Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:56

Toshkentlik Sardor Moskva sahnasini zabt qildi​


O‘zbekistonlik xonanda Sardor Milano.
O‘zbekistonlik xonanda Sardor Milano.

O‘zbekistonlik 23 yashar Sardor Milano taxallusli Sardor Eshmuhammedov Rossiyaning "Glavnaya ssena" loyihasining 30 yanvar sonida qatnashdi va Andrea Bocelli va Sarah Brightman ijrosidagi "Time To Say Goodbye" qo‘shig‘ini shu ikki xonanda ovoziga monand ravishda kuylab hakamlarni lol qoldirdi.

Hakamlardan biri afsonaviy pop qo‘shiqchi¸ asli toshkentlik Yuriy Antonov Sardor Eshmuhammedovni O‘zbekiston yetishtirgan navbatdagi san‘at geniysi deb atadi:

- Men bir toshkentlik sifatida bu yigitning mukammal ijrosini tik turib e‘tirof qilmoqchiman. O‘zbekiston daho san‘atkorlardan yana birini yetishtirdi. Ofarin¸ dedi Yuriy Antonov.

Sardor Eshmuhammedov kontsertdan keyingi Ozodlik bilan ilk qisqa suhbatda bunday e‘tirofni kutmagani va O‘zbekistonni tamsil qilganidan baxtiyor ekanligini aytdi:

- Men "X-faktor"ning Rossiya talqini "Glavnaya ssena" loyihasida 488-raqam bilan ishtirok etib¸ bunday g‘alabaga erishganimdan va Rossiyada O‘zbekiston nomining mag‘rur jaranglashiga sabab bo‘lganimdan baxtiyorman. To‘g‘risi bunday g‘alabani kutmagan edim¸ dedi.

Sardor Milano
Sardor Milano

Sardor Milano 10 fevral kuni Ozodlik muxbiri bilan batafsil suhbatlashib¸ savollarga javob berdi. Ko‘pchilik o‘zbekistonliklarni qiziqtirayotgan "Nega Eshmuhammedov degan familiyani Milanoga o‘zgartirtirdingiz?" degan savolgan Sardor kulib javob berdi:

- Eshmuhammedov mening haqiqiy familiyam. Milano esa onam familiyasining interpretatsiyasidir. Onamning familiyasi Milovanova. Men uni qisqartirib Milano qildim. Bu birinchi sabab. Ikkinchi sabab esa mening klassik musiqaga muhabbatim bilan bog‘liq. Aynan Milan shahrida La Skala teatri mavjud. La Skalada qo‘shiq aytish mening asosiy orzuimdir. Asosan¸ shu orzuim bois Milano taxallusini tanladim¸ pasportimda esa Eshmuhammedov turibdi.

Ozodlik: Siz “o‘zbek poetik kinosi” degan tushunchaga asos solgan taniqli kinochi Elyor Eshmuhammedovning nevarasi bo‘lasiz. Shu ma‘noda bobo izidan ketmay¸ klassik musiqani tanlaganingizni izohlab bermaysizmi?

- Men Elyor Muhitdinovich Eshmuhammedovning nevarasi ekanligimdan g‘ururlanaman. Savol javobiga kelsam. Men hali uch yoshimda mulьtfilьm o‘rniga klassik musiqa kliplarini ko‘rar edim. Maykl Jeksonning jonli kontsertlariyu Queen kabi afsonaviy guruhlar kliplarini oshig‘ich mushtoqlik bilan tinglar edim. Ota-onam mening jiddiy musiqaga qiziqishimni bilganidan keyin menga musiqa bilan jiddiy shug‘ullanish imkonini yaratib berishdi. Olti yoshimdan beri mening hayotim to‘laligicha musiqaga bag‘ishlangan. To‘laligicha fido qilindi, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Ozodlik: Sizning hikoyangiz menga Robertino Loretti¸ Muslim Magamayev va Botir Zokirovlarni eslatmoqda. yoshlikdan klassik musiqaga qiziqish va ayni paytda klassik musiqa uyg‘unligidagi zamonaviy ijro. Qarang sizni kimlar qatoriga qo‘ydim. Avans deb qabul qilavering endi.

- Mening ismimni siz aytgan afsonaviy shaxsiyatlar Robertino Loretti¸ Muslim Magamayev va Botir Zokirovlar bilan yonma-qo‘yilishiga hali erta deb bilaman. Ular klasssik ijro komillari edilar. Men bo‘lsam hali talabaman. 2010 yildan Moskvadagi “Gnesinix” nomli Rossiya musiqiy akdemiyasida o‘qiyapman. Estrada-jaz bo‘limida o‘qiyapman. Men estrada¸ jaz va pop musiqani birvarakayiga eplaydigan universal qo‘shiqchi bo‘lishga urinayapman. Lekin keyingi paytda meni klassik ijro o‘ziga maftun qilmoqda. Tushlarimda italьyancha kuylab chiqaman. Shu kunlarda meni Vena konservatoriyasiga taklif qilishdi. Eshitib ko‘raylik deb. Akademik vokal bo‘yicha bo‘sh o‘rin bor ekan. Nasib qilsa men ham Muyassar Razzoqova¸ Ismoyil Jalilov kabi o‘zbek opera hofizlari izidan boraman. O‘zbekistonni hozir popsa stilidagi yengil musiqa ishg‘ol qilgan. Koshki klassik musiqa ham rivojlansa¸ degan umidim bor. Shu o‘rinda Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarini folk-pop ramkasidan chiqib ulug‘lik kasb qilgan buyuk klassik musiqa ijrochisi¸ deb hisoblashimni qo‘shib qo‘ymoqchi edim.

