Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:40

"Ekstremizm bilan kurashda satira bombadan kuchli!"


Yosh o‘zbek karikaturachisi Jasur Rahimov birinchilardan bo‘lib frantsuz satirik jurnaliga qilingan hujumni qoralab chiqdi.
Yosh o‘zbek karikaturachisi Jasur Rahimov birinchilardan bo‘lib frantsuz satirik jurnaliga qilingan hujumni qoralab chiqdi.

"Men Sharliman" degan ëzuvni o‘z logosiga aylantirgan so‘z va ifoda erkinligi tarafdorlari orasida o‘zbekistonlik ijodkor va jurnalistlar ham bor. Ozodlik bilan suhbatda ular islomiy radikallarning jurnalist va rassomlarga qilgan qonli hujumini "vahshiylik va mutaassiblik" namunasi deb atashdi.

Charlie Hebdo fransuz hajviy jurnali xodimlarining o‘ldirilishiga munosabat bildirgan ko‘pchilik internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda "Je Suis Charlie"- "Men Sharliman" degan yozuvlarni qoldirishdi.

Ular orasida yosh o‘zbek hajvchi rassomlari ham bor. Ulardan biri Facebookdagi Uzbekistan Illustrated sahifasi rassomi do‘ppi kiygan o‘zbek rasmini chizib yoniga “Men Sharliman. Bandalik¸ xudo rahmat qilsin” deb yozib qo‘ydi.

Jasur Rahimovning Charlie Hebdo satirik jurnaliga qarshi qilingan hujumga munosabati aks etgan karikaturasi.
Jasur Rahimovning Charlie Hebdo satirik jurnaliga qarshi qilingan hujumga munosabati aks etgan karikaturasi.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistondagi “Mushtum” satirik jurnali rassomlari ham Parijdagi karikaturachilarga bo‘lgan hujumni qoralashdi.

- Biz bu hujumni qoralaymiz. Hamkasblarimiz bo‘lgan rassomlarining beshafqat qatl qilinganni eshitib ta‘sirlandik. Biz ham buni qoralab rasm chizmoqchi edik¸ ammo izn berishmadi. Shu bois sizga ismimizni aytmasdan suhbat berayapmiz¸ deyishdi O‘zbekistondagi “Mushtum” jurnali bilan hamkorlik qiladigan rassomlar.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu rassomlar hajviy rasmlarda diniy¸ siyosiy va ijtimoiy mavzularga taqiq qo‘yilganidan xavotir bildirishdi:

- Masalan¸ ilgari “Mushtum” jurnalida mullalar tanqid qilinar edi. Mana qo‘limda “Mushtumning” eski soni. Unda Alijon Xoliqov chizgan karikaturaga e‘tibor bering. Ko‘rpachada mulla yonboshlab yotib¸ TV da figurali uchishni tomosha qilyapti. Oldida noz-ne‘mat to‘la dasturxon. Karikatura tagida esa “Jannatda ham topilmaydi bu chog‘lar" deb yozilgan. Hozir bunga o‘xshagan karikaturani chizsak¸ bizni eng kamida kaltaklab ketishsa kerak¸ deydi ismi aytilishini istamagan o‘zbek rassomlaridan biri.

Taniqli o‘zbek shoiri Rifat Gumirev Ozodlik bilan suhbatda Charlie Hebdo fransuz hajviy jurnali xodimlarining o‘ldirilishini fojia deb atadi:

- Rassomlarning o‘ldirilishini o‘z fojiam kabi qabul qildim. Men umuman qotillikni qoralayman. Har doim va hamma yerda. Bu terror amaliyoti nafaqat G‘arb dunyosi¸ balki musulmon olamiga ham katta ziyon keltiradi. Islomni diskreditatsiya qildi¸ obro‘sizlantirdi. Rassomlarni o‘ldirganlarni esa musulmon emas¸ balki radikal mutaasiblar deb bilaman. Jinoyatchi bu jinoyatchidir. Ularni musulmon desak haqqimiz ketadi¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda suhbatdosh dunyo ijodkorlarini musulmonlar hassosiyatini hisobga olishga ham chorladi:

