Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:28

"Qirg‘iziston militsioneri ikki so‘xlikni kaltaklab¸ pulini tortib oldi"​


O‘zbekistonning Qirg‘iziston yerlari bilan o‘ralgan So‘x eksklavida yashovchi Ozodlik manbasi shu hafta boshida ikki hamyurti o‘zini Qirg‘iziston militsiyasi xodimi, deb tanishtirgan shaxs tomonidan kaltaklangani va talangani to‘g‘risida xabar qildi.

Voqea sodir bo‘lgan Botken viloyati, Qadamjoy tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi masalani o‘rganib chiqishga Ozodlikka va‘da berdi.

Qadamjoyda nima bo‘ldi?

Ozodlikning So‘xdagi manbasidan kelgan audioxatda mana bunday deyilgan:

“8 iyun, kech soat 8 larda So‘x tumani, Rovon qishlog‘ida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi Umaraliyev Shohjahon va So‘x tumani, Mulgon qishlog‘ida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi Gadoyev Umidjonlar o‘z boshqaruvlarida bo‘lgan Damas avtomashinasida Farg‘ona – So‘x yo‘nalishida So‘x tumaniga kelayotgan vaqtda Qirg‘iziston respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani hududidagi “Qirg‘izmunay” AYoQShi yonida Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan to‘xtatilgan.

O‘zbekiston fuqarolari mashinasini to‘xtatgan ikki mahalliy – Qirg‘iziston fuqarolaridan biri o‘zining ichki ishlar bo‘limining 10-bo‘limida ishlashini, ismi Nurbek ekanligini aytgan.

Nurbek va uning sherigi o‘zbekistonliklarni to‘xtatishdan oldin o‘zlari minib kelgan davlat raqami S9492, kul rang “Mersedes-Bens” avtomobilidan mast holda tushgan.

Nurbek va uning sherigi Umaraliyev Shohjahon va Gadoyev Umidjonlarni hech qanday asossiz kaltaklab, qo‘rqitish yo‘li bilan ularning 200 ming so‘mini tortib olgan. Shundan so‘ng Nurbek O‘zbekiston fuqarolariga tegishli bo‘lgan avtomobilь raqamini yechib olib, 400 dollar olib kelib berishsa, nomerni qaytarib berajagini aytgan va voqea joyidan ketib qolgan”.

Ota-ona nima dedi?

Ozodlik muxbiri kaltaklangan va talanganlardan biri – Umidjon Gadoyevning otasi, 1949 yilda tug‘ilgan Xo‘jaamir aka hamda onasi Muhtaram opa bilan bog‘landi. Ular Ozodlik manbasi keltirgan faktlarni tasdiqladi.

Xo‘jaamir akaning aytishicha, Qirg‘iziston hududida kaltaklangan o‘g‘li uyga 9 iyunь, ertalab kirib kelgan va bo‘lib o‘tgan voqeani aytib bergan.

Ota-onaning aytishicha, ularning o‘g‘li Umidjon va yana bir kaltaklangan Umaraliyev Shohjahon voqea yuzasidan So‘x militsiyasiga ariza yozgan. Ota-ona bilan Ozodlik bog‘langan 11 iyun kuni kaltaklanganlar So‘xda emas edi – tibbiy ekspertizadan o‘tish uchun Farg‘onaga ketgani ma‘lum bo‘ldi.

Qirg‘izistonliklar nima dedi?

Botken viloyati, Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining o‘zini Damira, deb tanishtirgan xodimi Ozodlik muxbiridan voqea tafsilotlarini eshitgach, Qadamjoyda Nurbek ismli xodim borligini tan oldi va u bilan bog‘lanib, nima bo‘lganini surishtirishga, oladigan informatsiyasini yetkazishga va‘da berdi.

Qadamjoy tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Murat To‘g‘uzaqov 8 iyun kuni bo‘lgan voqeadan xabarsizligini bildirarkan, Ozodlik muxbiridan eshitgani gaplarni surishtirishga va‘da berdi. To‘g‘uzaqovning aytishicha, “Nurbek ismli xodim bor, lekin u boshqa tumanda ishlaydi”.

Botken viloyati, Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Damira keyingi bor bog‘langanimizda “Nurbek bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagani, uni bilganlar oilasida qandaydir tadbir bo‘layotgani uchun bugun ishga chiqmagani”, to‘g‘risida aytdi.

Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Murat To‘g‘uzaqov jabrlanganlar ariza bilan murojaat qilishlari kerakligini uqtirdi.

Biroq Qirg‘iziston Ombudsmanining Botken viloyatidagi vakili Hayitali Ayqinov Ozodlik bilan suhbatda “ariza bilan murojaat qilish” aytishgagina osonligini, amalda esa bu imkonsizligini ta‘kidlar ekan, bunday dedi:

“Huquq-tartibot organlari xodimlari ancha-muncha ushlab, qiynoqqa solgani to‘g‘risida fuqarolar hech kimga murojaat qila olishmaydi. Shuning uchun siz aytayotganga o‘xshash voqealar bo‘lib turganiga ishonish mumkin. Lekin siz aytayotgan fakt bo‘yicha menga hech kim murojaat qilgani yo‘q”.

Qadamjoydagi talonchilik nega yuz berdi?

2013 yilning 5 yanvarida boshlanib 7 yanvarida yakunlangan So‘x janjalidan beri mazkur eksklav aholisi, o‘zlarining ta‘biricha,“yarim qamal” sharioitida yashab keladi. So‘xni O‘zbekiston bilan bog‘lovchi yaqin yo‘ldagi chegara bekati yopib qo‘yilgan, natijada eksklav aholisi Farg‘onaga Qirg‘izistonning Qadamjoyi orqali qatnashga majbur.

Insof yuzasidan shuni ham aytish kerakki, So‘x janjalidan so‘ng Qirg‘izistonning O‘zbekiston yerlari bilan o‘ralgan Barak eksklavi aholisi ham so‘xliklar kabi qiynalib kelmoqda.

So‘x va Barak muammosini Ozodlik muntazam kuzatib kelmoqda. Masalan, joriy yil aprelida so‘xlik Parvoz Hakimovning kattagina maktubi saytimizda e‘lon qilingan edi.

So‘xda nima bo‘lgan edi?

2013 yil 5 yanvar kuni Qirg‘iziston chegarachilari ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgani aytilayotgan hududga simyog‘ochlar o‘rnata boshlaganiga So‘x eksklavidagi Xushyor qishlog‘i aholisi norozilik bildirgan edi. 6 yanvar kuni bu norozilik qirg‘iz chegarachilarini o‘q uzishga majbur qilgan va har ikki tomondan odamlar garovga olingan katta janjalga aylandi. Faqat 7 yanvarga kelibgina janjalni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lindi.

Voqea paytida o‘zbekistonliklar tomonidan qirg‘izistonlik 30 fuqaro garovga olingani aytilgan. Qirg‘iziston tomonida esa o‘zbekistonlik 6 ayol garovga olingan. O‘zbekistonliklar garovdagilarni qo‘yib yuborgach, qirg‘iz tomoni ham 6 ayolni bo‘shatgan.

Qirg‘iziston chegara xizmatining bildirishicha, 7 yanvarda bo‘lib o‘tgan rasmiylar uchrashuvida Farg‘ona viloyati hokimi chegaradagi janjal paytida qirg‘iz chegarachilari otgan o‘qdan uch nafar odam yaralangani haqida ma‘lumot bergan.

O‘zbekiston So‘x voqeasida moddiy ziyon ko‘rgan qirg‘izistonliklarga 56 ming dollar tovon puli to‘lagan.

Qirg‘iziston hukumatining Botkendagi vakolatxonasi 2013 yil 17 yanvarda tarqatgan xabarda aytilishicha, tovon puli so‘xliklar tomonidan pachoqlangan qirg‘izistonliklarga tegishli 12 ta avtomashina uchun to‘langan. Tovon puli har bir mashina egasiga topshirilgan. Shundan so‘ng o‘zbek va qirg‘iz rasmiylari tovon puli to‘langani to‘g‘risidagi protokolni imzolagan.

O‘zbekistonning So‘x eksklavida taqriban 60 ming kishi yashaydi.

Damasning nomeri qayerda qoldi?

Ozodlikning So‘xdagi manbasi 8 iyun kuni Qadamjoyda Nurbek tomonidan yechib olingan va 400 dollar evaziga qaytarilajagi aytilgan nomer (davlat raqami) 10 iyun kuni So‘xga "o‘z oyog‘i bilan" yetib kelganini xabar qildi. Uning aytishicha, Qirg‘iziston Davlat avtomobil nazorati xodimi nomerni bir so‘xlik orqali berib yuborgan.

XS
SM
MD
LG