lmaydi. Dvijoklarni ishlatamiz, lekin doimiy tarzda svet o‘chaversa¸ dvijoklar ham foyda bermaydi. Og‘ir bemorlar keladi, operatsiya payti svet o‘chib qolsa¸ bu bemorning ahvoliga ta‘sir qiladi. O‘tgan yili ko‘plab noxush holatlar bo‘lganini bilamiz. Hali qattiq sovuq boshlanmasidan buning oldini olish kerak. Men shifokorman, bemorlarga yordam berishim kerak, buning uchun zarur sharoit yaratib berilishi kerak. Haqiqatan ahvolimiz juda og‘ir, deydi Marg‘ilon shahridagi bolalar shifoxonasi vrachlaridan biri.

Marg‘ilonlik shifokor e‘tirofidan so‘ng Ozodlik muxbiri O‘zbekistonning boshqa tumanlaridagi kasalxonalarga ham sim qoqdi.

Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod tumani kasalxonalardan birida ishlaydigan shifokorning aytishicha, bemorlar qalin kiyimlari bilan yotishga majbur:

- Chunki gaz ham yo‘q. Palatalar isitilmaydi, sovuq. Svet har kuni o‘chadi. Ayniqsa roddomda ahvol og‘ir. Kattalar bir amallashi mumkin. Lekin, chaqaloqlar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga qiyin. Hozir to‘lg‘oq tutgan ayollarni Qarshi shahridagi oblostnoy kasalxonaga jo‘natishayapti, deydi dehqonobodlik shifokor.

Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi bolalar shifoxonasida ham ayni ahvol.

Jomboy tumani shifoxonasi vrachlaridan biri bunday vaziyatdan chiqishning ilojini topib bo‘lmayotganini tan oldi.

Ularga ko‘ra¸ svet va gaz yo‘qligi bois nafaqat chaqaloq va yangi tuqqan ayollar¸ balki vrach va hamshiralar ham og‘ir ahvolda qolgan:

- Svet yo‘q, xonalar covuq. Yangi tuqqan ayollarga, agar bolasining ahvoli yaxshi bo‘lsa¸ ikki-uch kunda javob bervorayapmiz. Bu yerda sovuqda ortiqcha ushlab turmay, uyiga yuborayapmiz. Bemorlar tugul¸ bizga ham qiyin bo‘layapti. Palatalar sovuq , deydi jomboylik shifokor.

O‘tgan yili O‘zbekiston viloyatlarida svet yo‘qligi bilan bog‘liq og‘ir sharoit bois tug‘ruqxonalarda chaqaloqlar nobud bo‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari¸ qolaversa viloyatlardagi elektr tarmoqlari tashkiloti mas‘ullardan kasalxonalarda svet va gaz yo‘qligi bilan bog‘liq abgor ahvol yuzasidan izoh olib bo‘lmadi.

Vazirlik matbuot vakili Furqat Sanayev Ozodlik radiosi degan kalimani eshitishi bilan telefon go‘shagini ilib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG