Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

Rossiyadagi muhojirlar kimga ovoz bergan bo‘lardi?​


“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, mamlkatning Moskvadagi elchixonasida 14-chi Toshkent saylov okrugiga biriktirilgan 26-sonli saylov uchastkasi tashkil etildi. O‘zbekistonda 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining ko‘pchiligi ishtirok eta olmadi. Ular kimga ovoz bergan bo‘lar edi? Bu savol bilan Ozodlik mehnat muhojirlarning o‘zlariga murojaat qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ko‘p yillik safdoshi, amaldagi O‘zbekiston rahbari Islom Karimovni yana bir bor prezident etib saylanishi munosabati bilan birinchilar qatorida tabriklashdi.

Kremlin.ru saytida e‘lon qilingan telegrammada Putin O‘zbekistonda 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijalarini“Islom Karimovning o‘z yurtdoshlari orasida katta obro‘-e‘tiborga ega ekani” va “mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti joriy masalalarini hal etishda erishgan yutuqlari” bilan bog‘ladi.

Nursulton Nazarboyev nomidan jo‘natilgan tabrik telegrammasida ayni mazmundagi so‘zlar keltirilgan. Qozoq rahbari “O‘zbekiston Prezidentiga mustahkam sog‘lik va mas‘uliyatli amalda keyingi muvaffaqiyatlar”, o‘zbek xalqiga esa “tinchlik va gullab-yashnashni” tiladi.

Biroq, Rossiya va Qozog‘istonning turli shahar-mintaqalarida millionlab o‘zbekistonlik saylovchilar bu mamlakatlar ravnaqi uchun mehnat qilishda davom etmoqda.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida esa 29 mart kuni ertalabki soat 6:00dan kechki 8:00-gacha ishlagan 26-sonli saylov uchastkasiga bu o‘zbekistonliklarning aksari kela olmadi.

Ozodlik “Saylovda ishtirok eta olganingizda kimga ovoz bergan bo‘lar edingiz?” degan savol bilan Rossiyada ishlayotgan va ovoz berishda qatnasha olmagan bir qancha mehnat muhojiriga murojaat qildi.

“Men saylamasam ham baribir saylanaveradi!”

38 yoshli Abduqodir O‘zbekistondagi har qanday turdagi saylovlarga ishonmasligini gapiradi.

Ozodlik bilan suhbatda u prezidentlikka boshqa nomzodlarni umuman tanimagani tufayli kimga ovoz berishini ham bilmasligini aytadi.

- Men saylamasam ham baribir saylanaveradi, bu aniq-ku! Rasmiyatchilikning nima keragi bor?! Albatta, Karimov bo‘ladi! Necha yildan beri olib kelyaptiku. Qolganlari esa menga tanish emas: Ketmonov, Cho‘ponov – har xil familiyalarni qo‘yib tashlagan. Qaysi biri yaxshi odam, qaysi biri yolg‘onchi-kazzob – aftiga qarab bilib bo‘lmasa...Menga ziyoli, o‘qituvchi odamlar bo‘lsa – xalqni yaxshi tushunadi o‘qituvchilar. Yaxshilikni Ollohdan so‘raymiz, endi. Yaxshi yashaganimizda shu Rossiyaga kelarmidik?- deya savolga savol bilan javob berdi Abduqodir.

Абдуқодир билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:09 0:00
Бевосита линк

“Ketmonov qishloqlikka o‘xshaydi – shunga ovoz beramiz!”

O‘zini Farhodjon deb tanishtirgan boshqa bir muhojir yigit ham saylovda ishtirok eta olmagan bo‘lsa-da, o‘z tanishlari va qishloqdagi yaqinlari kimga ovoz bergani to‘g‘risida so‘zladi.

- Yo‘q, men ishtirok etmadim, chunki haqiqiy saylov bo‘lmaydi O‘zbekistonda, ishonmayman. 2007 yilda ham ishtirok etmaganman. Yonimdagi jo‘ram qishlog‘imizga telefon qilsa, onasi “Ketmonov degani qishloqlikka o‘xshaydi, shunga ovoz bersak, bizni tushunar. Kelishib hammamiz Ketmonovga ovoz beryapmiz”, debdi. Kecha Domodedovodan 11 kishini olib keldim ishga. “Kimga ovoz berdinglar?”, deb so‘rasam “Boboga ovoz berdik! Karimov yaxshi”, deyayotganlar ham bor. Sababini so‘rasam, “Bizni Rossiyaga chiqarayotganiga ham rahmat – chiqarmasa, nima qilasan?!”, deyapti,- deydi muhojir yigit.

“Boshqasi eplamaydi!”

Ayni paytda, mehnat muhojirlari orasida Karimovga ovoz berayotgan muhojirlar ham borligi aniqlandi.