Ozodlik: Sardor¸ siz ko‘z o‘ngimizda Moskvani zabt qildingiz. Garchi bobomiz Amir Temur Moskvani zabt qilishni o‘ziga ep ko‘rmagan bo‘lsa ham bugun Moskva shou-biznesi panjasiga panja urish oson emas. Shu ma‘noda siz o‘zingizni o‘zbek ijodkori deb bilasizmi yoki rus-umumbashar kosmopolit voqelikmisiz?

- Qiziq savol bo‘ldi. Ijodkorlar faqat bir mamlakatga emas, balki bashariyatga mansubdir. Mening vazifam dunyodagi maksimal katta auditoriyaga o‘z ijodimni yetkazish. Buning barobarida men o‘zbek tuprog‘ida tug‘ilganimdan mag‘rurligimni ta‘kidlashni istar edim. Aynan quyoshli Toshkent mening vatanimdir. Men o‘zbekligimdan va o‘zbek traditsiyalari asosida tarbiya topganimdan minnatdorman. Ota-onam¸ bobom menga o‘zbekona odob-axloq qadriyatlarini sindirishdi. Bu menga hayotda faqat yordam berdi.

Ozodlik: Moskva bomonti orasida oshig‘ich hurmatga sazovor o‘zbeklar ko‘p. Rustam Hamdamov¸ Shavkat Abdusalomov¸ Ali Hamroyev kabi Moskva san‘at olimpida "ustoz" degan maqomga noil bo‘lgan san‘atkorlarni nazarda tutayapman. Ular “Tvorcheskiye uzbeki” degan qatlam mansublari. Ammo bular qatorida millionlab o‘zbek mardikori ham bor. Ko‘p hollarda Rossiya aholisi o‘zbek mardikorlariga tahqiromuz qaraydi. Siz ko‘cha- ko‘yda o‘zbek qondoshlaringizni zabun ahvolini ko‘rganda nimani his qilasiz?

- Men o‘z millatdoshlarimning tahqirlanganini hali ko‘rmadim. Aksincha¸ ko‘pchilik ruslarning o‘zbeklarga yaxshi munosbatda bo‘lganiga guvohman. Men o‘zim besh yildan beri Moskvadaman¸ lekin hali taqirboshlar hujumiga uchramadim. Agar o‘zbeklar bo‘lmaganida¸ Moskva axlatga botgan va restoranu oshxonalardagi taomlarning mazasi qochgan bo‘lar edi. O‘zbeklar bu ishlarni o‘z sharafli mehnati bilan sitqidildan ado qilmoqda.

Uzbekistan - Uzbek singer Sardor Milano
Uzbekistan - Uzbek singer Sardor Milano

Ozodlik: Sizdan sal oldin Rossiyadagi “Golos” loyihasida asli o‘zbekistonlik Nargiz Zokirova g‘olib bo‘lgan edi. Sizning g‘alabangizni olqishlagan o‘zbek yoshlari Nargizaning tashqi ko‘rinishi¸ badaniga chizgan tatulari bois sovuq munosabatda bo‘lishdi. Tashqi qiyofasi¸ jinsiy oriyentatsiyasi bois yuzaga chiqadigan toqatsizlikka munosabat bildirsangiz?

- Toqatsizlik. Mening fikrim shuki¸ biz odamlar kimnidir tashqi qiyofasi bois kamsitishga haqiimiz yo‘q. Bunga haqsizman¸ deb bilaman. Yaratgan irodasi bilan odamlar turlidir. Bu turlilikka toqatli munosabat zarur deb bilaman. Ertaga qiyomat kunida har kim o‘zi uchun javob beradi.

Ozodlik: Siz o‘zingizni toat-ibodatli mo‘min-musulmon deb bilasizmi?

- Alhamdulilloh musulmonman. Islom nimani talab qilsa¸ butkul itoat qilaman.

Ozodlik: Hakamlardan biri afsonaviy pop qo‘shiqchi¸ asli toshkentlik Yuriy Antonov sizni O‘zbekiston yetishtirgan navbatdagi san‘at dahosi deb aytdi. Bu e‘tirof zaminida hamyurtlik sevgisi ham bor. Shu ma‘noda nima deb o‘ylaysiz? Men hamyurtlar qo‘llovini nazarda tutayapman.

- Men konsert paytida barcha o‘zbeklarning qo‘llovini butun hujayralarim bilan his qilib turdim. Antonovning e‘tirofi esa bunga ilova bo‘ldi. Mening ilk qo‘shig‘im “O‘zbek bolasi” deb atalgan va O‘zbekistonda ijro qilgan edim. Bugun men ya‘ni o‘zbek bolasi¸ o‘zbeklar qo‘llovi bois Moskva shou-biznes osmonida yulduz bo‘lib chaqnasam¸ albatta¸ el yurtimdan minnatdor bo‘laman. Ba‘zan yulduz bir charaqlab so‘nadi. Koshki men so‘nmasam. Shuni orzu qilaman. Bugun O‘zbekistonga qaxramonlar kerak. Shu bois men sizlar uchun o‘zimning “The Hero” (qaxramon) degan qo‘shig‘imni kuylab beraman.

Bu qo‘shiq quyoshli zamin O‘zbekistondagi Ozodlik tinglovchilariga mening sovg‘am bo‘lsin.

Сардор Милано билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:52 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG