Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:15

Navalniy poraxo‘rlikka qarshi yanada qattiqroq kurashmoqda


Sudlangan, jazoga hukm qilingan, ikki marta kesilgan, ukasi shubhali ayblovlar bilan qamalgan va surishtiruv jurnalistikasi bilan shug‘ullanuvchilar hamda siyosiy faollarni o‘ldirganlar jazosiz qoladigan mamlakatda yashovchi odam o‘ziga e’tibor qaratmaslikka harakat qiladi, deb o‘ylashingiz mumkin.

Aleksey Navalniydan boshqa odam aynan shunday qilgan bo‘lar edi.

39 yoshga to‘lgan huquqshunos, blogger va sobiq ishbilarmon Rossiya jamiyatida hukumatga qarshi qarashlari bilan uzoq yillardan beri tanilgan.

Navalniy Kreml qo‘llaydigan yetakchi siyosiy partiyani “Qalloblar va o‘g‘rilar partiyasi”, deb atagan.

2011-12 yillarda esa misli ko‘rilmagan aksilhukumat namoyishlarini uyushtirishda o‘z hissacini qo‘shdi.

Ammo Rossiyada ham, xorijda ham Navalniy o‘zining “Antikorrupsiya jamg‘armasi” tashkiloti bilan Vladimir Putin Rossiyasining eng yuqori tabaqalarida o‘tkazgan taftishlari bilan ma’lum.

Mazkur yilning o‘zidayoq Navalniy o‘z guruhi bilan birga quyidagilar ko‘rib chiqilgan taftishlar bo‘yicha batafsil hisobotlarni e’lon qildi:

- Putinning yaqin hamkori Vladimir Yakuninga tegishli ekanligi iddao qilingan Moskva viloyatidagi qasr; hukumat boshqaruvidagi “Rossiya temir yo‘llari” monopoliyasiga o‘n yil yetakchilik qilgan Yakunin keyinroq o‘z lavozimidan chetlatildi;

- Putinning asosiy matbuot kotibi Dmitriy Peskovning 600 000 dollarlik qo‘l soati va Peskov o‘zining yangi turmush o‘rtog‘i bilan haftasiga 350 000 evro turadigan Maltese Falcon ulkan yaxtasida asal oyi o‘tkazgani haqidagi iddaolar;

- Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Moskva chetida joydashgan pagoda shaklidagi bahaybat qasri; Navalniy guruhi hisoblariga ko‘ra, qasr 18 million dollar qiymatga ega. Ko‘chmas mulk qaydlariga ko‘ra, bu mulk 2009 yil Shoyguning o‘sha paytda 18 yoshda bo‘lgan qizi nomiga o‘tgan;

Shu oy boshida e’lon qilingan navbatdagi taftish yana bir yuqori lavozimli Rossiya rasmiysini – bosh prokuror Yuriy Chaykani mo‘ljalga oldi.

Navalniy va uning tarafdorlari Chaykaning o‘g‘illaridan biri noqonuniy ravishda rus industrial inshootlarini xususiylashtirgani va tushgan foydani Yunonistonda lyuks mehmonxona va Shveytsariyada villa olishga sarflaganini iddao qilmoqda. Ularga ko‘ra, Chaykaning ikkinchi o‘g‘li Rossiyadagi qurilish va rivojlantirish loyihalari uchun o‘tkazilgan noqonuniy hukumat tenderlarini yutgan.

Bu taftish bo‘yicha 1 dekabr kuni YuTubga yuklangan 43 daqiqali rus tilidagi video shu kungacha 3,5 million martadan ko‘p ko‘rildi.

Chayka bu iddaolar o‘z obro‘sini to‘kishga qaratilganini va uni amalga oshirganlarni boshqalar mablag‘ bilan ta’minlaganini aytdi. Xususan, Chayka amerikalik ishbilarmon Uilyam Brauderni aybladi. Brauder g‘arbiy mamlakatlar hukumatlari tomonidan “chaqimchi” huquqshunos o‘limiga aloqasi bor hisoblangan rossiyaliklarga qarshi sanksiya joriy qilinishinida muhim rol o‘ynagan. Biznesmen esa bu ishda qo‘li yo‘q ekanligini aytib keladi.

Navalniy bilan aloqaga chiqib bo‘lmadi, ammo uning asosiy tergovchilaridan biri Georgiy Alburov guruhda o‘z faoliyatini to‘xtatish niyati yo‘qligini bildirdi.

Obzor.press saytida 8 dekabr kuni e’lon qilingan suhbatda Alburov: “Ertami-kechmi, nimadir topamiz, chunki bugungi kunda Rossiyada poraxo‘rlik shunchalik keng tarqalganki, biror narsa topish uchun kurak bilan yer qazishingiz shart emas... darhol Chaykaga o‘xshagan odamni topasiz”, dedi.

2000 yili Putin prezident bo‘lganidan beri jinoyatchilik, poraxo‘rlik yoki boshqa har qanday masala bo‘yicha mustaqil, hukumatga aloqasi bo‘lmagan taftishlar bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar soni keskin kamaydi. Matbuot orasida salmoqli korrupsiya taftishlari bilan haliyam shug‘ullanyotgan sanoqli gazetalardan biri “Novaya Gazeta”dir.

Navalniy o‘z faoliyatini hissadorlik bo‘yicha tanqidchi faol sifatida boshlagan. Keyinroq Rossiyaning eng badavlat ishbilarmonlari hamda yuqori lavozimli siyosatchilari ishtirok etgan shubhali bank kelishuvlari, ko‘chmas mulk savdosi hamda “pochta qutisi” qabilidagi pul yuvishlarni fosh qilgan. Navalniy ko‘rib chiqqanlar orasida bosh vazir o‘rinbosari Igor Shuvalov, milliarder Viktor Vekselberg hamda Rossiyaning eng yuqori lavozimli tegrovchisi Aleksandr Bastrikinlar bor.