Andijonlik Bahromjon agarda saylovda ishtirok eta olish imkoni bo‘lganida Islom Karimovdan boshqa odamga ovoz bermasligi sabablarini bunday tushuntirdi.

- Men elchixonadan 1100-1200 kilometr narida turaman. Shunga ishtirok eta olmadik. Lekin, Islom Abdug‘aniyevich Karimovga ovoz bergan bo‘lardim. Bilmadim, menimcha, u odamchalik O‘zbekistonimizni birov olib borolmasa kerak. Men uchun hamma narsa muhayyo, hamma sharoitim bor,- deydi olib borilayotgan siyosatdan mamnun ekanini gapirgan asakalik Bahromjon.

Баҳромжон билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:31 0:00
Бевосита линк

“Saylov ko‘zbo‘yamachilik bilan o‘tdi!”

O‘z ismini oshkor etishni istamagan va prezident saylovida ishtirok eta olmagan yana bir o‘zbekistonlik migrant va saylovchilardan biri XDPdan qo‘yilgan nomzod Hotamjon Ketmonovga o‘z ovozini topshirgan bo‘lardim, deydi.

U Karimov yana bir bor saylanganidan o‘z noroziligini bildirdi:

- Men xafaman judayam! U odamni o‘zgartirish kerak edi, lekin yana o‘sha bo‘libdi. Men Ketmonovga ovoz bergan bo‘lardim. Internetda kuzatib boraman, lekin juda xafa bo‘ldim, juda... Boshqa narsa kutgan edim. Saylov ko‘zbo‘yamachilik bilan o‘tdi. Bitta oiladan bir kishi 15-20ta byulletenь qog‘ozini ko‘tarib boryapti! Karimov yaxshi boshqarganda bir ayol boshimiz bilan nima qilib yuribmiz Rossiyada?! Eng ko‘pi Rossiyada, keyin Koreyada, Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda. O‘zbekistonda umuman rivojlanish yaxshi emas. Imkon bo‘lganida, shu yerning fuqaroligini olib, qolib ketardim,- deydi o‘zbekistonlik saylovchi-opa.

“O‘zimni taniganimdan beri otam o‘rnimizga ovoz berib keladilar!”

Rossiyaning sovuq Saxa-Yoqutistonidagi Mirniy shahrida mehnat qilib kelayotgan Jahongir ikki yildan beri O‘zbekistonga bormagani hamda o‘zi va ukasining o‘rniga otasi borib ovoz berib kelishini gapirib berdi.

U 7 yildan buyon Rossiyaga qatnab, biror marotaba O‘zbekistondagi saylovda ishtirok eta olmaganini aytadi.

- Moskvada bo‘lishi mumkin, lekin bizda saylovda ishtirok etishga imkon yo‘q. Bo‘lsa, aka, borardim, qatnashardim. O‘zim xohlagan, o‘zimga yoqqan, davlatga foydasi tegadigan jonkuyar nomzodga ovoz bergan bo‘lardim. Qishloqda, uyimizda dadamlar har doimgidek, - 25 yildan beri bu an‘ana, qog‘ozbozchilik , - boradilar-da, uch kishining nomidan bir o‘zi yozvorib, “ha” degan joyiga “Islom Karimov”ni znachogini qo‘yib keladi, bo‘ldi. Besh minutlik ish, aka! Lekin, hech kim o‘ylab ko‘rmaydiki, masalan, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumaniga deputat yoki prezident borib ko‘rsinchi ahvolni. Elektr simyog‘ochlar 50-80-chi yillarda SSSR paytida qurilgan, asfalьt yo‘llarni gapirmasa ham bo‘ladi, deydi Ozodlik bilan suhbatda qashqadaryolik saylovchi Jahongir.

Жаҳонгир билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:32 0:00
Бевосита линк

.......

Federal migratsiya xizmatining bergan ma‘lumotlariga binoan, joriy yilning fevral oyida Rossiyada 2 million 200 mingdan ziyod o‘zbekistonlikyashab, mehnat qilgan. FMS idorasida so‘nggi bir oy davomida Rossiyaga kirib kelgan o‘zbekistonlik migrantlar soni ancha ko‘payganini taxmin qilishmoqda.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi ochiqlagan dastlabki natijalarga ko‘ra, 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 18 million 942 ming O‘zbekiston fuqarosi ishtirok etgan, bu 91,08 foizni tashkil etadi. Islom Karimov uchun 17 122 577 kishi (90,39%), Narimon Umarov uchun - 389 024 ming saylovchi (2,05%), Akmal Saidovga 582 688 kishi (3,08%) va Hotamjon Ketmonovga 552 309 saylovchi (2,92%) ovoz bergan.

XS
SM
MD
LG