Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:01

Tramp va Klinton "Superseshanba"da liderlikni saqlab qola oldi


2016 yilning 1 marti seshanbaga to‘g‘ri keldi va bu kun AQShda “superseshanba”, deb ataldi. Chunki aynan shu kuni mamlakat prezidenti lavozimi uchun birlamchi saylovlar birdaniga 12 ta shtatda, shu jumladan Texas va Jorjiya kabi ulkan shtatlarda bo‘lib o‘tdi.

Bundan oldingi saylov kampaniyalari tajribasiga tayanib fikr bildirgan tahlilchilarga ko‘ra, “superseshanba” natijalari joriy yil noyabrida o‘tadigan saylovda prezidentlikka aynan kimlar da’vogar bo‘lishini aniqlab beradi.

“Superseshanba”ning dastlabki natijalariga qaraganda, AQSh prezidenti lavozimiga nomzodlikka da’vogarlar orasida Respublikachilar partiyasidan Donald Tramp hamda Demokratlar partiyasidan Xillari Klintonlar saylovoldi poygasida ilg‘orlikni qo‘lga kiritgan.

Senator Tramp 6 ta shtatda o‘tkazilgan birlamchi saylovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

AQSh sobiq Davlat kotibi Klinton esa, 7 ta shtatda yutdi.

Nomzodlikka boshqa da’vogarlar esa, quyidagicha natijalarga erishdi.

Donald Trampning asosiy raqibi sifatida bo‘y ko‘rsatgan texaslik respublikachi senator Ted Kruz o‘z shtati va Oklaxomada eng ko‘p ovoz oldi.

Boshqa bir respublikachi da’vogar, Florida shtatidan saylangan senator Marko Rubio Minnesota shtatida o‘zining birinchi g‘alabasiga erishdi.

Senator Berni Sanders Xillari Klinton uchun asosiy raqibdir. U o‘zining Vermont shtatida, shuningdek, Kolorado, Minnesota va Oklaxoma shtatlarida g‘alabani qo‘lga kiritdi.

“Superseshanba” kuni birlamchi saylovlar va partiyalarning “kokus”, deb ataladigan yig‘ilishlari 12 ta shtatda o‘tkazildi. Bu anjumanlar natijalaridan kelib chiqib Respublikachilar va Demokratlar partiyalarining Butunamerika qurultoylariga delegatlar saylanadi. AQSh prezidenti lavozimiga aynan kimlarning nomzodi ko‘rsatilishi ana o‘sha qurultoylarda ma’lum bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG