Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:19

Karimov o‘z tengdoshlari – chol-kampirlarni turli klublarga jalb qilmoqchi​


Islom Karimov lazgiga raqsga tushmoqda.
Islom Karimov lazgiga raqsga tushmoqda.

O‘zbekiston prezidenti 18 fevral kuni “Keksalarni e‘zozlash yili” davlat dasturi to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.

Muqaddimasida aytilishicha, mazkur hujjat “Keksalarning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma‘naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish..., shuningdek, 2015 yilning “Keksalarni e‘zozlash yili” deb e‘lon qilinishi munosabati bilan” qabul qilingan.

Mavhum vazifalar

Qarorning asosiy qismida "Keksalarni e‘zozlash yili" Davlat dasturini amalga oshirishning ustuvor vazifa va yo‘nalishlari belgilab qo‘yilganki, ular muqaddimadagi gaplarning biroz kengaytirilgan varianti, xolos.

Masalan, qarorning dastlabki bandida “keksalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va e‘tiborni kuchaytirish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me‘yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, pensiya ta‘minoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yoshi ulug‘ insonlarga davlat xizmatlari, shu jumladan, turli ma‘lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olish xizmatlari ko‘rsatishning eng qulay tizimini shakllantirish” vazifasi belgilab qo‘yilgan.

Izlab topilgan konkretika

Qarordagi umumiy va mavhum, masalan, “oila va jamiyatda yoshi ulug‘ insonlarning o‘rni va obro‘sini oshirish, bolalar va yoshlarni ota-onalarni, har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, e‘zozlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tuyg‘usi ruhida tarbiyalash bo‘yicha aniq tadbirlarni amalga oshirish” kabi gaplar orasidan zo‘r ishtiyoq va hukumatga xayrihohlik bilan izlagan odam konkretika ham topishi mumkin.

Masalan, “turli ma‘lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olish xizmatlari ko‘rsatishning eng qulay tizimini shakllantirish”, “faxriylar va yoshi ulug‘ insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish” kabi.

Keksalar uchun sport maydonchalari?

O‘zbekiston prezidenti qarori og‘ishmay bajarilguday bo‘lsa, bu yil joylarda keksalar klublari, ular uchun sport maydonchalari paydo bo‘lishini kutish mumkin.

Hujjatda, jumladan bunday deyilgan: “…keksalarning hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, bunda ular uchun tuman va mahallalarda muloqot markazlari, qiziqishi bo‘yicha klublar tashkil etishga alohida e‘tibor qaratish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish…”

Pul ketmaydigan davlat dasturi

Shunisi qiziqki, 18 fevral kuni imzolangan “Keksalarni e‘zozlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish uchun davlat byudjetidan qancha mablag‘ ajratilishi aytilmagan.

Hujjatga ko‘ra, qanchaligi noma‘lum mablag‘ byudjetdan tashqari manbalar hisobidan ajratiladi: “keksalar, avvalambor, fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba va Vatanimizni qayta tiklashga munosib hissa qo‘shgan 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, yoshi ulug‘ insonlar, birinchi navbatda, yolg‘iz qariyalar va nogironlarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish, ularni farovon va munosib turmush sharoitlari bilan ta‘minlash uchun mahallalar, "Nuroniy" jamg‘armasi, boshqa nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy tuzilmalar tomonidan moddiy va ma‘naviy qo‘llab-quvvatlash miqyosini oshirish” nazarda tutilgan prezident qarorida.

PR dasturlar

Ma‘lumki, har qanday davlat dasturi unda nazarda tutilgan sohada tub burilish yasash uchun qabul qilinadi.

Har qanday tub islohot esa, qarorlarda “oshirish, kuchaytirish, takomillashtirish, kengaytirish, yangi bosqichga ko‘tarish, qo‘llab-quvvatlash” kabi so‘zlarni ishlatish bilangina amalga oshib qolmaydi.

Har qanday tub islohotni amalga oshirish uchun davlat sarf-harajatlarni hisoblab chiqishi, islohot o‘tkazilishi rejalashtirilgan yil byudjetining chiqimlar qismida o‘sha harajatlar nazarda tutilishi, buning uchun hukumat bu yo‘nalishda kamida bir yil oldin bosh qotirishni boshlashi kerak.

Faqat O‘zbekistonda bunday emas. Masalan, O‘zbekistonning 2015 yil uchun davlat byudjeti 2014ning noyabrida qabul qilingan.

O‘zbekiston prezidenti “Keksalarni e‘zozlash yili” davlat dasturi to‘g‘risidagi qarorini davlat byudjeti qabul qilinganidan qariyb 3 oydan so‘ng - 18 fevral kuni imzoladi.

Har majlisda shu bo‘lar takror...

O‘zbekistonda, aslida har yili shunday. Prezident har yili Konstitutsiya kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan yig‘ilishda kelasi yil qanday nomlanishini e‘lon qilmaguncha, bu haqda hech kim, hatto bosh vazir ham bilmaydi. Natijada yangi yilning yanvar yo fevralida “oshirish, kuchaytirish, takomillashtirish, kengaytirish, yangi bosqichga ko‘tarish, qo‘llab-quvvatlash” kabi so‘zlardan iborat piar hujjat paydo bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG