Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:34

O‘shda o‘zbek tili va adabiyoti darsliklari chop etildi


O‘shdagi o‘zbek maktablari o‘quvchilari o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha 3 mingdan ortiq darslik bilan ta‘minlandi. Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan O‘sh shahar Ta‘lim boshqarmasi rahbari Qushtarbek Kimsanovga ko‘ra, hozirda o‘zbek maktablari 80 foiz kitob bilan ta‘minlangan. Ayni paytda O‘shdagi o‘zbek maktablarida kitob yetishmovchiligi eng katta muammolardan biri hisoblanadi.

Joriy oyda O‘sh shahar Maorif boshqarmasiga Qirg‘iziston Maorif vazirligi tomonidan o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha 3140 dona kitob keldi. Bu kitoblarning umumiy bahosi 460 ming somdan ortiq (8000 ming AQSh dollariga yaqin) mablag‘ni tashkil etadi.

Bunga qadar O‘sh shahar Maorif boshqarmasida bo‘lib o‘tgan turli yig‘inlarda ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar tomonidan o‘zbek tilidagi darsliklarning yetishmasligi masalasi ko‘p tilga olingan.

O‘sh shahar Maorif boshqarmasi rahbari Qushtarbek Kimsanovga ko‘ra, shahar maktablarida kitob taqchilligi 35 foizni tashkil qiladi va yangi kitiblar chop etilgach bu yetishmovchilik miqdori kamaydi:

- O‘sh shahrida bu yilgi o‘quv yilida kitob bilan ta‘minlanish barcha maktablar darajasida 65 foizni tashkil qildi. Qirg‘iz tilida o‘quv kitoblari bo‘yicha 90 foiz, rus maktablarida o‘qish kitobi bilan ta‘minlash 42 foizni, o‘zbek tilidagi maktablarda esa 62 foizni tashkil qilgan, - deydi Qushtarbek Kimsanov.

Suhbatdoshga ko‘ra, tilga olingan raqamlardan tashqari ota-onalar jamg‘armasi hisobidagi kitoblar ham mavjud.

Hozirda O‘shda mavjud bo‘lgan o‘zbek tilidagi o‘rta ta‘lim maktablari matematika, biologiya, tarix, fizika, ximiya, kabi fanlardan kitoblar yo‘qligi sababli o‘quvchilar qirg‘iz tilidagi darsliklardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

- Qirg‘iz maktablari uchun chiqqan kitoblardan foydalanilmoqda. Masalan tarix fanidan shunaqa bo‘layapti. Til "baryer"i ozroq bo‘lgani uchun o‘zbekchaga tarjima qilib o‘qitishayapti. Ammo baribir qiyinchilik bor. Sababi, o‘qituvchilar jonli muloqotda bo‘laverishi mumkin qirg‘iz tilida, lekin fanga oid bo‘lgan ilmiy terminlarda qiyin bo‘layapti,- deydi o‘shlik maktab o‘qituvchilaridan biri Muhammadjon Oxunov.

Qirg‘izistonlik o‘zbek o‘quvchilarining kitob muammosini hal qilish, o‘zbek tili darslari bo‘yicha o‘quv dasturlarining ozayishining oldini olish uchun mahalliy o‘zbek o‘qituvchilari Qirg‘iziston Maorif vazirligiga ham maktub jo‘natishgan.

O‘zbek ziyolilari maktubida, O‘zbekiston va Tojikistondagi boshqa millat vakillari uchun o‘quv rejalar qandayligi ko‘rsatilgan va o‘rtadagi farq bo‘yicha namunalar keltirilgan. Shuningdek, xatda Qirg‘izistondagi o‘zbek tili darslarining juda ko‘p qisqartirilgani to‘g‘risidagi fikrlari yozilgan.

Qirg‘izistonda so‘nggi marta 6, 7, 8-sinf o‘quvchilari uchun ona tili va adabiyoti darsliklari 2012 yilda chop etilgan.

O‘sh shahar ta‘lim boshqarmasi rahbari Kimsanov o‘zbek maktablarida fizika, tarix va boshqa fanlardan o‘quv kitoblarining yetishmasligini tan olib, masalani hal qilishda elektron kitoblarga o‘tish tashabbusi ko‘tarilayotganini aytadi. Unga ko‘ra, agarda bu masala keyingi yildan amalga oshirilsa, o‘quv kitoblarining yetishmasligi sezilarli darajada ozayishi kutilmoqda.

2010 yil voqealaridan so‘ng o‘zbek maktablarida qirg‘iz va rus tili sinflari, qirg‘iz maktablarida esa rus tili sinflari tashkil qilingan. Hozirda O‘shdagi 10ta o‘zbek maktabida rus tili sinflari bor.

XS
SM
MD
LG