Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:11

Qrimga kiritilmagan o‘zbekistonlik Komron 53 kundan buyon chegarada yashamoqda​


Komron Ayvazov Qrim chegarasida.
Komron Ayvazov Qrim chegarasida.

Rossiyaga kiritilmagan o‘zbekistonlik Komron Ayvazov 53 kundan buyon Ukraina va Qrim o‘rtasidagi bufer zonasida qolmoqda. 7 oylik farzandi bilan Qrimda qolayotgan uning rafiqasi Susanna eriga qo‘yilgan kirishga taqiq ustidan shikoyat qilib, Moskvadagi barcha FMS idoralari ¸ hatto Rossiya prezidenti qabulxonasida bo‘lib qaytganini Ozodlikka so‘zlab berdi. Rossiya hukumatidan javob kutayotgan Komron 10 fevraldan buyon davlat chegarasida mashinasida yashab kelmoqda.

22 yoshli Komron Ayvazov va Susanna Sulaymonova 2012 yilda Samarqanddan o‘sha paytda Ukraina tarkibidagi ona-yurti - Qrim yarimoroliga doimiy yashashga ko‘chib o‘tdi.

Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi ortidan ko‘plab mahalliylar kabi, ular ham Rossiya fuqaroligini olish uchun hujjat topshirdi. Biroq Migratsiya idorasi fuqarolikni faqat Susannaga berdi.

Susanna Sulaymonovaning aytishicha, hukumatning yangi talablariga binoan, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Komron shu yilning 10 fevralida Ukraina chegarasiga borib qaytmoqchi bo‘lgan:

- Biz uyimizga qaytib kirayotganimizda erimga 2016 yilning 11 yanvarigacha kirishga taqiq qo‘yilganini aniqladik. “Siz Rossiya fuqarosi ekansiz, demak bu taqiqni bekor qilishga asos bor. Kirishga Moskva viloyati FMS boshqarmasi man etgan”, deyishdi menga chegarada. Men Moskvaga uchib keldim, zaruriy hujjatlarni topshirdim, qonun bo‘yicha 30 kun kutdim, javob kelmadi. Moskvaga ikkinchi marotaba keldim. Men FMS bosh boshqarmasi, viloyat boshqarmasi, hatto Rossiya prezidenti mahkamasida qabulda bo‘ldim. Erim O‘zbekistondan qayddan chiqib ketgan, Ukraina Qrimida vaqtinchalik yashashga ruxsati bor edi. Qabulda bir ayolga “Nega erimga kirishga ruxsat berilmayapti?”, desam, “Axir u O‘zbekiston fuqarosi-ku!”, deydi. Nima, o‘zbekistonliklar odam emas ekanmi?! deya idora xodimlaridan jo‘yali javob ololmagani gapirib bergan Susanna.

Suhbatdosh hech qayerda ishlamayotgani, qariyb ikki oy davomida 7 oylik o‘g‘li Ramzanni qo‘shnisiga tashlab, qarzga botib, eriga chegaraga oziq-ovqat tashiyotganini aytadi:

- Komron Ayvazov o‘zi kurashchi va kikboks ustasi bo‘lib, 2013 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan musobaqalardan birida ishtirok etib qaytgan. Aniqlanishicha, musobaqada olgan jarohati tufayli u Rossiyadan belgilangan 90 kun ichida chiqib keta olmagan va FMS “qora ro‘yxatiga” kiritilgan. Davolanib chiqqan va Rossiyani tark etgan Komron o‘zi va yurtdoshlari xohishiga xilof ravishda yana Rossiyaga tarkibiga kirib qolishini yetti uxlab tushida ko‘rmagan.

