Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:21

Oddiy fuqaro nimalarga soliq to‘laydi?


Jismoniy shaxslar to‘laydigan soliq turlari qanday? To‘lanadigan soliq miqdori qancha va u qachon to‘lanishi lozim? OzodJavobning navbatdagi sonida ushbu savollar javobini izlaymiz.

Sirdaryolik Nizomjon jismoniy shaxslar to‘lashi lozim bo‘lgan soliq turlari bilan qiziqib savol yo‘lladi:

“Oddiy fuqaro nimalarga soliq to‘lashi kerak? Biz uchastka uyda yashaymiz. Hovlimizni oldida tomorqa yerimiz ham bor. Keyin bir dona Neksiya mashinamiz ham bor. Har yili mahallakomlar kelib soliqlarni to‘langlar deydi. Lekin nimaga, qanchadan soliq to‘lash kerakligini anig‘i bilmayman. Qo‘limizga jami hamma narsa uchun falon so‘m soliq to‘la degan qog‘oz berishadi. Iltimos shularni aniqlab bering”, deyiladi Nizomjon maktubida.

Jismoniy shaxslardan undiriladigan soliq turlari:

1. Daromad solig‘i

2. Mol-mulk solig‘i

3. Yer solig‘i

****

O‘zbekistonda yangi yilning 1 yanvaridan boshlab daromad solig‘i oshiriladi. Prezident qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslarga solinadigan soliq miqdori eng kam oylik ish haqining besh barobarigacha (118400 so‘mdan 592000 so‘mgacha) bo‘lgan daromaddan 8,5 foiz qilib belgilangan. Shu paytgacha, fuqarolar 7,5 foiz daromad solig‘i to‘lab kelgan.

15 dekabrdan boshlab, eng kam ish haqi oyiga 118 400 so‘m qilib belgilandi.

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i shkalasi

592000 so‘mgacha (eng kam ish haqining besh barobarigacha)soliq miqdori 8,5 foiz.
592000 so‘mdan 1184000 so‘mgacha (eng kam ish haqining 5-10 barobarigacha)soliq miqdori 16 foiz.
1184000 so‘mdan yuqori (eng kam ish haqining 10 barobaridan ko‘proq)soliq miqdori 22 foiz.

Amaldagi tartibga ko‘ra, eng kam ish haqining bir barobari (118400 so‘m)gacha miqdordagi daromadlar esa soliqqa tortilmaydi.

****

Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va er soliqlari stavkalari har yili qayta ko‘rib chiqiladi.

Hozirda jismoniy shaxslarga tegishli turar-joylar, kvartiralar, dala hovli qurilmalari, garajlar, boshqa imorat va inshootlar (shaharda joylashmagan va umumiy maydoni 200 kvadrat metrgacha bo‘lgan) uchun olinadigan mol-mulk solig‘i stavkasi 1,2 foiz miqdorida belgilangan.

Shaharda joylashgan turar-joylar va kvartiralar uchun esa ularning umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrgacha bo‘lganda jami inventarizatsiya qiymatiga 1,4 foiz, undan oshganda 1,8 foiz miqdorida mol-mulk solig‘i stavkalari belgilangan.

***

Jismoniy shaxslarning uy-joy yoki avtotransport ijarasidan oladigan daromadlari ham soliqqa tortiladi.

Umumiy maydoni va joylashuvidan kelib chiqib uy-joyning 1 kvadrat metri uchun ijara to‘lovi miqdori:

Toshkent shahrida -3,0 ming so‘m,

Nukus shahri va viloyatlardagi shaharlarda - 2,0 ming so‘m,

Boshqa aholi punktlarida -1,0 ming so‘mni tashkil qiladi.

2014 yildan boshlab, umumiy maydoni va joylashuviga qarab noturar joylarning 1 kvadrat metri uchun:

Toshkent shahrida - 6,0 ming so‘m,

Nukus shahri va viloyatlardagi shaharlarda - 4,0 ming so‘m,

Boshqa aholi punktlarida - 2,0 ming so‘m qilib belgilangan.

Shuningdek, avtotransport vositalari uchun ijara to‘lovining eng kam miqdori yengil avtomobillar, ya‘ni yo‘lovchi, yuk tashish uchun mo‘ljallangan va haydovchi o‘rindig‘ini hisobga olmagan holda 8 ta o‘rindiqqacha bo‘lgan avtotransport vositalari uchun 220 ming so‘m, mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk tashish avtomobillar uchun esa 430 ming so‘m miqdorida soliq to‘lanadi.

Lekin bu stavkalar yangi yilning 1 yanvaridan boshlab yana o‘zgaradi. Hozircha soliq inspektsiyalari yangi stavkalar borasida ma‘lumotlar berilmaganini aytishdi.

Jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘ini yiliga bir marta, har yili 15 oktyabrgacha to‘lanishi lozim.

Soliq kodeksi talablariga muvofiq, mol-mulk va yer soliqlari summasi va uni to‘lash muddatlari ko‘rsatilgan to‘lov xabarnomasi jismoniy shaxslarga davlat soliq xizmati organlari tomonidan har yili 1 maydan kechiktirmay topshiriladi.

Soliq to‘lashdagi imtiyozlar

Amaldagi tartibga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar uchun imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Masalan, ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilari, 1 va 2-guruh nogironlari, yolg‘iz pensionerlar, boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar, yaylovda chorva boqadigan cho‘ponlar va yaylov chorvachiligining boshqa xizmatchilari er solig‘idan ozod qilingan.

Shuningdek, 1 va 2- guruh nogironlari, 10 va undan ko‘p farzandi bor ayollar, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish yoki harbiy xizmat, ichki ishlar organlaridagi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralangan yoki halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda ichki ishlar organlari xodimlari, ularning ota-onalari va bevalari mol-mulki soliqqa tortilmaydi.

Soliq to‘lamaganlik uchun jazo

Amaldagi tartibga ko‘ra, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamagan shaxs javobgarlikka tortiladi. Agar soliqlar 15 oktyabrga qadar to‘lanmasa, muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya hisoblanadi.

Agar fuqaro soliq organi tomonidan soliq qarzini uzish to‘g‘risida talabnoma berilgandan keyin 10 kun ichida qarzini uzmasa, sudga da‘vo arizasi kiritiladi.

Soliq kodeksiga ko‘ra, soliqchilar soliq davri tugaganidan keyin 5 yil ichida soliq to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Buning natijasida soliq besh yildan keyin bo‘lsa ham undirib olinadi.

XS
SM
MD
LG