Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:08

O‘zbek paxtasining ikki narxi o‘rtasidagi "ijobiy farq" qayga ketmoqda?


Moliya vaziri paxtaning fermerga davlat berayotgan narxi bilan uning jahon bozorida naqd valyutada sotilayotgan narxi o‘rtasidagi ijobiy farqning ishlatilish tartibiga o‘zgartish kiritish haqida buyruq berdi. Bu buyruqqa qaramay yuzlab million dollarni tashkil etuvchi bu farqning buyruqdan oldin ham¸ undan keyin ham qayerga ketayotgani o‘zbek jamoatchiligiga mutlaq qorong‘uligicha qolmoqda.

24 noyabr kuni rasmiy o‘zbek nashrlari Moliya vaziri 30 oktyabr kungi buyrug‘i bilan paxtaning O‘zbekistonda mashru‘lashtirilgan ikki narxidagi farqdan hosil bo‘layotgan mablag‘ni to‘plash va ishlatish tartibiga o‘zgartish kiritgani haqida yozdi.

Moliya vazirining 2009 yil 23 fevral kungi 8-sonli buyrug‘iga ko‘ra¸ mamlakatda “Paxta tolasining ichki va haqiqatda sotilgan narxlari o‘rtasidagi ijobiy farq mablag‘larini “Paxtasanoat” hududiy aktsiyadorlik birlashmasining maxsus hisob raqamiga to‘plash va uni ishlatish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlangan.

Eski va yangi tahrirdagi ushbu nizom orqali Toshkent hukumati amalda paxtaning fermerga berilayotgan davlat belgilagan sun‘iy narxi va jahon bozorida valyutaga sotilayotgan narxi o‘rtasida farq borligini qonuniylashtirgan.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlarning aytishicha¸ bu farqning ishlatilishiga yangi buyruqda mohiyatan hech qanday o‘zgarish kiritilmagan. Ular ta‘kidicha¸ bu nizomda so‘z borayotgan mablag‘¸ ya‘ni davlat fermerdan sotib olib¸ so‘ngra jahon bozorida valyutaga qayta sotayotgan paxta narxi o‘rtasidagi farq taxminan 10 barobarni tashkil qiladi:

- Masalan¸ men davlatga bir tonna paxta bersam¸ menga 1 million so‘mdan to‘laydi (taxminan 300 AQSh dollari). Buning 700 ming so‘mi bankdan olgan kreditimni qoplaydi¸ 300 mingini kilosiga 300 so‘mdan qo‘l terimga beramiz. Shunda bir tonna paxtani terdirishga 300 ming beramiz. Jahon bozorida bir tonna paxtani 3000-4000 dollarga sotadigan bo‘lsa¸ oradagi faqt 10 baravar bo‘layapti. Har tonnadan kamida 2500 dollardan qolayapti va qolgani davlat hisobida muzlatildi deyiladida¸ shundoqqina yo‘q bo‘lib ketayapti¸ deydi ismi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘zbek fermerlaridan biri.

Moliya vaziri 2009 yili chiqargan buyruqqa ko‘ra¸ yuzlab million dollarni tashkil etishi chamalanadigan bu “ijobiy farq” “Paxtasanoat” hududiy aktsiyadorlik birlashmasining maxsus hisob raqamiga to‘planadi.

2009 yilgi bu buyruqning joriy yil 30 oktyabr kuni imzolangan yangi tahririda yana soliqqa tortilmaydigan bu ijobiy farqning 50 foizi “paxtachilik fermer xo‘jaliklariga ularning O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari yoxud xizmat ko‘rsatish korxonalari oldidagi kreditorlik qarzini keyinchalik xizmat ko‘rsatish korxonalarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzini so‘ndirish uchun yo‘naltiriladi”¸ deyilgan.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlar esa¸ amalda “ijobiy farq” deb atalayotgan bu millionlab dollarlik mablag‘ fermerning yarim qarzini qoplashga ishlatilmasligi ta‘kidlaydilar:

- Davlat bizdan paxtani arzimagan narxda sotib olgandan keyin¸ biz faqat qarz bilan chiqamiz. Beradigani yonilg‘i¸ ximiya¸ yerni haydatish¸ soliqlarni qoplashga yetmaydi. Arzimagan qandaydir pulni qarzdorlikni yopishga deb dotatsiyaga tushirvoradi tanish-bilish qilib. Dotatsiya degani poraning puli berilayapti¸ degani aslida. Masalan¸ bizning tumanda 600 ta fermer xo‘jaligi bo‘lsa¸ shundan 100-150 tasi yiliga yopilib ketayapti. Shu yopilib ketayotgan xo‘jalik hisobiga tushayotgan pul davlatning o‘zida yo‘q bo‘lib ketadi. Qolganlarga 3-4 million qilib tashlanayotgan dotatsiyani yana neftga¸ ximiyaga¸ bank kreditiga deb qimmat-qimmat hisoblab olib qoladi. Fermer juda haqqini bilsa¸ uning qarzdorligini nari borsa 10-15 foizga yopib berishadi. Qolgani qayerlardadir yo‘q bo‘lib ketadi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan fermerlardan biri.

Mustaqil tahlilchilar¸ O‘zbekistonda paxtachilikning boshdan oxiriga qadar majburiy mehnatga asoslangani¸ davlat bosimi ostida paxta ekishga majburlanayotgan fermerdan to uni yig‘ib olayotgan talaba va davlat xizmatchilariga qadar aynan paxtaning ikki narxi o‘rtasidagi ulkan tavofutni ushlab qolish maqsadida ekspluatatsiya qilinayotganini ta‘kidlaydilar.

Londondagi Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov Ozodlik bilan suhbatda jamoatchilikda orada qolayotgan “ijobiy farq”ning qancha ekani va amalda bu mablag‘ning nimaga sarflanayotganini kuzatish va nazorat qilishning imkoni yo‘qligini aytadi:

- Moliya vazirligi qoshida “Qishloq xo‘jalik fondi” deb atalgan departament bor. Aynan shu fond fermerga paxta uchun qancha to‘lashdan oxirda qancha pulning kimning hisobiga tushishiga qadar belgilab beradi. Selxozfondning Markaziy bankda o‘z hisob raqami bor va paxta eksportidan keladigan daromad ana shu hisobga tushadi. Bu daromadni o‘zlashtirishning turli murakkab mexanizmlari o‘ylab chiqilgan. Jamoatchilik bu hisobga qancha pul tushishiyu bu pullarning qayerga ketishidan mutlaq bexabar. Bu fondni O‘zbekistoning eng tepasida o‘tirgan sanoqli shaxslar nazorat qiladi¸ xolos¸ deydi Alisher Ilhomov.

XS
SM
MD
LG