Susanna so‘zlaricha, shu vaqt mobaynida chegarada kun kechirayotgan Komronning hatto yuvinishga imkoni yo‘q. “So‘nggi paytlarda og‘ir ruhiy holatga tushganini payqayapman”, deya davom etadi u:

Kamron Ayvazov 53 kundan beri mashinada yashamoqda
Kamron Ayvazov 53 kundan beri mashinada yashamoqda

- Oxirgi marotaba u bilan telefon orqali suhbatlashganimizda u “Men yashashni ham xohlamayman!Hammasidan charchadim”, deb telefonini o‘chirib qo‘ydi. Tasavvur qiling mening holatimni! Qanday jismonan baquvvat odamni shu ikki oy ichida sindirib tashlashganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman... Oldin har 4 kunda borib turuvdim, endi pul muammosi boshlanganidan beri kamroq oldiga qatnayapman. Eng dahshatlisi -–bu noaniqlik qachongacha davom etishi mumkin? Qo‘shnilarim “Nega ular odamni o‘z uyiga qo‘ymayapti?”, deb hayronda, deydi Susanna Sulaymonova.

Asli samarqandlik bu ayol Rossiya hukumatiga qilgan murojaatidan javob topa olmasdan mahalliy tatarlarning so‘nggi himoyachisiga aylangan “ATR” televideniyesi jurnalistlariga xat yozgan.

Kuni-kecha Rossiya hukumati tomonidan yopilgan "ATR" qrimtatar televideniyesi Komron Ayvazovning holati to‘g‘risida o‘z oxirgi lavhalaridan birini efirga uzatgani ma‘lum.

Etti kun o‘tib, Moskvadan Rossiya prezidenti apparatidan unga javob kelgan. Xatda Susannaning “shikoyati FMS boshqarmasiga ko‘rib chiqishga yuborilgani” bildirilgan:

- Yana qanday asos kerak ularga, tushunmayapman. Ukrainada bizning hech qanday yaqinlarimiz yo‘q. Men Ukraina davlatiga minnatdormanki, ular erimning ahvolini tushunib, unga yashashga ruxsatnomasini uzaytirib berdi. Qizig‘i, Ukraina bizga ko‘mak berishga, moddiy yordam berishga tayyor, lekin bizning yurtimiz, uyimizni Qrimdan ko‘chirib keta olmaymizku! Biz o‘zi Samarqanddan bu yerga keldik, endi yana Ukrainaga ko‘chib boshqatta hn boshlashimiz kerakmi?! Bolam yosh, bo‘lmasan ko‘chib ketardik, deydi Susanna.

Ma‘lum bo‘lishicha, mesxetiyalik turklardan bo‘lgan Susannaning momosi urush yillari Qrimdan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Xuddi shu asosda, Ukraina qonunlariga binoan, u Qrimda doimiy yashashga va fuqarolik olish imkoniga ega bo‘lgan:

- Endi ishga joylashib, endi turmushimizni tiklayotgan edik. Rossiya tarkibiga kirib qoldik. U ishlayotgan baza ishlamaydigan bo‘libdi. Yangi hukumat talablari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish davomida Kamron ishsiz yurdi. Biz endi umuman usiz qiynalyapmiz, u harna bizning boquvchimiz edi. Oilamiz buzilib ketishidan kim manfaat topadi? deydi Susanna Sulaymonova.

Suhbat so‘ngida Susanna Sulaymonova Ozodlik orqali Rossiya rasmiylariga murojaat qilib, Komronga Qrimga kirishga ruxsat berishlarini o‘tinib so‘rab qolishini aytdi.

...................

2015 yilning 16 mart kuni Rossiyaning Qrimni anneksiya qilganiga bir yil to‘ldi. Bu kuni Qrim yarim oroli formasiz Rossiya harbiylari tomonidan ishg‘ol qilingani ortidan o‘tkazilgan referendum vositasida Ukraina hududi sanalgan Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilingan edi.

Ammo hozirga qadar bu referendum va Qrimning anneksiya qilinishini dunëdagi biror davlat va xalqaro tashkilot tan olgani yo‘q¸ aksincha Rossiya okkupatsiyasiga qarshi G‘arb va YeI Kremlga nisbatan keskin iqtisodiy sanktsiyalar joriy qildi.

Rossiyaning Qrimni anneksiya qilib olinishiga qarshi chiqayotgan yarimorolning tub aholisi bo‘lmish qrimtatarlar va turklar rus maxfiy xizmatlari bosim ostida qolayotganini gapirmoqda.

BMT Bosh Assambleyasining aksar a‘zolari ham mazkur referendumni noqonuniy deya baholadi.

XS
SM
MD
LG