Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:59

Farg‘onada "kamolotchi"lar ayollarga bepul hammollik qilmoqda


8 mart kuni Farg‘onaning Qo‘qon shahrida xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan jamoat transporti ayollarni manziliga bepul eltib qo‘ymoqda. Farg‘ona shahrida “Kamolot” tashkiloti faollari bozorga kelgan ayollarni yukini qo‘lidan olib, mashinagacha yoki avtobus bekatigacha tashib bermoqda. Xorazmdagi avtomoykalarda ayol haydovchilarning mashinalari bepul yuvilmoqda. Poytaxt Toshkentda esa kino va estrada yulduzlari 8 mart kuni ayollarga bepul xizmat qilish uchun taksi ruliga o‘tirdi.

Qo‘qon shahrida o‘nta yo‘nalishda qatnovchi barcha avtobuslarda 8 mart xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan xizmat bepul qilib qo‘yildi.

Bayram kuni avtobus ruliga o‘tirgan qo‘qonlik avtobus haydovchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda: “Bayram kunida ularni quvonchlariga sherik bo‘layotganimizdan va tekin xizmat ko‘rsatyotganimizdan xursandmiz", deydi.

Farg‘ona shahrida esa O‘zbekistondagi hukumat tarafidan moliyalanadigan "Kamolot" yoshlar harakati faollari bozorga kelgan ayollarni yukini qo‘lidan olib, mashinagacha yoki avtobus bekatigacha tashib, bepul hammollik qilmoqda.

Harakatning Farg‘ona shahar kengashi matbuot xizmati mulozimining Ozodlikka aytishicha, 8 mart kuni ayollarga bepul hammollik qilish uchun yuzdan ziyod “kamolotchi” shahar bozoriga tashlangan.

“Kamolotchi”lar bayram kunida ayollarga beminnat yordam berayotganini Farg‘onaning Markaziy dehqon bozori sotuvchisi Xoldor aka ham tasdiqlaydi.

- Bozorni oldida turishibdi. “Opajon, bering sumkangizni”, deb ayollarimizni qo‘lidagi zil-zambil yukini yerga ham qo‘ymasdan avtobus bekatigacha tashib berishyapti, baraka – topgurlar, – deydi Farg‘onaning Markaziy dehqon bozori sotuvchisi Xoldor aka.

O‘zbekistonda 8 mart xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ayollarni tabriklash maqsadida o‘tkazilayotgan aksiyalar faqat shular emas.

O‘zbekistonning ko‘pgina shaharlarida avval bo‘lgani kabi bu yil ham yo‘l-patrul xizmati xodimlari ayol haydovchilarni to‘xtatib, ularga bayram munosabati bilan gul sovg‘a qilishmoqda.

Xorazmdagi avtomoykalarda ayollar minib kelgan avtomobillar bepul yuvib berilmoqda.

Toshkentlik korchalonlar bayrami kuni taksichilik qilib, ayollarga bepul hizmat qilib berishmoqda.
Toshkentlik korchalonlar bayrami kuni taksichilik qilib, ayollarga bepul hizmat qilib berishmoqda.

- Mashinani ayol minib kelsa bo‘ldi, bepul yuviladi. Kechki 6 tigacha davom etadi bu aksiyamiz, - deydi Urganchdagi avtomobilga avtomobilga xizmat ko‘rsatuvchi “Ferrari” xususiy shirkati rahbari Egam Qurbonboev.

Bayram kunida ayollarga saxovatpeshalikda poytaxtlik korchalonlar ham chetda qolmadi.

Toshkentdagi ellikdan ortiq shirkat rahbarlari bilan bir qatorda estrada va kino yulduzlari ham 8 mart bayrami kuni taksichilik qilib, ayollarga bepul xizmat qilib berishmoqda.

Bu aksiyaga Toshkentdagi "Mytaxi" xizmati bosh qo‘shgan:

- Ayollarimiz o‘z bayramlari kunida mytaxi.uz sayti orqali taksi chaqirishadi va taksi ruliga o‘tirgan yulduzlardan biri uni shaharni istagan nuqtasiga bepul eltib qo‘yadi, - deydi Toshkentdagi “Mytaxi” hizmati xodimi.

8 mart kuni ayollarga bepul taksichilik qilib berishga bel bog‘lagan xonandalar orasida "Zarba" guruhi doirachilari ham bor. Guruh a’zosi Ulug‘bek Alimardonov o‘zining Malibu avtomobilida bu aksiyaga qo‘shilganini aytadi.

-O‘zi uch soatga aytilgandi, ertalabdan tushgacha o‘zini Malibu mashinamda xizmat qilib berdim, - deydi o‘zbekistonlik doirachi.

Ayni paytda O‘zbekiston viloyatlari va poytaxtda bayram kuni bozorlarda umumiyatla narx-navo, xususan, oziq-ovqat narxlari ko‘tarilgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG