Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:01

Hibsga olingan sobiq hokim tergov paytida yurak xurujiga uchragani aytilmoqda


Toshkent viloyati sobiq hokimi Ahmad Usmonov
Toshkent viloyati sobiq hokimi Ahmad Usmonov

Bir biridan mustaqil manbalardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, MXX yerto‘lasidagi so‘roq va yuzlashtiruv chog‘ida Toshkent viloyatining sobiq hokimi 59 yashar Ahmad Usmonov yurak xurujiga uchrab kasalxonaga yotqizilgan.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasi va sobiq hukumat mulozimining aytishicha¸ “xizmat vakolatini suiiste’mol qilganlik, kadrlar tanlashda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yganlik va poraxo‘rlik"da gumonlanib tergov qilinayotgan Usmonov yuragi bilan bog‘liq muammo oqibatida kasalxonada muolaja olayotgtanligi aytdi.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha¸ hibsga olingan Usmonov "sakkiz soatlab davom etgan intensiv so‘roq paytida mikroinsult bo‘lib hushidan ketgan".

“Gvardeyskiy ko‘chasidagi podvalda so‘roq berganida yuragi bejo urgan. Doktorlar mikroinsult deyishgan. Voqea o‘tgan hafta boshida bo‘ldi. "Ochniy stavka paytida xushdan ketdi", deyishdi. Andijon shahar sobiq hokimi Nurillo Alimov unga qarshi ochniy stavkada pokazanie berganida yurak xuruji boshlandi. Tergovda qiynoq bo‘lmagan chunki so‘roqni MXXning iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tergovchilari olib boryapti”, deydi Ozodlik manbasi.

Nurillo Alimov 2015 yilning aprelida iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, Andijon hokimi lavozimidan chetlatilgani va hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan.

Ayni paytda, hibsga olingan "sobiq hokim tergov paytida o‘ldi" degan gap-so‘zlar ham paydo bo‘lgan. Lekin bu mish-mishlarni Ozodlik manbalari tasdiqlashmadi. "Ahmad Usmonov yurak kasali bilan kasalxonaga yotqizilgan", deya bildirdi yana bir manba.

Sobiq hokim ustidan borayotgan tergovdan xabardor o‘zbekistonlik sobiq mulozimning Ozodlikka aytishicha, Ahmad Usmonov ustidan jinoyat ishi fevral o‘rtasida ochilgan:

"Uy qamog‘iga yaqin tarzda o‘tiradi, deya Usmonovning yaqinlari umid qilib o‘tiruvdi. Lekin yakshanba (20 fevral) kechqurun kelib, uyidan to‘g‘ri Gvardeyskiyga olib ketishganicha qaytmagan. Yaqinlariga vaqtincha hibsga olish, deb aytilgan. Maksimum 48 soat bo‘ladi vaqtincha hibsga olish. Keyin baribir qo‘yvorishmadi. Xozir yopiq statsionarda postinfarkt diagnoz bilan davolanyapti", deydi Usmonovni yaqindan tanigan sobiq mulozim.

"Gitler"ning tor-mor qilinishi

4 fevral kuni Toshkent viloyat kengashi deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasi chog‘ida ishdan olingan xalq orasida "Gitler" deb nom chiqargan sobiq hokim bir vaqtning o‘zida senatorlikdan ham chetlatilgan edi.

Buning ortidan O‘zbekiston rasmiy matbuotida sobiq hokimni “qoralash ma’rakasi” davom etdi.

Rasmiy gazetalar prezident Islom Karimov Ahmad Usmonovni "odamlarning ishonchini oqlamagani" va yangi ish o‘rinlari yaratmagani uchun tanqid qilganini iqtiboslar bilan eslatishdi:

"Hamkasblarning ishonchini yo‘qotgandan keyin qayta qo‘lga kiritish juda qiyin. Bunga urinish befoyda. Agar bir marta odamlarning ishonchini yo‘qotsang, ming marta kechirim so‘rasang ham bu ularning yuragida qolishini esingdan chiqarmasliging kerak", dedi prezident.

General-gubernator "Gitler"

Asli samarqandlik 59 yoshli Ahmad Usmonov militsiya generali rutbasiga ega bo‘lgan yagona viloyat hokimi edi.

Usmonov 2006 yilda “Mehnat shuhrati” va 2010 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

U 2004 yilda Namanganda general unvonini olgan birinchi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Bungacha Jizzaxda tuman militsiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Usmonovning Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yaqinligi aytiladi.

Usmonov 2005 yil mayidagi qonli voqealardan ko‘p o‘tmay, Andijon viloyat hokimligiga tayinlangan.

Uning 2006 yil oktyabridan 2013 yil apreliga qadar davom etgan hokimligi davrida Usmonov viloyatni qattiqqo‘llik bilan boshqargani kuzatilgan. Ozodlik manbalari Ahmadjon Usmonovning juda ham zo‘ravon hokim bo‘lganini, uning rahbarligi davrida qama-qamalar avj olganini aytadilar. Uzmetronom nashrining yozishicha, Usmonov Andijonga hokimlik qilgan paytida unga “Gitler” laqabini berishgan.

Ahmad Usmonov oxirgi 3 oy ichida lavozimidan chetlatilgan ikkinchi viloyat hokimidir.

XS
SM
MD
LG