Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:30

Surxondaryoda militsiya "Damas"larni tekshirmoqda, aholi vahimada


Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida militsiya xodimlari “Damas” mikroavtobuslarini birma-bir to‘xtatib, tekshirmoqda. Chorshanba kunidan barcha yo‘nalishdagi “Damas” taksilari harakatlari vaqtincha to‘xtagan.

Surxondaryolik haydovchilarning Ozodlikka aytishicha, tekshiruvlar sabab shaharga kiraverishdagi postlarda tiqilinch yuzaga kelgan:

– Hozir “Damas”larni oblava qilishayapti. Hamma postda to‘xtatayapti. “Kapotini och”, deydi, kabinani ichini tekshiradi. Hujjatlarni ko‘radi. Tekshiruvlar sababi haqida hech narsa aytmaydi. Yo‘llar tiqilinch bo‘lib ketgan, - deydi ismi sir qolishini istagan surxondaryolik “Damas” haydovchisi.

Tekshiruv sabablari haqida aholiga aniq ma’lumot berilmayotgani shaharda terrorchilar bosh ko‘targani haqidagi vahimali gap-so‘zlarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda¸ deydi Ozodlik gaplashgan termizliklardan biri:

- Har-xil gap-so‘z. Nima bo‘lganini aytishmayapti. Shaharda terrorchilarni ushlashayapti, terrorchi “Damas”ga bomba qo‘yib, shaharga kirmoqchi bo‘lgan, deyishayapti. Ko‘chaga chiqishga ham qo‘rqayapmiz, - deydi O‘zbekistonning Afg‘onistonga tutash eng janubiy viloyatida yashovchilardan biri.

Viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi “Damas” mikroavtobuslarini yoppasiga tekshirish amaliyoti Surxondaryo viloyati bo‘yicha o‘tkazilayotganini tasdiqladi, lekin bu tekshiruvlar terrorchilarni ushlash bo‘yicha o‘tkazilayotganini rad etdi:

- “Damas”da yo‘lovchini urib yuborib, voqea joyidan qochgan shaxs qidirilmoqda. Yo‘lovchi o‘lgan, “Damas” haydovchisi qochib yuribdi. Hozir barcha postlarga “Damas” mikroavtobuslarini to‘xtatib, tekshirish aytilgan. Yo‘nalishdagi “Damas” taksilari harakati to‘xtatilgan. Buni terrorchilikka hech aloqasi yo‘q, - dedi Ozodlik manbasi.

Avvalroq, O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida o‘tkazilgan bu kabi tekshiruvlar aholi orasida terrorchilik xurujlari borasidagi turli mish-mishlarni keltirib chiqargan edi.

O‘tgan yili Surxondaryo viloyatining Afg‘onistonga chegaradosh hududida qo‘shni davlatdan "ehtimoliy terror hujumi"ni qaytarish bo‘yicha mashqlar o‘tkazilgan va bu aholi orasida vahimali gap-so‘zlar tarqalishiga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG