Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:59

O‘zbekistonda diniy ayblov bilan qamalganlar amnistiya qilinmoqda​


Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 22 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiyaga ko‘ra, avvalgi afvlardan farqli o‘laroq, diniy ayblov bilan qamalgan mahkumlar ham guruh-guruh ozod qilinmoqda.

O‘zbekiston yaqin tarixida diniy ayblov bilan qamalgan mahkumlarning guruh-guruh bo‘lib ozod qilinishi esa ilk bor kuzatilmoqda.

Olmaliq shahri yaqinidagi 64/45 sonli jazoni o‘tash muassasasidan amnistiyaga ko‘ra ozod bo‘lgan mahkumlardan birining mikrofonsiz suhbatda Ozodlikka aytishicha, 11 fevralь kuni diniy ayblovlar bilan qamalganlardan 12 kishi birdaniga ozod qilingan:

“Men ham 244-modda bilan 7 yilga qamalgan edim. Shundan olti yilini o‘tirdim. Amnistiyaga tushganligimni eshitgan kunimdan buyon uxlolmadim. Chiqadigan kunimiz 2000 aristonni to‘plab, bizni gapirtirishdi. Biz amnistiyaga, prezidentga rahmatlar aytdik. To‘g‘risi, biz odatdagidek, diniy ayblov bilan qamalganlar amnistiyaga tushmaydi, deb o‘ylagan edik. O‘zbekiston televideniyesi kechirimlarimizni videoga oldi", deydi sobiq mahkum.

Suhbatdoshga ko‘ra, qamoqxonadan ozod etilgan 12 mahkum darhol o‘z viloyatlariga qo‘riqchilar hamrohligida yuborilgan:

“Bizni konvoy to‘g‘ri UVDga olib keldi. U yerda biz bilan yana suhbat o‘tkazildi. Bir yil davomida qattiq uchyotda turamiz ekan. Yana bizga 700 ming so‘mdan moddiy yordam va navbatsiz biometrik pasport olish imkonimiz borligini ham aytishdi. Shundan so‘ng, uyga javob berishdi”, deydi Olmaliq qamoqxonasidan ozod bo‘lgan mahkumlardan biri.

Suhbatdosh qamoqxonada diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlarga munosabat boshqacha ekanligini aytadi:

“To‘g‘risi, qamoqxonada diniy ayblovlar bilan qamalganlarga munosabat yaxshi emas. Agar u yerda "birodarlar guruhi"ga qo‘shilmasangiz¸ sizga tazyiq bo‘lmaydi. Aks holda, og‘ir kunlar boshingizga tushadi”, deydi sobiq mahkum.

O‘zbekiston qamoqxonalaridan diniy ayblovlar bilan qamalib amnistiyaga tushgan mahkumlarning guruh-guruh bo‘lib ozod etilayotganini 11 fevral kuni afv etilgan taniqli sport sharhlovchisi va diniy voiz Xayrulla Hamidov ham tasdiqlaydi:

“Chirchiq shahridagi oltinchi jazoni o‘tash muassasasidan diniy-ekstremistik oqimlarga aloqadorlikda ayblanib qamalgan 16 nafar mahkum men bilan birgalikda afv qilindi”, dedi Xayrulla Hamidov.

O‘zbekistonda diniy ayblovlar bilan qamalganlar monitoringi bilan shug‘ullanadigan Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov bu yilgi amnistiyada diniy ayblovlar bilan qamalganlar orasida ozod qilinganlar haqiqatan ham ko‘pligini aytadi:

“Kecha menga ham ko‘pchilik telefon qilib yaqinlari amnistiyaga tushgani va chiqarilayotgani haqida gapirdi. Hozircha ularning sonini aniqlashning imkoni yo‘q. Lekin avvalgi amnistiyalarga nisbatan ancha ko‘paygani aniq. Bu saylovoldi tadbirmi yoki hukumatning o‘zida qanaqadir o‘zgarishlar bo‘layaptimi, bu haqda hozircha hech narsa deya olmayman”, dedi Sur‘at Ikromov.

Huquq himoyachisi faqat kechirim so‘ragan va boshqa hech qanday diniy guruhlarga qo‘shilmasligi haqida tilxat yozib bergan mahkumlargina amnistiyaga tushganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 16- yalpi majlisida mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 22 yilligi munosabati bilan qabul qilingan “Amnistiya to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, ilk bor jinoyat sodir qilgan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlat fuqarolari jazodan ozod qilinadi.

Ayni paytda siyosiy qarashlari uchun qamalgan mahkumlarga nisbatan amnistiya qo‘llanilmayotgani aytiladi.

21 yildan buyon qamoqda qolayotgan siyosiy mahbus, sobiq parlament deputati Murod Jo‘rayevning xotini Xolbeka opa, erining ozodlikka chiqarilishiga nisbatan umidi so‘nib boraëtganini aytadi:

- Kecha Xayrulla Hamidov ozodlikka chiqdi deb eshitganimda¸ rosa quvondim. Ey Xudo, biznikilar qachon chiqadi dedim. Shuncha yil amnistiyalar bo‘ldi, Murod akam tushmadilar, endi bu yog‘iga ham tushmasa kerak¸ deb o‘zimni o‘zim ko‘niktirdim. Endi muddati tugab chiqish kunlariga ham raskurutka qilmasalar bo‘ldi, deb Xudoga yolvorib turibman, deydi Xolbeka opa.

Xalqaro va Markaziy Osiyodagi huquq tashkilotlari rasmiy Toshkentni siyosiy qarashlari uchun qamalganlarni ozod qilishga chaqirib keladi.

Jumladan, Xalqaro Amnistiya tashkiloti so‘nggi bayonotida Dilorom Abduqodirova, A‘zam Farmonov, Murod Jo‘rayev, Muhammad Bekjon va Erkin Musayevlarni ozod qilishga da‘vat etgan.

XS
SM
MD
LG