- Men dunyodagi ijodkor hamksablarimning donishmand bo‘lishini istar edim. Ijodkor kishi elga ziyo¸ ezgulik va muhabbat eltadi. Ijodkor odamlarni gij-gijlamaydi¸ ularni kamsitib o‘zgalarning sig‘inoqlarini toptamasligi kerak¸ deb bilaman. Demokratiya va erkinlik degani hali o‘zboshimchalik va anarxiya degani emas. Mening erkinligim va mustaqilligim boshqa odamning erkinligi va mustaqilligi boshlangan joyda tugaydi¸ deydi Rifat Gumirev.

O‘zbekistonlik jurnalist Galima Buxorboyeva Rifat Gumirevning fikrlariga qo‘shilmaydi:

- Ijodkorning erkinligi boshlangan joyda ekstremistlar erkinligi tugaydi¸ o‘ylayman. Bu islomchilarga tik qarab turib ularning puch mag‘zi ustidan qah-qah otib kulish zarur deb bilaman. Agar barcha rassomlar Rifat aytgandek donishmand bo‘lib¸ qo‘liga mo‘yqalam olishidan avval qaysidir ekstremistni xafa qilmay¸ deb o‘ylab boshlasa san‘at erkinligi qayga ketadi¸ deya savol qo‘yadi suhbatdosh.

O‘zbekistonlik fotorassom Vladimir Dubrovskiy esa rassom o‘z vijdoni buyurgan darajada diniy e‘tiqodga hurmat bilan qarashi zarur degan gapni aytadi:

- Darrov aytib qo‘yay¸ men fransuz rassomlarining o‘ldirilishini qoralayman. Lekin men ular qilgan ishni qilmagan bo‘lar edim. Men O‘zbekistondagi qadamjolar va masjidlarda surat tushirsam¸ o‘sha yerdagi dindorlardan izn so‘rayman. Ularga niyatim nimadaligini ochiq-oydin aytaman. Ana shundan keyingina ko‘nglim xotirjam bo‘lib¸ ularni suratga olman. Mening ijod erkinligim o‘lchovini vijdonim belgilaydi. Shu ma‘noda Parijdagi karikaturachilar sal quyushqondan chiqdi¸ deb o‘ylayman¸ deydi suhbatdosh.

Galima Buxorboyeva esa Parijdagi rassomlar mahorat bilan diniy radikallarni nishonga oldi¸ degan fikrda sobit:

- Fransuz jurnali bu kallakesar varvarlarga nisbatan juda to‘g‘ri munosabatda bo‘ldi. Jurnal ularni jiddiy olib o‘tirmasdan hajv qildi. Ustidan kuldi¸ mazax qildi. Agar siz bu radikallarni bombalasangiz¸ ularga jiddiy yondoshgan bo‘lasiz. Ammo ular bombaga emas¸ mazax qilinishga loyiqdirlar. Ularga satira bombadan ham kuchli ta‘sir qiladi. Kulgi ularning jon-jonidan o‘tib ketadi¸ deydi o‘zbekistonlik jurnalist.

Galima Buxorboyeva Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek musulmonlarining ham tanqidga chidamsizligi va muloqot olib borishga yaroqsizligini alohida ta‘kidlaydi:

- Uznews.net nashri hali yopilmagan paytda mabodo diniy mavzuga sal teginib ketib savol bersam, dashnomlar ostida qolib ketar edim. Agar bugun Uznews.net ochiq bo‘lganida men hech ikkilanmasdan fransuz jurnali e‘lon qilgan Muhammad payg‘ambar hajv etilgan karikaturalarni e‘lon qilgan bo‘lar edim. Nafaqat ular bilan birdamligim uchun¸ balki bu karikaturalarni yumorning mukammal o‘rnagi deb bilganim uchun ham e‘lon qilgan bo‘lar edim. Men Rim Papasi yoki Muhammadning ustidan kulmaslik kerak¸ degan gapga qo‘shilmayman¸ deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG