Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:17

Namangandagi yirik "To‘da dehqon bozori"ning tomi bosib qoldi​


WhatsApp tarmog‘i orqali Ozodlikka yo‘llangan suratda bozorning kiyim-kechak qismi aks etgan
WhatsApp tarmog‘i orqali Ozodlikka yo‘llangan suratda bozorning kiyim-kechak qismi aks etgan

Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari ahli qariyb bir asrdan beri savdo qiladigan yirik "To‘da dehqon bozori"dagi kiyim-kechak rastalarining kattagina qismini tom bosib qoldi. Norasmiy manbalar iddaosicha, hodisada o‘nlab odam jarohat olgan. Norin tuman hokimligi bozorning qulagan qismi zudlikda tiklanayotganini ma‘lum qildi.

Ozodlikka mustaqil manbalar 3 yanvar kuni yo‘llagan xabarlarga ko‘ra, hodisa o‘tgan bozor kuni, odatan, bu bozorda savdo bo‘ladigan chorshanba - 24 dekabrda sodir bo‘lgan.

Uzunligi balandigi qariyb 10 metr, uzunligi 130 metr uzunlikda 4 qator qilib qurilgan bostirma tomi savdo ayni qizigan paytda – mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 10 ga yaqin sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Norasmiy manbalar iddaosicha, hodisada o‘nlab odam jarohat olgan.

Tom qulashiga guvoh bo‘lgan norinlik savdogarlardan biridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bir kishi olingan jarohatlardan voqea joyida nobud bo‘lgan, o‘nlab odam esa umurtqa suyagi sinishi, bosh jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan:

"20 tacha Damas bozor bilan Namangan shahriga qatnadi o‘sha kuni. O‘zingiz o‘ylang, bozor avji qiziganda tom bosib qoldi. Jarohat olganlar ko‘p bo‘ldi rosa. Bittasi o‘sha yerda nobud bo‘ldi. Odamlar nafasini tekshirsa, o‘sha paytdayoq o‘lib bo‘lgan ekan", dedi Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan tadbirkor.

Ozodlik tadbirkordan olingan bu ma‘lumotlarni hozircha boshqa biror mustaqil manbadan tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lmadi.

Norin tuman hokimligi rasmiysi "To‘da dehqon bozori"da halokat bo‘lganini inkor qilmadi, ammo bu borada qo‘shimcha ma‘lumot berishni istamadi. Uning aytishicha, hozir bozorning qulagan qismi zudlikda tiklanmoqda va kelgusi bozor – ya‘ni, kelgusi haftaning chorshanba kuniga qadar bozor ishi to‘liq tiklanadi.

Hozircha, bozor tomi qulashiga nima sabab bo‘lgani haqida aniq ma‘lumot yo‘q. Ammo, Ozodlik manbalari bergan ma‘lumotga ko‘ra, “"To‘da dehqon bozori"da bunday halokat bo‘lishi avvaldan kutilgan edi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda norinlik savdogar 130 metr uzunlikda bir-biriga zich tirab qurilgan bostirmani ushlab turgan ustunlar juda ingicha trubalardan qurilgani, uning ustiga yopilgan tom esa yog‘ingarchilik paytida og‘irlashib qolishi kuzatilganini aytmoqda:

"Navesni ushlab turgan trubalar, armaturalar ingichka-ingichka edi-da. Qor bosganda, hammani yuragini vahima bosib turardi, mana hozir bosib qoladi, degan. Bozorni kattalari ham bilardi, lekin chora ko‘rmasdi", deb iddao qildi norinlik tadbirkor.

Bunga qadar qalin qor yoki kuchli yomg‘ir yoqqan kezlarda savdogarlar tom bosib qolishidan xavotir qilib, bozor ma‘muriyati ko‘p bor arz qilgani, ammo, ma‘muriyat bu shikoyatlarni javobsiz qoldirib kelgani ham da‘vo qilinmoqda.

Ozodlikka hodisa kunidan yo‘llangan suratlarda, darhiqaqat, og‘ir yuk - savdoga qo‘yilgan kiyim-kechaklar osilgan bostirmani tutib turgan tayanchning ancha nozik bo‘lgani ko‘rinadi.

Ozodlik tadbirkorlarning odamlar hayotini havfga qo‘ygan bu nosozlik haqidagi arziga biror rasmiy tashkilotdan izoh olishga hanuz muvaffaq bo‘lmadi.

Namanganlik yana bir tadbirkorning aytishicha, Norin tumani To‘da qishlog‘ida joylashgan "To‘da dehqon bozori" aslida salkam bir asrlik eski, gavjum bozorlardan biridir.

"Otam 98 yoshga kirdi va u kishi aytadilar, bu "To‘da" bozor men esimni taniganda ham shunaqa gavjum edi, deb. Bu yog‘i Namangan shahridan tushib keladi odamlar. U yog‘i Chinobod tumani orqali va Qoradaryoning shundoqqina narigi tarafidan Andijondan odam keladi. Farg‘onadan keladi odam. Bu bozorning joylashuvi qulay, keyin narxlari arzon. Muhimi, tartib borda bu bozorda. Sigaret bitta joyda, sholg‘om bitta joyda, latta-putta bitta joyda - qidirib yurmaysiz", deya "To‘da dehqon bozori"ga ta‘rif berdi ismini oshkor qilmayotganimiz namanganlik tadbirkor.

Ayni paytda Ozodlik mushtariylardan kelgan va qisman rasmiy tasdig‘ini topgan bu xabarga oid qo‘shimcha tafsilotlarni o‘rganishda davom etmoqda.

Bilganlaringiz bo‘lsa, Ozodlik mushtariylari bilan o‘rtoqlashing!

XS
SM
MD
LG