Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:49

O‘shda yangi qurilgan uylar pora berganlar o‘rtasida taqsimlangani iddao qilinmoqda


“Qon bilan boshlangan voqea qon bilan tugashi mumkin”. Bu gapni O‘sh voqealarida jabrlanib,davlat tomonidan qurilgan uylarga erisha olmaganlardan biri - O‘sh voqealari chog‘ida 21 joyiga o‘q tekkanini iddao qilgan Sabirali Abdullayev matbuot anjumanida aytdi. Anjuman ishtirokchilariga ko‘ra, hozirda jabrlangan 130 odamga uy berilmayapti.

O‘sh voqealari chog‘ida 21 joyiga o‘q tekanini iddao qilgan Sabirali Abdullayev hozirgacha badanidagi 12 o‘qni oldirganini aytdi. O‘zganlik Sabirali O‘sh voqealarida jabrlanganlar uchun qurilgan uylardan kvartira olish uchun hujjatlarini O‘sh viloyat davlat ma’muriyatiga topshirgan. Sabiraliga ko‘ra, davlat mulozimlari unga uy berish uchun pora talab qilgan.

- Anara Uso‘no‘va degani telefon qilib: “Telefonda aytiladigan gap emas”, deb meni chaqirdi. Borsam: “Tergovchilarga bermasang bo‘lmaydi”, deb pul so‘radi. Keyin men: “Nimaga pul berishim kerak? Badanimga 21 o‘q tekkan, oldirgan yerlarimni izlari bor. O‘qlar qo‘limda turibdi. Olinmaganlari badanimda turibdi”,dedim. Men pulning miqdorini aytgunicha shunday deganimdan keyin qancha pul so‘rayotganini aytolmay qoldi. Men o‘shanda Anara Uso‘no‘vaga: “Berilsa bekorga berilsin, aks holda men pul berolmayman”, deganman, – deydi Sabirali Abdullayev.

Unga ko‘ra, shundan keyin uni hech kim bu masalada chaqirmagan. O‘zi hokimyatga uy-joy masalasi qanday hal etilganini surishtirishga borganida, uning hujjatlarini tergovchilar tasdiqlamaganini aytishgan. Shundan keyin unga uy berilmay qolib ketgan.

O‘sh voqealari chog‘ida uch yeriga o‘q tekkanini iddao qilayotgan Ulan Ergeshov matbuot anjumanida jabrlanganlar uchun qurilgan uylarning barchasini puli borlar olganini aytadi.

-Faqat puli borlarga uy berildi.Uy berish uchun bizlardan 5-10 ming dollardan pul so‘rashadi. Faqat sud, prokurorlar olib qo‘yishdi uylarni. Pul so‘rashadi. Qirg‘izistonni “bardak” qilgan o‘zbeklar oladi uylarni. Biz uylar ipotekaga berilishiga ham qarshimiz, - deydi Ulan Ergeshov.

“Qirg‘iz jurtum” jamoatchilik tashkiloti raisasi Sapargul Berdaliyevaga ko‘ra, hozirda O‘sh voqealarida jabrlangan, biroq uy ololmagan 130 odam bor. Unga ko‘ra, uy bo‘lishtirishdagi noqonuniy ishlardan mamlakat prezidenti va hukumat rahbari bexabar. Berdaliyeva hukumat rahbarlari bu odamlarning masalasiga e’tibor qaratishi kerak.

Shu yilning may oyi o‘rtalarida O‘sh voqealarida jabrlanganlar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylarni bo‘lishtirish bo‘yicha Davlat komissiyasi 42 xonadon noqonuniy ravishda berilganini aniqlagandi. O‘zini jabrdiyda sifatida ko‘rsatib, sohta hujjatlar asosida davlatdan uy olganlar orasida O‘shning eng boy odamlari ham bor.

Davlat komissiyasi vakillarining ma’lum qilishicha, O‘sh voqealariga aloqador bo‘lmagan o‘ndan ortiq odamga ham noqonuniy ravishda uy berilgan.

Hukumat qarori bilan O‘sh va Jalolobodda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlardan iyun voqeasida jabrlanganlardan tashqari kuch tizimi xodimlari, bolalari OITSga chalingan onalar va imkoniyati cheklangan odamlarga ham berilishi nazarda tutilgan edi. Ayrim odamlar o‘zlarini mana shu toifalarga mansub qilib ko‘rsatib, qalbaki hujjatlar bilan uy olgan.

Aytish joishki, O‘sh voqealari jabrdiydalariga uy bo‘lishtirish ishlari shu yilning may oyida nihoyasiga yetgan. Qolgan uylar ipotekaga sotilishi e’lon qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, O‘sh voqealarida jabrlangan 637 odamga uy berilgan.

O‘sh shahar meriyasining xususiy turar - joy qurish departamenti vakili Qadirali Joldoshbayevga ko‘ra, 2013 yili hukumat rahbari qarori bilan uylarni bo‘lishtirishdagi noqonuniy holatlarni aniqlash yuzasidan ishchi guruh tuzilgan. Komissiya O‘sh va Jalolobodga kelib, uy olish uchun hokimiyatga hujjat topshirganlar hujjatlarini tekshirgan.

-Ularning tekshiruvi natijasida, 2013 yilning avgust oyida ayrim hujjatlar yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur jinoyat ishini tergov qilish uchun maxsus tergov guruhi tuzilgan va hozirgacha tergov ishlari ketmoqda, -deydi Qadirali Joldoshbayev.

Unga ko‘ra, yuqorida tilga olingan shaxslar hujjatlarida ham qator kamchiliklar aniqlangan va shu sababli ularga uy berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning so‘ngida uylarning noqonuniy taqsimlanishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ichki ishlar boshqarmasi o‘ndan ortiq, prokuratura esa 7-8 jinoiy ish ochgani ma’lum bo‘lgandi. Uy olish uchun ro‘yxatga olinganlarning 200ga yaqini hujjatlari noqonuniy degan gumon bilan tekshirilgan.

2010 yilning iyun oyida O‘shda ro‘y bergan qirg‘in paytida 500ga yaqin odam qurbon bo‘lgan. Minglab odamlarning uylari yondirilgan edi. Xalqaro tashkilotlar yordamida O‘sh va Jalolobodda yondirilgan xususiy uylar qayta tiklandi.

XS
SM
MD
LG