Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:50

Qirg‘iz jurnalisti: Rahmat, senga O‘zbekiston!


Qirg‘izistonlik jurnalist Qudret Taychabarov o‘z Internet blogida Toshkentda o‘tgan futzal bo‘yicha musobaqalarda qirg‘iz futbolchilarini o‘zbeklar o‘ta qizg‘in qo‘llab-quvvatlagani, ayrim futbol muxlislari “Qirg‘iziston”, deb hayqiraverib, ovozlari bo‘g‘ilib qolganini yozar ekan, bu holatni bag‘rikenglik namunasi o‘laroq taqdim etdi. Mazkur blog ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab odamlarning ijobiy emotsiyalariga sabab bo‘ldi.


Quyida qirg‘iz jurnalistining blogini o‘zbek tiliga tarjima qilib, e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Tarjimon imkoni boricha, avtor stilistikasi va maqola ruhini originaliga mos ravishda saqlab qolishga harakat qildi.

“Men boshidan oxirigacha tomosha qilgan futzal bo‘yicha qit’a birinchiligi O‘zbekistonning Toshkent shahrida yakunlandi. Ko‘pchilik sport mutaxasislari qirg‘iz polvonlarining Osiyo birinchiligida qo‘lga kiritgan medallari haqida gapirishdi. Men bu voqeaga uncha e’tibor qaratmadim. Negaki, Qirg‘iziston kurash bo‘yicha dunyoning kuchli komandalaridan biriga ega ekani hammaga ma’lum. Men, polvonlarimiz o‘z majburiyatlarini bajardilar xolos, deb hisoblayman.

Futzal bo‘yicha Qirg‘iziston terma jamoasi Toshkentda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Komandamiz vitse chempion o‘zbek to‘pteparlari bilan o‘z guruhida 1-o‘rin uchun qattiq bellashdi, pley-offda esa mazkur turnirning chempioni bo‘lgan Eron bilan musobaqalashib, turnirdan chiqib ketdi. Agar Eron bilan emas, boshqa komanda bilan bellashganimizda, sovrinli o‘rinlardan birini egallashimiz aniq bo‘lib qolgan edi. Eron komandasi dunyodagi kuchli jamoalardan biri. Ular Italiya, Braziliya, Ispaniya komandalari bilan teng darajada o‘ynay oladi. Ularda pul ko‘p bo‘lgani uchun futbolchilari faqat futbolchi bo‘lib ishlaydi, farovon yashaydi. Bizda esa futbolchilar asosiy ishidan chiqqanidan so‘ng kechqurun trenirovkaga boradi, uy-ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib, futbolga to‘la e’tibor qarata olmaydi.

Mana shu sababli ham biz rivojlana olmayapmiz. Agar boshqa davlatlardagi kabi hukumatimiz sportga qattiq e’tibor qaratganida, bizning yigitlarimiz ham o‘zbek futbolchilaridan qolishmaydigan darajada o‘ynay olar edi.

Shu o‘rinda ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan bir voqeani aytib beray. Bir marta bizning futzalchilar bir obro‘li turnirdan sovrin olib qaytishsa, ularni Oq uyning 7 –qavatiga chaqirishib (Oq uy - Qirg‘iziston prezidenti devoni va parlament joylashgan bino. Qirg‘iziston prezident ima’muriyati 7-qavatda joylashgan –tarjimon) 500 so‘mlik (hozirgi kurs bo‘yicha 6,5 dollar - tarjimon) Xitoy soatlarini sovg‘a qilishibdi.O‘shanda futbolchilarimiz juda norozi bo‘lgan ekan. Futbolchilar keyingi turnirlarda pley-offga chiqish bellashuvini har bir futbolchiga 800 dollardan tegadigan qilib sotib, yutilib berishar ekan.

Menimcha, ular to‘g‘ri qilishadi. Agar davlat ularning qadriga yetmasa, bu bechoralar oilalarini yana qanday yo‘l bilan boqishi kerak? Futbolchilarimizdan tashqari polvonlarimiz, bokschilarimiz oltin va bronza medallarini katta pulga baholab, tirikchilik qilib kelishayapti.

Ayrimlar futbolchilar Avstraliya bilan bo‘lgan musobaqani ham pulga yutqazib berishdi, deb aytishadi. Biroq ularga dunyo birinchiligida qatnashgan har bir jamoa FIFAdan 50 ming dollardan pul oladi, deb aytdim. Shuning uchun bu o‘yinni yigitlarimiz sotmagan, faqat ularning tajribasizligi pand berdi va o‘sha o‘yinni yutqazdik. Shunga qaramay, Osiyo chempioni bo‘lgan yaponlarni 6:2 hisob bilan mag‘lub etishimiz yangi qirg‘iz tarixiga yoziladigan voqea bo‘ldi.

Mazkur postimda men quvonch bilan ta’kidlamoqchi bo‘lgan voqea yuqoridagi suratda aks etgan. Bahri dilim ochilib, ichimga iliqlik yugurdi. Qo‘zimdan yosh triqirab oqib ketdi. Qirg‘iziston komandasi Livan, Saudiya Arabistoni, Eroon, Yaponiya, Avstraliya komandlalari bilan musobaqalashayotganda zaldagi o‘zbek ishqibozlari “Qirg‘iziston”, deb hayqirib, ikki aka-ukaning bolalari bir-birini qanday qo‘llasa, qirg‘iz futbolchilarini ana shunday ishtiyoq bilan qo‘llab turdi.

Ayrim o‘zbek fanatlarining ovozlari Yaponiya-Qirg‘iziston bellashuvida bo‘g‘ilib qoldi. Biznikilar g‘alaba qozonganida esa ularning suyunganini ko‘rsangiz edi!!! Menimcha, agar Osiyo birinchiligi Bishkekda o‘tganida edi, bizning fanatlar qo‘shnilarimizning futbolchilarini bu darajada qo‘llab-quvvatlay olmas edi. Negaki, tarixning ayrim sahifalarida bir-birimiz bilan janjallashib qolgan vaqtlarimiz bo‘lgan.

Mana shu hayolga borib o‘zimdan juda uyalib ketdim. Nega o‘zbek sportchilarining darajasi, reytingi bizning jamolamizdan past bo‘lishiga qaramay, ular bizdan ko‘ra a’lo darajada o‘ynashadi, degan savolga javob topganday bo‘ldim. Bilsangiz, sportda bag‘rikenglik, keng fe’llik, kechirimli bo‘lish muhim ekan, uzoqdagi birovni emas, yaqin tug‘ishganing bo‘lgan qo‘shningni ko‘nglini ko‘tarib, quvvatlab tursang, Yaratgan ham “kel, shu bag‘rikenglarga omad beray”, der ekan. Balki shu sababli ham O‘zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo‘lib, Eron bilan teng bahslasha olayotgandir?

Fe’limizni keng qilaylik, qirg‘izlar! Musulmon birodarlar bir-birini qo‘llab-quvvatlashi farz amaldir.

Rahmat, O‘zbekiston!!! Boshqalar unutsa ham, men sening qo‘llab-quvvatlaganingni hech qachon unutmayman!!!

XS
SM
MD
LG