Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:41

Putin nega Lenindan hayiqadi?


Birinchi rangli inqilob pushti ham, to‘q sariq ham bo‘lmagan. U qizil bo‘lgan. Bu inqilob Tbilisida yoki Kievda boshlanmangan, Vashingtonda yoki Bryusselda rejalashtirilmagan. Ilk rangli inqilob Vladimir Putin tug‘ilgan shaharchada boshlangan edi.

Rossiya deyarli bir asr avval rangli inqiloblarni o‘ylab topgan, desak xato bo‘lmaydi.

Rossiya iqtisodi tobora cho‘kib borar, 1917 yilgi bolsheviklar inqilobining yuz yilligi yaqinlashar ekan, bu noqulay fakt Vladimir Putin xayolini tark etmayotgani aniq.

Mazkur haftada Stavropol shahrida kremlparast yoshlar bilan uchrashgan Putin Vladimir Lenin va bolsheviklarni Nikolay II, uning oilasi va xizmatkorlarini hamda minglab dehqonni o‘ldirgani uchun tanqid qildi va ularni Rossiya davlati ostiga “vaqt bombasini” qo‘yganlikda aybladi.

Prezidentning bu sharhlari ko‘pchilikni hayratga soldi.

Putin Moskavada 21 yanvar kuni – Lenin o‘lgan kunning 92 yilligida ham Leninni tanqid qilgan edi.

“Hokimiyatni g‘oyalarga asoslash yomon emas, ammo bu g‘oyalar to‘g‘ri natijalarga olib kelishi kerak. Vladimir Ilich bilan bunday bo‘lmagan. Pirovardida ularning g‘oyasi Sovet Ittifoqi parchalanib ketishiga sabab bo‘ldi”, dedi prezident.

“Bizga global inqilob kerak emas edi,” deya qo‘shimcha qildi Putin.

Putinning Leninni tanqid qila boshlagani Kreml inqilobning yuz yilligiga qanday yondashishni bilmay, sarosimaga tushayotganini ko‘rsatadi.

Putinning sharhlari yana Rossiya elitasi 2017 yil inqiloblar yiliga aylanishidan qo‘rqayotganini ko‘rsatadi.

Siyosiy tahlilchi Alina Vituxnovskaya yaqinda Putinning Kremli “rangi yoki ma’nosidan qa’ti nazar”, har qanday inqilobdan qo‘rqadi, chunki “rossiyaning bugungi rasmiylari boshlariga [Nikolay II] qismati tushishidan hayiqadi”, deb yozdi.

Kremlning bu xavotirlari bir necha oy oldin yuzaga chiqdi.

Rossiya o‘tgan yilning 7 noyabrida 1917 yilgi oktyabr inqilobining 98 yilligini nishonlash o‘rniga, inqilobning 24 yilligida o‘tkazilgan paradning 74 yilligini nishonladi.

Tushunarsizmi? Kreml aynan shunday bo‘lishini xohlagan.

O‘sha kuni 1941 yilning 7 noyabrida o‘tkazilgan paradni qayta ijro etish uchun Qizil maydonga minglab odam to‘plandi.

1941 yilgi parad ham 1917 yilgi inqilobni nishonlash, ham frontga askar jo‘natish uchun o‘tkazilgan.

Putin uzoq paytdan beri saylovchilarga manzur kelish uchun sovet simvolikasi va o‘sha paytga bo‘lgan nostalgiyadan foydalanib keladi.

Ammo Kreml sovet davrining qaysi jihatlarini olqishlab, qaysi jihatlarini qoralashi tizimning fikrlashi va qo‘rquvlari haqida ko‘p narsani tanlab olishimizga yordam beradi.

1917 yilni ideallashtirish va maqtash – yomon. Iosif Stalinning harbiy distsiplinasi – yaxshi. Inqilob – yomon. Repressiya va harbiy safabarlik – yaxshi. Inqilobchi Lenin yaxshi emas. Davlat quruvchi Stalin esa yaxshi.

Kreml kuzatuvchisi Pol Gobl o‘z blogida yozganidek, Putin inqilob yubileyidan “inqilob”ni olib tashladi.

Gobl Putinning bu harakati uning inqilobiy o‘zgarishdan qo‘rqishini hamda o‘zi qadrlaydigan sovet merosini inqilobiy tarixdan yiroqlashtirishni istashini ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.

Boshqacha qilib aytganda, Putin Kremli rossiyaliklar inqiloblar haqida o‘ylashini xohlamaydi, chunki bu ularning fikrinini “buzishi” mumkin.

Tabiiyki, buning o‘rniga rossiyaliklar e’tiborini urushga, iloji boricha g‘alaba olib keladigan urushga qaratish yaxshiroqdir.

Kreml inqilob yubileyini Stalinning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabasiga bag‘ishlangan bayramga aylantirishidan avval Putin Birinchi jahon urushida Rosiya mag‘lub bo‘lishiga bolsheviklar sababchi ekanligini aytgan edi.

O‘tgan oyning avgust oyida kremlparast yoshlarning “Seliger milliy yoshlar forumi”da so‘zga chiqqan Putin “1917 yilda ayrimlar Rossiyani ichidan larzaga keltirayotgan edi, buning natijasida Rossiya davlat sifatida quladi va o‘zini mag‘lub, deb e’lon qildi”, dedi.

“Bolsheviklar Rossiyaning milliy qiziqishlariga xoinlik qilgan” va “Birinchi jahon urushi frontida rus aksarlari va ofitserlari qahramonlarcha qon to‘kayotgan bir paytda vatanlari mag‘lub bo‘lishini xohlagan”, deya qo‘shmcha qildi prezident.

Ciyosiy tahlilchi Artyom Rondarev Snob nashrida yaqinda chop etilgan maqolasida inqilibning yuz yilligi yaqinlashib kelar ekan, Putin va putinchilar oldida gavdalanayotgan paradoks haqida yozdi.

“SSSRga bo‘lgan muhabbat SSSRni yaratgan inqilob olib kelgan barcha narsa – avangard san’at, feminizm, erkin axloq va ijtimoiy o‘zgarishlarga bo‘lgan nafratni o‘z ichiga oladi”, deb yozdi Rondarev.

Brayan Uitmor

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG