Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:08

Kerri: Rossiya otashkesimni buzmoqda, lekin yaqin orada bu o‘zgarishi mumkin


5 fevral kuni Kerri jurnalistlarga “Rossiya menga otashkesimga amal qilishga to‘la tayyor ekanligini ko‘rsatdi. Eronliklar esa bir yarim kun avval Londonda otashkesimni qo‘llashlarini bildirishdi”, dedi.

“Otashkesim tafsilotlarini ham muhokama qilyapmiz. Rossiyaliklar otashkesimga amal qilish bo‘yicha bir necha konstruktiv taklifni o‘rtaga tashlashdi”, deya so‘zini davom ettirdi Kerri.

“Lekin bu Suriyani bombardimon qilishda davom etish uchun quruq muzokara bo‘ladigan bo‘lsa, hech kim buni qabul qilmaydi. Hammasi keyingi bir necha kun ichida ayon bo‘ladi”.

Suriya armiyasi Rossiya havo hujumlari yordamida Halab shimolida isyonchilarni chekintirib, oddiy fuqarolarga boradigan gumanitar yordam yo‘llarini to‘sib qo‘yganidan keyin, BMT hamkorligida 3 fevral kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan tinchlik muzokaralari to‘xtatildi.

Suriya hukumati hujumlari 6 fevralgacha davom etdi. Shiddatli to‘qnashuvlar natijasida 35 mingdan oshiq oddiy fuqaro Halab shahrini tar etib, Suriya-Turkiya chegarasiga qochib bordi.

Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralar Suriyadagi fuqarolar urushini tugatishga qaratilgan oxirgi ikki yil ichidagi ilk urinish edi. Suriyadagi muxolif guruhlar hukumat oddiy fuqarolarni bombardimon qilishni to‘xtatmasa, muzokaralarda ishtirok etishdan bor tortdi.

Kerrining aytishicha, Rossiya va Suriya dekabr oyida qabul olingan BMR Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini buzmoqda. Bu rezolyutsiya fuqarolarga gumanitar yordam yo‘llarini zudlik bilan ochishga va fuqarolarni havodan bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqiradi.

Bundan tashqari, tashqi ishlar vaziri Rossiya boshqarib bo‘lmaydigan bombalardan foydalanayotganini, natijada Halab shahri atrofida juda ko‘p oddiy fuqaro halok bo‘layotganini aytdi.

“Ular aniq bombalar emas, buning oqibatida juda ko‘p oddiy fuqaro, jumladan, ayollar hamda bolalar o‘lmoqda,” dedi Kerri.

Bosh vazir yana Rossiyani shifoxonalarni mo‘ljalga olishda hamda havo hujumlarida yaralangan shaxslarni qutqarmoqchi bo‘lganlarni ham bombardimon qilishda aybladi.

“Bu to‘xtashi kerak. Hech kimda hech qanday shubha yo‘q. Ammo faqat nolish bilan buni to‘xtatib bo‘lmaydi. Muzokara qilmasak yoki aralashmasak, to‘xtamaydi bu,” dedi Kerri.

Kerri keyingi kunlarda otashkesimga amal qilish hamda fuqarolarga gumanitar yordam yetkazilishiga yo‘l ochib berishga kim jiddiy yondashishini, kim jiddiy yondashmasligi aniqlanishini aytdi.

Kerri keyingi hafta Rossiya, Eron va Suriyadagi mojaroda ishtirok etayotgan boshqa taraflar bilan muzokara olib borish uchun Myunxen shahriga boradi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin Myunxendagi uchrashuvlar davomida Moskva tinchlik o‘rnatish bo‘yicha “yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashlashini” aytdi.

Ro‘yobga chiqmagan tinchlik muzokaralari bo‘yicha BMT xavfsizlik kengashining Nyu-Yorkda yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan keyin jurnalistlarga murojaat qilgan Churkin Rossiya Suriyadagi havo hujumlarini to‘xtatmasligini, AQSh hamda “Islomiy davlat”ga qarshi koalitsiya ham havo hujumlarini amalga oshirayotganini aytdi.

“AQSh yetakchiligidagi koalitsiya-chi? Ular ham faoliyatlarini to‘xtatishadimi?” deb so‘radi Churkin.

Rossiya o‘z havo hujumlari “Islomiy davlat” hamda “Al-Qoida”ning Suriyadagi qanoti “Al-Nusra”ni mo‘ljalga olishini, tinchlik muzokaralari olib borilayotgan paytda ham bu amaliyotlar davom etishi kerakligini aytib keladi.

Ammo Frantsiyaning BMTdagi elchisi Fransua Delatr “tinchlik muzokaralari tizimga qirg‘in qilishda davom etish imkonini beruvchi tutun pardasi bo‘lmasligi” kerakligini aytdi.

XS
SM
MD
LG