Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:14

Pensionerning nafaqasi uning vafotidan so‘ng kimga beriladi?


Pensionerning bir necha oylik nafaqasi berilmagan bo‘lsayu, qariya olamdan o‘tsa, uning pullarini kim va qanday tartibda olishi mumkin, degan savol javobini OzodJavobning navbatdagi sonida izladik.

OzodJavobga Jizzaxdan kelgan maktubda vafot etgan odamning olinmay qolgan nafaqasi uning yaqinlariga berilmagani aytilgan:

“Opam 3 yanvar kuni vafot etdi. Noyabrdan boshlab 2 oylik nafaqasi berilmagan edi. O‘lgan odamning nafaqasini bermas ekan. Davlatga o‘tib ketdi. Opam yolg‘iz, farzandi yo‘q edi. To o‘lgunicha onam yonlarida bo‘ldi. Lekin opamning nafaqa puli onamga berilmadi. Onasi dafn marosimini o‘tkazdi deb, murojaat qilsak ham berishmadi. Uchyoti bir uyda emas ekan deb. Endi davlatga o‘tib ketdi. Bu qanaqasi endi?”, deya so‘raydi jizzaxlik yigit.

Keyingi yillarda pensiya va maoshlarning oylab kechikishi O‘zbekistonda muntazam kuzatilayapti. Ba’zi hududlarda 4-5 oylab nafaqalar kechikishi ham uchrayapti. Shunday paytda nafaqaxo‘r olamdan o‘tsayu, uning berilmay qolgan pullari davlatga qaytariladimi yoki marhumning yaqinlari bu pulni olishga haqlimi, degan savol nafaqat jizzaxlik yigitni balki ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

O‘zbekiston qonunlarini titkilab, pensioner vafot etgan taqdirda unga berilmagan pensiya pullari davlat qaytarilmasligini aniqladik.

Marhumning olinmay qolgan nafaqasiga kim da’vogarlik qilishi mumkin va pulni qay tartibda olish mumkinligiga “FUQAROLARNING DAVLAT PENSIYA TA’MINOTI TO‘G‘RISIDA”gi qonundan javob topdik.

Mazkur qonunning 63-moddasiga ko‘ra, pensioner olishi lozim bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslarga to‘lanadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi vafot etgan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga beriladi.

Demak, vafot etgan shaxsning olinmay qolgan pensiya pullarini olishi mumkin bo‘lgan shaxslar: uning bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va nabiralari 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 16 yoshdan katta bo‘lsa ham 16 yoshga to‘lmasdan nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsalar. Bunda aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmasa ham marhumning pensiya pullarini olish huquqiga ega.

Shuningdek, marhumning ota-onasi, eri (xotini), shuningdek, u vafot etgan kunigacha u bilan birgalikda yashab turgan oila a’zolari bu pulni, ular boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmaganlari taqdirida ham olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga oyning u vafot topgunga qadar o‘tgan kunlari uchun to‘lanadi.

Oilaning bir necha a’zosi murojaat etgan taqdirda pensiyaning ularga tegishli summasi ularning o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Pensioner vafot etgan taqdirda uning oilasiga yoki pensionerning dafn marosimini o‘tkazgan shaxsga eng kam oylik ish haqining to‘rt barobari miqdorida dafn etish nafaqasi to‘lanadi.

Marhumning olinmay qolgan pensiya pullari va uning o‘limidan so‘ng yaqinlariga beriladigan nafaqalarni olish uchun pensioner vafot etganidan keyin 6 oy ichida murojaat etilgan taqdirda to‘lanadi.

XS
SM
MD
LG