Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:05

Terrorizm o‘chog‘iga aylangan Bryussel kommunasi


Buning sababi Parij hujumlari ham, Bryussel hujumlari ham Belgiya poytaxti yaqinida joylashgan, 95 ming aholisi bor, qarovsiz Molenbek komunnasiga olib boradi.

Parij hujumchilarining uchtasi Molenbekdan kelib chiqqan, hujum uyushtiruvchisi Saloh Abdeslam 18 mart kuni qo‘lga olingunicha, aynan shu yerda bir necha oy davmida berkinib yashagan. Politsiya xodimlarining aytishicha, Bryussel hujumlarida ishtirok etgan aka-uka Halid va Ibrohim al-Baqraviylar ham Abdeslam va uning Molenbekda joylashgan tarmog‘iga aloqadordirlar.

Qanday qilib Molenbek qurollangan islomiy jangarilarning Yevropadagi markazga aylandi? Bu bizga radikalizm bilan kurashish uchun qanday saboqlar o‘rgatadi? Quyida mazkur vaziyatni keltirib chifargan besh sabab keltirilgan:

Uzoqlashish

Molenbek Bryusselning ravnaqli markaziy qismiga juda yaqin joylashgan bo‘lsada, sobiq kanal hududi bo‘lmish bu kommunada eski, arzon uylar ko‘pdir. Shu sabab Molenbekning ayrim qismlari asosan shimoliy Afrikadan keluvchi migrantlarni o‘ziga jalb qilib keladi. Kommunaning ayrim qismlarida aholining 80 foizi musulmon bo‘lib, ishsizlik darajasi 30 foizni tashkil qiladi. Yoshlar orasidagi ishsizlik darajasi esa taxminan 40 foizga etadi.

Muhojirlarning avvalgi avlodlari Belgiyaning avtomobil zavodlarida hamda ko‘mir konlarida oddiy ishlarni osonlikcha topgan. Lekin keyingi yillarda Belgiya iqtisodining sanoat iqtisodidan xizmat ko‘rsatish iqtisodiga o‘tishi muhojirlarning bolalari uchun ish topishni mushkullashtirib qo‘ydi.

Radikalizatsiya, ekstremizm hamda terrorizm haqida ko‘plab maqola yozgan belьgiyalik Bilal Benyaich noyabr oyida sodir bo‘lgan Parij hujumlari ortidan Foreign Policy jurnaliga bergan intervyusida “Ham fransuz, ham niderland tilini bilmaydiganlar yoki oliy ma’lumoti bo‘lmaganlar uchun zavod, ish yo‘q. Musulmon yoshlarning 60 foizi niderland tilini bilmaydi yoki oliy ma’lumotga ega emas”, degan edi.

Benyaichga ko‘ra, Molenbekdagi uzoqlashish muammosining yana bir sababi Belgiya tomonidan 1970 yillarda Saudiya Arabistoni bilan neft bo‘yicha yaxshiroq kelishuvlarga erishish uchun Fors ko‘rfazi davlatlarida tahsil olgan imomlarga Bryusseldagi mahalliy masjidlarda ma’ruza o‘qishga izn berilganidir.

Salafiy imomlar Mag‘ribda amal qilinadigan islomga solishtirganda radikalroq sunniy islomni targ‘ib qilgan. Salafiylik g‘oyalari Belgiya jamiyatiga assimilyatsiya qila olmayotgan yoshlarga ma’qul kelgan. O‘tgan yilning noyabr oyida Al Jazeera Benyaich “salafiy imomlar Belgiyada musulmon oilalarda tug‘ilgan yoshlarning bir necha avlodiga katta ta’sir ko‘rsatgan”, degani haqida xabar bergan edi.

Bunga Parij va Bryussel hujumlari isbot bo‘la oladi. Bu ikki hujum uchun mas’uliyatni “Islomiy davlat” ekstremistik guruhi o‘z bo‘yniga oldi. Salafiylikni targ‘ib qiluvchi bu radikal guruh Molenbekdagi va Belgiyaning boshqa erlaridagi radikallashgan yosh musulmonlarni yollab keladi.

Kishi boshiga hisoblaydigan bo‘lsak, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ichidan Belьgiyadan eng ko‘p odam Suriyaga jang qilgani ketgan. Bryusselda joylashgan Egmont ilmiy markazga ko‘ra, 300 dan oshiq belgiyalik Suriya va Iroqqa ketgan.

Jinoiy to‘dalar va ekstremizm

Molenbek voqealaridan olinadigan saboqlarning biri bu jamiyatdan ajratib qo‘yilgan jinoiy shaxslarni islomiy ekstremizm o‘z girdobiga tortishidir.

Belgiya federal prokurori Frederik Van Lyov 23 mart kuni aka-uka Baqraviylar “bundan avval terrorizmga aloqasi bo‘lmagan boshqa og‘ir jinoiyatlarga qo‘l urganini” bildirdi.

Abdeslamning Molenbekdagi kichik restorani esa politsiya tomonidan giyohvand moddalar tarqatish joyi sifatida faoliyat yuritishda gumon qilinib, yopib qo‘yilgan.

Egmont markazining katta ilmiy xodimi Rik Kulsit “O‘zlariga nisbatan sovuq munosabatda bo‘lgan jamiyatga qo‘shila olmagan odamlar o‘z safiga qo‘shishga tayyor boshqa guruhlarni izlashadi”, deydi. “Bu esa o‘sha odamlarga jamiyatga tegishlilik va uning bir qismi bo‘lish tuyg‘usini bera oladigan jinoiy guruhlar va terrorist tarmoqlari ularni o‘z girdobiga tortadi, degani”.

Jinoiy guruhlarga qo‘shilish terroristlarga yana bir muhim imkoniyat beradi: terroristlar shu yo‘l bilan politsiyaga ma’lum bo‘lmagan, ularni berkinish mumkin bo‘lgan uylar bilan ta’minlovchi do‘stlar tarmog‘ini orttirishadi.

Abdeslam ham Parij hujumlaridan keyin aynan shu uslubdan foydalangan. Ba’zilar uni “Islomiy Davlat” ekstremistlari tomonidan Suriyaga olib chiqib ketilgan, deb o‘ylagan, aslida esa u Molenbekda yashirinib yurgan.

“Abdeslam giyohvand moddalarni sotish va mayda o‘g‘irliklar bilan shug‘illanadigan oila va do‘stlardan iborat tarmoq yordamida yashirinib yurgan. Bu qo‘ni-qo‘shni va oilaning qo‘llashi bilan amalga oshgan”, deydi Van Lyov.

Lekin ularning bunday maxfiy tarmoqlarga tayanishi jangarilar Molenbekdagi bu tarmoqlardan boshqa tarmoqlarga ishomasligini olmasligini anglatadi. Aksar molenbekliklar Parij va Bryussel hujumlaridan dahshatga tushgan va jangarilarni qoralab, o‘z komunnalarini terrorizmga aloqadorligini butunlay rad etib keladilar.

Qora bozor qurollari

Molenbekda terrorizm tarmoqlari o‘sib borishiga turtki bo‘lgan yana bir omil u yerda qurol-aslaha sotib olishning osonligidir. Ekspertlarning aytishicha, Parij hujumlarida ishlatilgan qurollarning aksari Belgiyada noqonuniy yo‘l bilan sotib olingan.

Bryusseldagi Itinera Institute ilmiy markazi direktori Leo Nilz “Gap shundaki, oxirgi besh-o‘n yil ichida Bryusselda noqonuniy qurol-aslaha sotadigan qora bozor yuzaga keldi”, deydi. “Hujum qilish ishqida yurgan jangarilar uchun Bryusselda yo‘l topish oson”.

Qurol sotib olish bo‘yicha Belgiya qonunlari o‘tmishda o‘ta yengil bo‘lgan. 2006 yilgacha xohlagan odam hujjatini ko‘rsatib, qurol sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. O‘sha yili Antverpen shahrida o‘ng qanot ekstremist o‘t ochganidan so‘ng qonunlar ancha cheklab qo‘yilgan bo‘lsa ham, Belgiya qurol bozori sifatida nom taratib ulgurgan edi.

Belgiya politsiyasi asosiy manbasi Bolqon orollari bo‘lgan noqonuniy qurol sotish bozorini tugatishga harakat qilib keladi. Lekin buni amalga oshirish giyohvand moddalar bozoriga barham berish kabi oson kechmayapti.

Razvedka muammosi

Terrorist tarmoqlarning bunday tomir otishining yana bir sababi komunnadagi razvedka xizmati xodimlari sonining ozligidir.

Belgiyaning razvedka agentligi atiga 600 ishchiga ega. Qo‘shni Nederlandiyada esa bu ko‘rsatkiy uch barobarga ko‘p. Qolaversa,Belgiya qonunlari razvedka xizmatchilarining harakatlarini cheklab qo‘ygan. Masalan, ular kechasi uylarni tintuv qila olmaydilar.

Bryusselning Ozodlik universitetida dars beruvchi siyosat fanlari nomzodi, professor Deyv Sinardet “Haqiqat shundaki, Belgiyaning razvedka hizmati hali-hanuz moddiy jihatdan oz mablag‘ga ega. Shuni ham takidlab o‘tish kerakki, Belgiyada siyosiy e’tibor va sa’y-harakatlar har doim ham xavfsizlikni ta’minlashga qaratilmaydi”, deydi.

Uning aytishicha, ommaviy debatlar ko‘p hollarda o‘z-o‘zini boshqaradigan uch jamoa – niderland tilida gaplashadigan flamandlar, fransuzcha gaplashadiganlar hamda nemis tilida gaplashadiganlarga – bo‘lingan davlatni qanday qilib boshqarish muammosiga bag‘ishlanadi.

“Xavfsizlik muammolarini hal qilish o‘rniga biz yillab vaqtimiz va kuchimizni til muammolarini hal qilish bilan o‘tkazib yubordik”, deydi Sinardet.

Tuzum kamchiliklari

Ikki rasmiy tilga ega Bryussel Belgiyaning o‘z-o‘zini boshqarish tuzumining eng yorqin misolidir. Oshiqcha detsentrallashgan davlat boshqaruvi Molenbekka o‘xshagan komunnalarda radikallashgan insonlar soni sezilmasdan ko‘payib ketganini anglashimizga yordam beradi.

Bryussel har biri o‘z meriga ega 19 kommunaga bo‘lingan bo‘lib, ularning har birida o‘z boshchisiga ega bo‘lgan olti politsiya hududi mavjud. Buning natijasida vujudga kelgan byurokratiya ma’lumot bo‘lishib hamkorlikda ishlashga to‘sqinlik qiladi.

The New York Times gazetasi yaqinda Bryussel mana shu holat sabab duch keladigan muammolar haqida maqola chop etdi. Maqolada Molenbekni tekshiradigan xavfsizlik apparatining kamchiliklari, Bryusselga kelib-ketuvchilarni tekshirish tizimining yaxshi ishlamasligi va tergov olib borishni mushkullashtiruvchi til va madaniyat bilan bog‘liq farqlar tanqid qilindi.

(Charlz Reknagel maqolasini o‘zbekchaga Nodir Ataev o‘girdi)

XS
SM
MD
LG