Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:04

Naqd pul taqchilligi bois omonatchilar o‘z pullarini ololmayapti


O‘zbekiston tijorat banklari fuqarolarning naqd pulda qo‘ygan omonatini naqdsiz ko‘rinishda qaytarishni taklif etmoqda. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, mamlakat iqtisodida yuzaga kelgan naqd pul taqchilligi endi banklarning omonatchilar puliga hiyonat qilishiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, tijorat banklari fuqarolar omonatini vaqtida qaytarish uchun ma’suldir va bu talabni buzgay moliya muassasalari jarimaga tortilishi ko‘zda tutilgan. Ozodlik suhbatlashgan bank xodimlariga ko‘ra, naqd pul muammosini hal etish bo‘yicha hukumat tarafidan amaliy choralar ko‘rilmayotir.

O‘zbekistonliklar boshdan kechirayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarni yanada og‘irlashtirgan naqd pul taqchilligi muammosi bilan bog‘liq vaziyat kun sayin keskinlashayotganini kuzatish mumkin.

So‘nggi ikki yilning asosiy iqtisodiy muammosiga aylangan naqd pul taqchilligi endi fuqarolar tijorat banklariga qo‘ygan omonatlarini ololmayotganiga sabab bo‘lmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan Agrobank mijozi bir necha yil avval naqd pul ko‘rinishida qo‘ygan omonatini olish muddati kelib, bankka borganda unga naqd pul yo‘qligi aytilib, omonatni bank to‘lov kartasiga tushirib berish taklif etilganidan shikoyat qildi.

“Masalan, bizning Agrobank misolida buni ko‘rish mumkin. Muddati kelgan omonatni plastik kartada qaytarishni taklif qilishyapti. Nima uchun naqd pulda qo‘yilgan omonatni plastikda olishimiz kerak?” deb yozdi Agrobank omonatchisi.

O‘zbekistondagi yirik tijorat banklaridan birining mulozimi Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda, naqd pul taqchilligi omonatlarning vaqtida qaytarilmayotgani va naqdsiz ko‘rinishda qaytarish taklif etilishiga sabab bo‘layotganini tasdiqladi.

“Hozir naqd pul muammosi kun sayin og‘irlashayotganini bilasiz. Naqd bo‘lmagandan keyin plastikka tushirib berish taklif etilyapti, bu to‘g‘ri. Lekin banklarning bunga haqqi yo‘q. Bankda pul bo‘lsa, birinchi navbatda omonatchilarga qaytarilishi kerak, degan talab bor. Bu talabni buzga banklarga jarima solinadi. Lekin naqd pul bo‘lmasa, bank nima qila oladi. Yo‘q deganda plastikka tushirib beraylik deydida”, deydi bank mulozimi.

Yana bir tijorat bankining shaxsini ochiqlashni istamagan xodimi ham banklarning omonatni naqd pulda qaytarishi shart, bank kartasiga tushirib berish taklifi esa mijozni aldashga urinishdan boshqa narsa emas, deya ta’kidladi.

“Bunday taklif qonunga xilofdir. Bu haqda prezidentning maxsus farmoni bor – omonat qanday ko‘rinishda qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha ko‘rinishda qaytarilsin, degan. Bu yerda, shunchaki, naqd pul tanqisligi vaziyatidan chiqish maqsadida tijorat banklari shunday takliflarni qilmoqda, kimdir rozi bo‘lsa, o‘xshab qolsa, degan umid bilan. Lekin bu mijozni aldashdir. Pulni majburan kartaga o‘tkazishga haqqi yo‘q”, deydi bank xodimi.

Naqd pul taqchilligi vaziyati kun sayin mushkullashayotganiga qaramasdan, hukumat tarafidan muammoni hal etish borasida choralar ko‘rilmayotgani ko‘pchilikni hayron qoldirmoqda, deya davom etadi suhbatdosh.

“Naqd pul taqchilligi oqibatida maoshlar, pensiyalar vaqtida berilmayotganini ko‘ryapmiz. Pensiyalarni ommaviy tarzda plastikka o‘tkazishyapti. Endi omonatlarni plastikka o‘tkazishni taklif qilishyapti. Agar shu chora bilan muammoni hal qilishga umid qilishayotgan bo‘lsa, demak vaziyat yanada og‘irlashishini kutishimiz mumkin. Bu tizimli muammo, uni hal etish uchun bank tizimini, soliq tizimini, pul siyosatini isloh qilish kerak. Lekin bundan darak yo‘q. Islohotlar qanchalik kechiktirilsa, vaziyat yomonlashishda davom etaveradi”, deydi bank xodimi.

Uning aytishicha, O‘zbekiston banklariga omonat qo‘yuvchilar shundoq ham yildan yilga kamayib bormoqda. Omonatchilar asosan pullarini uyda saqlashni odat qilmagan qariyalar hamda bankda ishlaydigan qarindoshlari iltimosiga ko‘ra, omonat qiladigan fuqarolardan iborat, deydi u.

O‘zbekistonda naqd pul taqchilligi ayniqsa keyingi ikki yilning hodisasiga aylandi. Bu muammo maosh va pensiyalarning bir necha oylab kechiktirilishiga sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda.

Shu hafta boshida birgina Toshkent viloyatida fevral oyi pensiyalarini to‘lash uchun 90 milliard so‘m yetishmagani haqida Ozodlik xabar qildi.

O‘tgan yilning aprel oyida Markaziy Bank rahbariyati mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan maktubida yuzaga kelgan naqd pul taqchilligi tez orada hal etilmasa, oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan edi.

XS
SM
MD
LG