Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:29

Ozarbayjon matbuoti qamalgan jurnalistning xitobnomasini soxtalashtirib chop etdi


“Bu bir necha yildan beri Xadichaga qarshi uyushtirib kelinayotgan hujumlarning navbatdagisi bo‘lib, ular hanuzgacha jurnalist hatto qamoqda turib aytmoqchi bo‘lgan gaplardan qo‘riqishlarini ko‘rsatadi”, dedi huquq faollaridan biri.
“Bu bir necha yildan beri Xadichaga qarshi uyushtirib kelinayotgan hujumlarning navbatdagisi bo‘lib, ular hanuzgacha jurnalist hatto qamoqda turib aytmoqchi bo‘lgan gaplardan qo‘riqishlarini ko‘rsatadi”, dedi huquq faollaridan biri.

Ozarbayjonlik jurnalist Xadicha Ismoilova 2014 yil dekabrda sudlanmasdan qamalganidan beri bir necha ochiq xat yozdi. Ammo bu paytgacha ularning barchasi Ozarbayjon hukumati boshqaruvidagi matbuot nazaridan chetda qolib kelayotgan edi.

Ozodlik jurnalisti bo‘lmish Ismoilova 11 iyun kuni The New York Times gazetasida Bokuda ilk bor Yevropa o‘yinlari o‘tkazilishi munosabati bilan yozgan maktubini chop ettirdi.

Ikki kundan keyin Ozarbayjon davlat matbuoti Ismoilovaning xati ekanligini iddao qilib, chala ingliz va ozarbayjon tillarida yozilgan maktubni tarqatdi. Tarqatilgan xatning sarlavhasi original xat sarlavhasiga taqlid qilib yozilgan.

Ammo Bokuda chop etilgan versiya original maktubdan keskin farq qiladi.

Ismoilova The New York Times gazetasida “Ozarbayjonning eng sara hamda eng zakiy odamlari qamalgan, ularni Yevropa o‘yinlari sabab yashirib qo‘yishgan”, deb yozdi. “Ular bizni ko‘rishingizni yoki bizni yo bizning o‘ng‘aysiz haqiqatlarimizni eshitishingizni xohlamaydilar”.

Bu jumlalarni Ozarbayjonda “Ozarbayjonning eng yomon hamda eng razil odamlari qamalgan, ularni Yevropa o‘yinlari sabab yashirib qo‘yishgan. Ular bizning jinoyatlarimizni ko‘rishni yoki o‘ng‘aysiz yolg‘onlarimizni eshitishni xohlamaydilar”, deb chop etishdi.

Ismoilova o‘z maktubida uni qo‘llovchilarni “inson huquqlari uchun kurashishda davom etishga” chaqiradi. Boku chop etgan versiyada jurnalistni dastaklovchilar “beshinchi ikki nuqtani (inglizcha colon – ikki nuqta; aslida column – kolonna bo‘lishi kerak) mustahkamlash uchun kurashishda davom etishga” chaqiriladi. Aftidan, Ozarbayjon davlat matbuoti bu bilan inson huquqlari faollarini beshinchi kolonnachilar o‘laroq tasvirlamoqchi.

Ozarbayjon matbuotida chop etilgan xat asl nusxaning g‘irt teskarisidir. Unda original maktubda yozilgan har bir gapga qarama-qarshi gap berilgan. Ozarbayjonda bu xat Ismoilova ismi va surati bilan, o‘zgartirilgani yoki satirik ekanligi haqida hech nima aytilmay tarqatildi.

Ismoilova xatining soxta nusxasi ilk bor 13 iyun kuni hukumatni qo‘llovchi SIA yangiliklar agentligi saytida ozarbayjon hamda ingliz tillarida paydo bo‘ldi. Maqolada maktub The New York Times gazetasida chop etilgan xat bilan bir ekanligini iddao qilindi.

13 iyun kuni xat Kaspi yangiliklar agentligida ham nashr qilindi. Mazkur agentlik asoschilarining biri Sona Veliyevadir. Veliyeva Ozarbayjon prezidenti ma‘muriyatida ijtimoiy hamda siyosiy masalalar bo‘yicha bo‘limga yetakchilik qilayotgan Ali Hasanovning rafiqasi. Ismoilova Hasanov va uning ayoli faoliyatini taftish qilgan edi.

Soxta versiyani hukumatni qo‘llovchi boshqa ommaviy axborot vositalari ham chop etdi.

Huquq faoli Rebekka Vinsent Ozodlikka yozgan maktubida: “Hukumatni qo‘llovchi matbuot tarqatayotgan Xadicha maktubining soxta tarjimasi dahshatlidir, hatto uni chop etgan matbuotning past standarti bo‘yicha ham”, dedi. Vinsent Bokuning Yevropa o‘yinlariga mezbonlik qilishi ortidagi “repressiya, korruptsiya hamda tsenzuraga e‘tibor qaratish” uchun kurashayotgan “Huquqlar uchun sport” kampaniyasini boshqarmoqda.

“Bu bir necha yildan beri Xadichaga qarshi uyushtirib kelinayotgan hujumlarning navbatdagisi bo‘lib, ular hanuzgacha jurnalist hatto qamoqda turib aytmoqchi bo‘lgan gaplardan qo‘riqishlarini ko‘rsatadi”.

Prezident Ilhom Aliyev hukumati inson huquqlarini poymol qilib kelayotgani uchun keskin tanqid qilinib keladi. Bundan tashqari, inson huquqlari faollari Ozarbayjonda yuzga yaqin siyosiy mahbus borligini hamda ko‘plab faol va jurnalist tazyiq va to‘siqlarga duchor bo‘layotganini ta‘kidlamoqdalar.

Ismoilova soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda hamda noqonuniy tadbirkorlik qilishda ayblanmoqda. Jurnalistni qo‘llovchilar bu ayblovlar Ismoilova Aliyev va uning oila a‘zolari qo‘l urgan korruptsiyani taftish qilgani uchun o‘ch olish maqsadida qo‘yilganini aytmoqdalar.

The New York Times gazetasida chop etilgan maktubda Ismoilova so‘zini “Faqat mening erkinligimni talab qilmang; barcha siyosiy mahbus ozodlikka chiqarilishini talab qiling. Ozarbayjonda so‘z erkinligini himoya qiling. Inson huquqlarini himoya qiling”, deb yakunlaydi.

Ozarbayjon davlat matbuoti bu jumlalarni quyidagicha “tarjima qildi”: “Faqat mening erkinligimni talab qilmang; barcha sotqin ozodlikka chiqarilishini talab qiling. Ozarbayjonda “yomon muomala qilish” erkinligini himoya qiling. Sotqinlarni, milliy xoinlarni, “armanlarni” armanlardan ko‘proq himoya qiling”.

Robert Koalson qalamiga mansub ushbu maqola Nodir Atayev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG