Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:57

Qodirjon Botirov mulki ustida janjal boshlandi


Qirg‘izistonlik o‘zbeklar liderlaridan biri, tadbirkor Qodirjon Botirovdan musodara qilingan mulk Jaloloboddagi davlat korxonalari o‘rtasidagi tortishuvga sabab bo‘lmoqda. Musodara etilgan mulk boshqaruvchisi etib tanlangan “Eldik” davlat korxonasi “Qirg‘iz Petroleum Kompani” yopiq aksiyadorlik jamiyatidan 9 gektar yer ijarasi uchun haq to‘lashni talab qilib, sudga murojaat qildi.

Bir paytlar “Eldik” qishloq xo‘jaligi korxonasi o‘zbek tadbirkori Qodirjon Botirovga qarashli bo‘lgan. Hozirda mamlakat tashqarisida muhojiratda yashayotgan tadbirkor 2010 yilda Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan qonli voqealarga aloqadorlikda ayblanib, sirtdan sud qilinishi ortidan korxona davlat foydasiga musodara qilingan. “Eldik” korxonasi yaqinda Jalolobod tumanlararo sudiga murojaat qilib, “Qirg‘iz Petroleum Kompani” yopiq aktsiyadorlik jamiyatidan 3,2 million som miqdorida pul undirilishini talab qildi.

“Davlat foydasiga musodara qilingan va davlat mulkini boshqari Jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazilgan mazkur 9 gektar yer xususida Oliy sud qarori bor. Jamg‘arma tomonidan “Eldik” davlat korxonasi tashkil etilgan va bu korxona qonunda ko‘rsatilgan tartibda mazkur yerlarni o‘z balansiga oligan. Lekin qandaydir sababga ko‘ra, Jalolobod meriyasi erni “Qirg‘iz Petroleum Kompani”ga ijaraga berib yuborgan. Bu shirkat ijara haqini to‘lama kelmoqda, shuning uchun sudga murojaat qildik”, deya bildirdi davlat korxonasi yuristi Abdalil Attokurov.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Suzoq tumani hokimiyati 1998 yilda 1,9 gektar yerni Qodirjon Botirovga qarashli “Qirg‘izvneshrans” firmasi balansiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqargan.

“Lekin mahalliy amaldorlar hujjatlarni qalbakilashtirib, ajratilgan maydonni 9 gektargacha ko‘paytirgan. Hujjatni qalbakilashtirgan amaldor 2009 ylda sud qaroriga ko‘ra, javobgarlikka tortilgan. Lekin yerlarni “Qirg‘izvneshtrans” balansidan chiqarishmagan. Oliy sud qaroridan keyin Qodirjon Botirovning hamma mulki, jumladan bu yerlar ham davlat tasarrufiga o‘tkazildi”, deya ta’kidlaydi “Qirg‘iz Petroleum Kompani” huquqshunosi Marat Moydinov.

Uning yana aytishicha, bu yer maydonlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan “Eldik” davlat korxonasi ijara haqini oyiga 294 ming somga chiqarib olgan.

Qodirjon Botirovning mulklari ustidagi tortishuvga Jalolobod shahar hukumati ham aralashgan. Shahar hokimiyati tumanlararo sudga murojaat qilgani sababini meriya yuristi Chingiz Eshenov bunday izohlaydi.

“Mazkur yerlar “Qirg‘iz Petroleum Kompani”ga 2004 yilda 49 yillik muddatga ijaraga berilgan. 2014 yil 18 dekabrda qabul qilingan davlat foydasiga musodara etilayotgan mulk ro‘yxatini o‘z ichiga oluvchi davlat aktini bekor qilish maqsadida sudga murojaat qildik. Biz shuningdek davlat mulkini boshqari jamg‘armasining 2015 yil 20 fevral kuni qabul qilingan 9 gektar yerni boshqa tashkilot tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi akti bekor qilinishini talab qilyapmiz”, deydi yurist.

Qodirjon Botirov 2010 yil iyun O‘sh voqealariga aloqadorlikda ayblanib, Qirg‘iziston sudi tomonidan sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan. Hozirda mamlakat tashqarisida muhojiratda yashayotgan tadbirkor o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni siyosiy, deya atagan.

2010 yilda Qirg‘iziston janubida etnik nizolar asosida yuzaga chiqqan zo‘ravonliklar, buning ortidan 4 kun — 10 iyundan 14 iyunga qadar davom etgan qonli voqealar chog‘ida hukumat hisobicha, 450 odam o‘lgan, minglab odam yaralangan, yana minglab odam uyini tashlab qochishga majbur bo‘lgan.

O‘sh va Jaloloboddagi huquq faollari hamda o‘zbeklar jamoalari etakchilari hisobicha, qurbonlar hamda jabrlanganlarning aksariyatini o‘zbek millatiga mansub fuqarolar tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG