Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:17

Andijon isyoni haqidagi “Sotqin” filmini o‘g‘ri urdi


Sotqin filmi e‘loni.
Sotqin filmi e‘loni.

Taniqli kinochi 43 yashar Rustam Sagdiyev o‘zbek kinosining otaxoni Rixsivoy Muhammadjonovning 2005 yil 13 may Andijonda yuz bergan voqealariga asoslangan stsenariysi bo‘yicha suratga olgan “Sotqin” filmi “videoqaroqchi”lar qo‘liga tushgan. Kino mualliflarining Ozodlikka aytishicha, “videoqaroqchi”lar filmning asl nusxasini o‘g‘irlab, tarqatib yuborishgan.

Film muallifi Rustam Sagdiyev Facebookdagi sahifasida kinoning “qaroqchi” nusxasi sotilayotgan do‘kon tasvirini qo‘yib mana bu yozuvni qoldirdi:

“Bizda mualliflik qonunlarining ishlamasligi shunaqa bemalol haromxo‘rlik qilishga olib keldi. Topgan pulinglar osh bo‘lsin xurmatli haromxo‘r qaroqchilar!!!”

O‘zbek kinosi qaroqchilar cho‘ntagini to‘ldirmoqda

O‘zbek shou biznesi haqidagi maqolalar muallifi Jasur Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda, “o‘zi xon, ko‘lankasi maydon” bo‘layotgan “qaroqchilar” o‘zbek kinosi rivojining “bel”iga tepayotgani va moliyaviy zarar yetkazayotganiga e‘tibor qaratdi:

- Qancha pul sarflanib suratga olingan yangi kinolarni hali ekranga chiqmasidan turib “videoqaroqchi”lar qo‘liga tushmoqda. Bu narsa kinochilarning moliyaviy sinishiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonda "videoqaroqchi"lik qamrovi juda keng. Bunga chek qo‘yadigan jonkuyar yo‘q¸- deydi suhbatdosh.

"Imonga yo‘l" kitobi yirtilgan kino

Ikki soat davom etadigan va 2005 yil 13 may Andijonda yuz bergan voqealar aks ettirilgan "Sotqin" filmi kulminatsiyasida qaxramonning onasi “Andijon isyoni rahnamosi” sifatida ko‘riladigan Akram Yo‘ldoshevning “Imonga yo‘l” kitobini yirtib tashlaydi.

Filmda Andijon voqealari¸ jihod yo‘lini tanlagan akaning dunyoviy davlat tarafdori bo‘lgan jurnalist ukani o‘ldirishga qasd qilgani haqidagi hikoya prizmasidan turib tasvirlanadi.

Filmning yakuniy titrlarida O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati idorasiga minnatdorlik mujdasi aks etgan.

Ogohlikka kinoda‘vat

Davlat buyurtmasi asosida suratga olingan bu film rejissyori Rustam Sagdiyevning Ozodlikka aytishicha¸ ushbu asar yoshlarni “ogohlikka da‘vat” qilish maqsadini ko‘zlagan:

- Ayni paytda bu jo‘n plakat tarzidagi targ‘ibot kinosi emas¸ balki O‘zbekistondagi oilalarning hayotini jahannamga aylantirayotgan diniy ektremizm haqidagi fojeadir¸- deydi film rejissyori Rustam Sagdiyev.

Ozodlik muxbirining "Bu kino Andijonda 2005 yili yuz bergan isyon voqealarini qayta mushohada qilishga urinish emasmi?" degan savoliga javob bergan Sagdiyev “Ushbu film diniy radikalizmga berilgan o‘g‘il jabri bois qaddi bukilgan ona haqida. Andijon voqealariga faqat zohiriy ishoratlar bor” deya javob bergan edi.

Filmni tomosha qilgan munaqqidlar fikriga ko‘ra, kino hukumat ko‘z qarashini ifodalagan jo‘n bir targ‘ibot asaridir.

Stsenariy muallifi Rixsivoy Muhammadjonov esa Ozodlik bilan suhbatda bu filmda bir yoqlama talqindan qochishga uringanligini ta‘kidlaydi:

- Men bir tarafni qoralab ikkinchi tarafni oqlash kabi tendentsioz yondashuvdan mumkin qadar qochishni istadim. Bu asarda men bir oila fojeasini to‘laqonli aks ettirishga urindim¸- deydi suhbatdosh.

filmda doimo darg‘azab yuradigan ota rolini taniqli aktyor Matyoqub Matjonov ijro qilgan.

O‘zbekistonda jihod qilib Karimov rejimini ag‘darmoqchi bo‘lgan o‘g‘il rolini esa Javohir Zokirov o‘ynagan.

Dunyoviy davlat tarafdori bo‘lgan jurnalist uka rolini o‘ynash esa Farruh Soipov zimmasiga tushgan.

Shuningdek, filmda Ulug‘bek Qodirov, Sayyora Yunusova, Yulduz Rajabova, Rayhon Ulasenova va boshqalar ishtirok qilgan.

Odatda qaynona-kelin mojarolari haqida melodrama filmlar suratga olinadigan “O‘zbekfil‘m” studiyasida keyingi paytda davlat mafkurasini himoya qilishga qaratilgan targ‘ibot filmlar ham ishlanmoqda.

O‘tgan yili ''O‘zbekkino'' Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra, rejissyor Hilol Nasimov “Gumrohlar” filmini suratga olgan edi.

O‘zbekiston tashqarisida turib Karimov rejimiga qarshi kurashayotgan muxolifat va jurnalistlar qoralangan bu film taqdimotida so‘zga chiqqan O‘zbekiston halq artisti Erkin Komilov:

''Ota-onasining duosini olmagan, o‘zga yurtlarda daydib, o‘z Vataniga tosh otganlar ''gumrohlar''dir. Bundaylarni kechirib bo‘lmaydi'', deya ta‘kidlagan edi.

O‘zbekiston hukumati qarashlarini ifoda qiluvchi targ‘ibot filmlarini suratga olish 2013 yilning mart oyidan 2014 yilning dekabriga qadar "O‘zbekkino"ga rahbarlik qilgan Jahongir Qosimov davrida boshlangan edi.

XS
SM
MD
LG