Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 11:01

Qirg‘iz maxsus xizmati Markaziy Osiyoda ID kuchayayotganidan ogohlantirdi​


Qirg‘iziston rasmiylari keyingi paytlarda "Islomiy davlat" safiga qo‘shilayotganlar ko‘payayotganidan ogohlantirmoqda.
Qirg‘iziston rasmiylari keyingi paytlarda "Islomiy davlat" safiga qo‘shilayotganlar ko‘payayotganidan ogohlantirmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga (MXDQ) ko‘ra, “Islomiy davlat” guruhi kabi radikal tashkilotlar mamlakat janubi va O‘zbekistonning Andijon viloyatida ildiz otmoqda. MXDQ matbuot kotibi Raxat Sulaymanov yil boshida terrorchilikda gumon qilinayotgan bir necha shaxs qo‘lga olinganini bildirdi.

Rossiya hukumatiga doir “Rossiyskaya gazeta” nashri uyushtirgan davra suhbatida Sulaymanov qo‘lga olinganlarning barchasi turli yo‘llar bilan Suriyadan kelganini ta‘kidladi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining xabar berishicha, MXDQ 27 fevral kuni O‘sh shahrida Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududida terror harakatlarini rejalashtirishda gumonlanayotgan olti shaxsni qo‘lga olgan. Xabarda aytilishicha, qo‘lga olinganlarning to‘rt nafari Suriyada harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

Sulaymanovning aytishicha, qo‘lga olinganlarning maqsadi “fuqarolarimizni “Islomiy davlat” safiga jalb qilish bo‘lgan. Lekin ularning asosiy maqsadi Andijon viloyatidagi O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati binosini portlatish bo‘lgan. Jangarilarning biri bo‘lajak xudkush bombachi edi”.

Yanvarь oyi davomida terrorchilikda gumonlanuvchi bir qancha shaxs qo‘lga olindi. Bular orasida beshta qarindoshini Suriyaga yuborgan 29 yoshli erkak va Suriyada to‘rt oy muddat yurganlikda ayblanayotgan 22 yoshli fuqaro bor.

Sulaymanov terrorchilikda gumonlanayotgan yana 36 shaxs qo‘lga olinganini qo‘shimcha qildi.

“Ular Suriyada maxsus harbiy tayyorgarlikdan o‘tishgan. So‘ngra Qirg‘izistonga qaytib kelib, faol ish boshlashgan”, dedi MXDQ matbuot kotibi.

Sulaymanovga ko‘ra, gumonlanuvchilar zo‘ravonlik qilib, odamlardan pul undirishgan. Shu yo‘l bilan to‘plagan mablag‘larining bir qismini Suriyaga yuborib, qolganini Qirg‘izistonda odamlarni yollashga sarflashgan.

Sulaymanov yana MXDQ katta miqdordagi qurol va o‘q-dori topganini, bu esa o‘z navbatida Farg‘ona vodiysi “radikal kuchlarining e‘tiborini borgan sari ko‘proq tortayotganidan dalolat berishini” aytdi.

Ba‘zi tahlilchilarning aytishicha, nazoratni kuchaytirish uchun qirg‘iz rasmiylari “Islomiy Davlat xavfini” bo‘rttirib ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin.

Britaniyada joylashgan Ekseter universiteti tahlilchisi Eduard Lemon Eurasianet.org saytida e‘lon qilingan maqolasida MXDQning “Islomiy davlat” tug‘dirayotgan xavf haqidagi iddaolarini tasdiqlaydigan “dalillar juda kam”, deb yozdi.

“Markaziy Osiyoda “Islomiy davlat” haqida gapirib, vahima uyg‘otish va shu orqali e‘ribor qozonish keng tus olib bormoqda”, deb yozdi Lemon. Tahlilchi bunga misol sifatida qirg‘izistonlik dinshunos Qodir Malikovning “Islomiy davlat” guruhi Markaziy Osiyoda qator terror xurujlari amalga oshirish uchun 70 million dollar ajratgani haqidagigi iddaosini keltirdi. Lemon dinshunos o‘z gapini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmagani haqida yozdi.

“Rossiyskaya gazeta” nashri uyushtirgan davra suhbatida Malikov gapini takrorladi. Faqat bu safar mazkur ma‘lumotni yaqinda Eronda bo‘lib o‘tgan dinshunoslar va din peshvolari konferentsiyasida eshitganini qo‘shimcha qildi u.

Sulaymanov “Islmoy davlat” guruhiga aloqador jangarilar Farg‘ona vodiysida terror hujumlari o‘tkazish niyatida ekanini iddao qilgan bo‘lsa-da, vaziyat o‘ta jiddiy emasligini aytdi.

“Ammo vaziyat yomonlashishi mumkinligidan qo‘rqishimni yashirmayman”, deb qo‘shimcha qildi MXDQ matbuot kotibi.

“Vaziyat yomonlashishi mumkinligi” haqidagi xavotirlardan kelib chiqib, Markaziy Osiyo matbuotida kelayotgan oylarda “Islimoy davlat” mavzusi ko‘p yoritilishini taxmin qilish mumkin.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi xavsizlik xizmati xodimlari va rasmiylar matbuot xabarlarini tarqatish bilan cheklanib qolmay “Islomiy davlat” va boshqa radikal guruhlar tug‘dirayotgan haqiqiy xavf bilan kurashish yo‘llarini topishlari kerak. “Islomiy davlat” jangchilari Qirg‘izistonda va O‘zbekistonda terror hujumlarini rejalashtirayotganini tasdiqlovchi dalillar bo‘lmasa-da, markaziy-osiyoliklar Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” safida jang qilayotganini tasdiqlovchi dalillar bor.

MXDQ 2 mart kuni mintaqada ekstremizm va diniy radikalizmga qarshi kurashish yo‘llarini muhoka qilish uchun Markaziy Osiyo forumi uyushtirilgani haqida xabar qildi. RIA Novosti tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, forumda davlat organlari va ilmiy muassasalar ishtirok etgan.

XS
SM
MD
LG