Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:55

Samarqandda qora niqoblilar diniy ekstremizmda gumonlanganlarni hibsga oldi​


Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani markazining Payshanba shaharchasini 2 aprel kuni qora niqoblilar bosdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, qora niqoblilar diniy oqimlarga aloqadorlikda gumonlangan odamlarning uylariga bostirib kirib tintuv o‘tkazgan va o‘nga yaqin kishini hibs qilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kattaqo‘rg‘onlik manbaning militsiyada ishlaydigan tanishining gapiga tayanib aytishicha, qora niqoblilar militsiya xodimlari bilan birgalikda, asosan, namozxon oilalar uylarini tekshirgan:

“Ular “Ford” va “Damas” rusumli ikkita mashinada kelishgan. Ular asosan bozor atrofidagi uylarga kirishgan. Bu xonadonlarda yashaydiganlar asosan namozxon oilalar bo‘lib, ulardan ba‘zilari yaqinginada amnistiya bilan qamoqdan chiqqanlar bo‘lgan”, deydi manba.

Suhbatdoshning aytishicha, qora niqoblilar o‘nga yaqin odamni hibs qilgan:

“Qora niqoblilar olti nafar, yana uch-to‘rtta militsiya xodimlari ham bo‘lgan. Ular ushlab chiqqan odamlarini qo‘liga kishan solib mashinaga tiqqan. Xotinlari qiy-chuv qilib to‘polon qilgan. Aytishlaricha, ularni viloyat markaziga olib ketishgan”, dedi manba.

Kattaqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda shunday tadbir o‘tkazilganini tasdiqladi:

“Bu ishga bizni mutlaqo aralashtirishganiyo‘q. Hibsga olinganlar Kattaqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limida registratsiya ham qilingani yo‘q. Samarqand viloyati ichki ishlar bo‘limidan kelishgan ekan ular, hisbga olganlarni ham o‘zlari bilan olib ketishdi. Mening bilganim, hibsga olinganlar diniy ayblovlar bilan qamalib chiqqanlar va namozxon odamlar edi”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasidan bu voqeaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘tgan yilning oxirida e‘lon qilingan amnistiya bo‘yicha prezident saylovi oldidan diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlar guruh-guruh qilib ozod etilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Ayni paytda amnistiya bilan ozodlikka chiqqan dindorlarning yana hibsga olish holatlari kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG