Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:28

Shvetsiya sudi Obid qoriga suiqasd ishida yana bir o‘zbekni hibsga olishga order berdi


Tigran Kaplanovning sudga taqdim qilingan va soxta ekani taxmin qilinayotgan pasportidan nusxa.
Tigran Kaplanovning sudga taqdim qilingan va soxta ekani taxmin qilinayotgan pasportidan nusxa.

Ostershund sudi o‘zbekistonlik ulamo Obid qori Nazarovga suiqasd ishi tergovi doirasida asli o‘zbekistonlik Rossiya fuqarosi Tigran Kaplanov (Umid Aminov)ni hibsga olishga order berdi. 4 mart kungi mahkama qarori bilan bu shaxs Obid qorini otgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyni yollash va uning suiqasd ijrosi bilan bog‘liq sarf-harajatlarini to‘lashda gumon qilinmoqda. Kaplanov nomi ayni paytda Istanbulda otib ketilgan o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriy ishida ham asosiy figurantlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

"Kaplanov Jukovskiyni yollagan"

Ostershund sudining Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan 4 mart kungi qarorida 37 yashar Rossiya fuqarosi Tigran Kaplanov (shuningdek, Umid Aminov nomi bilan tanilgan) shaxs Shvetsiyadan boshpana olgan o‘zbekistonlik imom Obid qori Nazarovni o‘ldirish uchun Yuriy Jukovskiyni yollagani da’vo qilingan.

Ostershund sudi qarori
Ostershund sudi qarori

Qarorda aytilishicha, Kaplanov-Aminov 2011 yil noyabridan 2012 yilning fevraliga qadar O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyning Shvetsiyaga borishi uchun viza olib berish va u yerda Obid qorini topishi bilan bog‘liq sarf-harajatlarni to‘lashda gumon qilinmoqda.

Shvetsiya matbuotiga intervyu bergan prokuror - Obid qoriga suiqasd urinishini tergov qilayotgan Krister Petersson Kaplanovning hozir Rossiyada ekanini taxmin qilmoqda.

Bu hukm asosida endi shved huquq-tartibot idoralari Tigran Kaplanovning Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishini Rossiyadan rasman talab qilishi mumkin.

"Kaplanovning Shvetsiyaga ekstraditsiyasi oson bo‘lmaydi"

Shved matbuotiga intervyu bergan Petersson: "Agar shunday bo‘lsa (Kaplanov Rossiyada bo‘lsa - tahr.) uning Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishiga erishish oson kechmaydi", dedi.

Ostershund sudi qarori
Ostershund sudi qarori

Petersson Tigran Kaplanov (Umid Aminov) nomini o‘zbekistonlik imom Obid qori Nazarovga nisbatan 2012 yilning fevralida amalga oshirilgan suiqasdga oid to‘rtta mahkamaning barchasida tilga oldi.

Xususan, suiqasd ijrochisi sifatida sudlangan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiy ham mahkamalarda Kaplanov-Aminovni tanishi va u bilan aloqada bo‘lgani, uning ko‘magida Shvetsiyaga kelganini tasdiqlagan.

"Jukovskiy Kaplanov bilan aloqasini tasdiqlagan"

Mahkamalarda boshdan-oyoq ishtirok etib kelayotgan Dovudxon Obidxon o‘g‘liga ko‘ra, Obidxon qorining himoyasi Tigran Kaplanovning suratini Jukovskiyga ko‘rsatgan:

- O‘shanda Jukovskiy bu shaxsni tanishini tan olgan. "Menga hamma hujjatlarni shu shaxs bergan, men hujjatlarni unga oborib topshirganman, hujjatlarning hammasini menga Kaplanov qilib bergan", deb aytgan edi, - deydi Dovudxon Obidxon o‘g‘li.

Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, 37 yashar Tigran Kaplanov asli O‘zbekiston fuqarosi Umid Aminovdir. Unda Qirg‘iziston va Rossiyadan olingan soxta pasportlar borligiga oid ma’lumotlar Ozodlik tasarrufida mavjud. Shuningdek, prokuror Krister Petersson ham Kaplanovga oid ko‘rilgan Rossiya pasportining soxta ekanini ehtimoldan soqit qilmayotir.

Muhimi, ayni shaxsning nomi Istanbulda o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriyga nisbatan suiqasd ustidan borayotgan mahkamada tilga olinmoqda.

"Tepkini bosganga 200 ming dollar berilgan"

Turkiyadagi nufuzli Yeni Shafak gazetasida bosilgan Tepkini bosganga 200 ming dollar berildi” sarlavhali maqolada iddao qilinishicha, Istanbulning Baqirko‘y tumanidagi og‘ir jazo mahkamasida bo‘layotgan sudda ham Tigran Kaplanov (Umid Aminov) qotilliklarni pul bilan ta’minlagan tashkilotchi sifatida ilgari surilmoqda.

Istanbul sudidagi da’voga ko‘ra, o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriyni otgan Turkiya fuqarosi Eldor Aslonga 200 ming AQSh dollari miqdorida pul to‘langan.

Istanbul mahkamasida Shvetsiya va Turkiyadagi o‘zbekistonlik imomlarni o‘ldirish uchun 20 kishilik killerlar guruhi yollangani va buni tashkil qilgan bir necha o‘zbekistonlik nomi tilga olinmoqda.

Bitta aybdor umrbod qamoq jazosini oldi

Shvetsiyadagi suiqasdning ijrochisi sifatida aybdor topilgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyga Sundsval shahar sudi 1 mart kuni umrbod qamoq jazosini berdi.

Shvetsiya prokurori Krister Petersson Obid qori Nazarov ishi bo‘yicha ayblov xulosasida O‘zbekiston hukumatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblamagan bo‘lsa-da, Jukovskiy suiqasdni “O‘zbekiston hukumati buyrug‘iga ko‘ra” amalga oshirgani xususidagi iddaolarni ilgari surganini bildirgan.

58 yoshli Obid qori Nazarov 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida tomonidan otib ketilgan.

O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Obid qori Nazarov o‘shandan buyon shifoxonada yotibdi.​

XS
SM
MD
LG