Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:55

Oxirzamon imomi da‘vosi bo‘lgan tojikistonlik shayx 16 yilga qamaldi


16 yilga kesilgan shayx Temur.
16 yilga kesilgan shayx Temur.

Tojikiston Oliy sudi 8 iyul kuni “soxta payg‘ambar” o‘laroq tanilgan Saidmahdixon Sattorov ishi yuzasidan hukm chiqardi. Sud qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha Sattorovni aybdor deb topib, uni 16 yilga ozodlikdan mahrum etishga qaror qildi.

Shayx Temur nomi bilan ham ma‘lum bo‘lgan Sattorov ishi bo‘yicha mahkama jarayoni Dushanbedagi 1-tergov hibsxonasi zalida - yopiq eshiklar ortida o‘tgan. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmatiga Sattorovning advokati Mavludxon Solihov ma‘lum qildi.

30 iyunь kuni davlat qoralovchisi Dilafruz Ismoilova aybnoma xulosasida suddan Saidmahdixon Sattorovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragandi.

Seshanba kuni esa Sattorov o‘ziga berilgan so‘nggi so‘z imkoniyatidan foydalanib, yoshini e‘tiborga olgan holda uni ozod qilishni so‘radi.

“Mahkama jarayoni chog‘ida taklif qilingan guvohlarning barchasi mening ularga tahdid qilganim, bosim o‘tkazganimga oid ayblovlarni inkor qilishdi. Hatto jabrlanuvchilar ham shaxsan men tomonimdan ularga hech qanaqa bosim, tahdid yoki zo‘ravonlik bo‘lmaganini e‘tirof etishdi”, degandi Saidmahdixon Sattorov 7 iyul kungi so‘ngso‘zida.

Tojikistonning Tursunzoda shahrida yashab kelgan 65 yoshli Sattorov tovlamachilik, umumiy majburiy ta‘limga to‘sqinlik qilganlik va ko‘pxotinlilikda ayblanib, shu yilning 16 fevral kuni Bosh prokuratura talabnomasiga binoan hibsga olingandi.

Qo‘lga olinishidan 10 kunlar muqaddam Tojikiston davlat televideniyesi “Shayx Temur” hayotiga bag‘ishlangan film namoyish qilgandi. Unda Sattorov odamlarning ishonchiga kirib, tovlamachilik bilan shug‘ullangani, yosh ayollarni duoibad bilan qo‘rqitib, o‘ziga xotin qilib olgani ta‘kidlangan. Filmda “shayx”ning qimmatbaho avtoulovda kelayotgani, uning muxlislari esa uning mashinasini va qo‘lini o‘pgani aks etmish kadrlar namoyish qilingan.

Filьm mualliflariga ko‘ra, Sattorov 2012 yili Temur ismini Saidmahdixonga o‘zgartirgan. Filmda u 2011 yil oxiri 2012 yil boshlarida o‘zini oxirzamondagi haq peshvo – Imom Mahdiy, deb e‘lon qilgani aytiladi.

Sattorov rasman Tojikistonning Tursunzoda tumani Rabot jamoatiga qarashli Asbob qishlog‘ida yashab kelgan. 1950 yili Vahdat tumanida tug‘ilgan bu odam yoshligida hatto ikki marta sudlangani haqida ma‘lumotlar bor. Sattorovning Shahrinav va Hisor tumanlaridagi bir necha qishloqda uylari hamda 7 nafar xotini borligi aytiladi.

“Shayx Temur”ga ko‘proq Tojikistonning Hisor vodiysida yashovchi kishilarning ixlosi baland bo‘lib, bu yerdagi odamlar hatto shayxning gapiga quloq solmagan odamlar Xudoning g‘azabiga giriftor bo‘lishiga ishonib kelganlar.

XS
SM
MD
LG