Navalniy siyosiy sahnaga 2011 yilgi parlament saylovlaridagi qonunbuzarliklar hamda 2012 yilda Putinning prezidentlikka qaytishiga qarshi minglab odam ishtirok etgan namoyishlarni uyushtirishda ishtirok etganidan keyin keldi. Bu namoyishlar sobiq KGB ofitseri Putinning karyerasidagi eng yirik ommaviy muammo bo‘ldi. Navalniy 2013 yil Moskva meri saylovida Kreml qo‘llovidagi siyosatchi bilan bellashdi va 27 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, ikkinchi bo‘ldi.

Faol bir necha marta qo‘lga olingan, ikki marta jazoga hukm qilingan. Ayblovchilar yana Navalniyning ukasi Oleg izidan tushishgan. Navalniy tarafdorlari hozirgi kunda qamoq jazosini o‘tayotgan Oleg Alekseyni jilovlab turish uchun “asir” olinganini aytib keladilar.

Rossiya kuzatuvchilari uchun Navalniy o‘z taftishlarini davom ettirayotganining o‘zi juda qiziq, ayniqsa liberal muxolifatchi lider Boris Nemsov o‘ldirib ketilganini e’tiborga oladigan bo‘lsak. Fevral oyida Nemsovning Kreml devorlaridan bir necha metr narida o‘ldirilgani mamlakatni larzaga soldi.

2014 yil chop etilgan “Putin kleptokratiyasi: Rossiyaga kim egalik qiladi?” kitobi muallifi, Ogayodagi Mayami universiteti professori Karen Davisha: “Nemsov o‘ldirilishidan avval muayyan tabaqadagi odamlarga tegib bo‘lmasdi, Navalniy va Nemsov o‘sha darajada edi, degan bo‘lardim. Ammo endi hammasi o‘zgardi”, dedi. “Men “Nima uchun u haliyam tirik?” degan savolni berishni yaxshi ko‘rmayman. Bu mening xurofiy ekanligimni ko‘rsatadi”.

Ammo Ozodlik bilan suhbatda Davisha Navalniy kabi muxolifatchilar bilan Kreml o‘rtasidagi munosabat chetdagilar o‘ylagandan murakkabroq ekanligini aytdi.

“Tuzum muhim odamni yo‘qotish o‘zining G‘arbdagi statusini yanada yomonlashtirishini hisoblab chiqqani aniq”, dedi u.

Navalniy loyihalarini uzoq paytdan beri moliyalashtirib kelayotgan sobiq sug‘urta shirkati administratori Roman Borisovich Navalniyning dong‘i va shuhari uni Nemsov kabi qotillik qurboni bo‘lish xavfidan ma’lum darajada himoya qilishini aytdi. Borisovich hozirgi kunda asosan Londonda kun kechiradi.

Borisovich Ozodlikka bergan intervyusida: “Tuzum o‘zgarishi juda xavfli so‘z, ammo Navalniy hech qachon zo‘ravon namoyish yoki demonstratsiya uyushtirishga chaqirmagan. Uning xayoliga revolyutsiya, qurolli qo‘zg‘olon fikri hech qachon kelmaydi”, dedi.

Chayka haqidagi filmning ta’sirini hali ham sezish mumkin. Kreml filmning ahamiyatini ozaytirishga harakat qilib kelyapti. Hech bir rus kanali hujjatli filmni ko‘rsatgani yo‘q. O‘tgan haftada filmni onlayn mukofot nomzodligiga kiritgan festival uyushtiruvchilari Madaniyat vazirligidan festival filmlarini noto‘g‘ri tarqatish haqida ogohlantirish olishdi.

Hujjatli film boshida madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy ko‘p ko‘rsatilgan. Navalniy Medinskiyning Chaykaning bolalari bilan aloqasini ommaviy ravishda so‘roq qilgan.

“Tuzumga qarshi bo‘lishingiz, tuzumdagi korrupsiyasini turli yo‘l bilan fosh qilishingiz mumkin, ammo u – bu go‘l ekanligi haqida tortishish mumkin – u haliyam tinch o‘zgarish sodir bo‘lishiga umid qilmoqda, odamlar sabab bo‘ladigan tuzum o‘zgarishiga, qashshoqlashgan rossiyaliklar, korrupsiya jamiyat saratoniga aylanganini tushunib yetgan rossiyaliklar sabab bo‘ladigan o‘zgarishga umid qilmoqda”, dedi Borisovich.

Markazi Germaniyada bo‘lgan Transparenci Interneyshnel antikorrutsiya guruhining Rossiyadagi bo‘limi yetakchisi Yelena Panfilova Navalniy allaqachon katta ish qilaganini, Rossiyada asta-sekin o‘zgarishlar sodir bo‘layotganini aytdi.

Ozodlik radiosi rus xizmati bilan suhbatda Panfilova: “Pirovardida, bu erda gap korrupsiya bilan kurashish uchungina korrupsiya bilan kurashish haqida ketmayapti. Bu mamlakatni saqlab qolish uchun qilinyapti”, dedi. “Chunki hamma narsa hozirgidek qoladigan bo‘lsa, ertami-kechmi buning barchasi hech kim – hatto qon so‘ruvchilarning o‘zlari ham – tushib qolishni istamaydigan o‘pqonga qulab tushadi”.

Mayk Ekkel maqolasi Ozodlik jamoasi tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi

XS
SM
MD
LG