Линклар

Шошилинч хабар
14 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:16

O‘zbek telekanali “Avakyan+4”ni “GTA” to‘dasiga bog‘ladi


Furqat Jo‘raev va yana to‘rt kishi – Aramais Avakyan, Bektemir Umrzoqov, Dilshod Olimov va Akmal Mamatmurodovlar 5 yildan 12 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Furqat Jo‘raev va yana to‘rt kishi – Aramais Avakyan, Bektemir Umrzoqov, Dilshod Olimov va Akmal Mamatmurodovlar 5 yildan 12 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘zbekiston davlat televideniesi Jizzaxda armani fermer Aramais Avakyan va u bilan birga "Islomiy Davlat" jangari guruhiga aloqadorlikda ayblanib, uzoq muddatlarga qamalgan to‘rt shaxsni Rossiyada kamida 14 ta qotillikka mas’ul, deb ko‘rilgan “Banda GTA”, deb ataluvchi guruhga bog‘ladi.

Seshanba kuni kechqurun O‘zbekiston davlat televideniesning “Toshkent” kanali orqali namoyish etilgan "GTA yoxud o‘yinga aylangan hayot" nomli filmda 5 yildan 12 yilgacha bo‘lgan muddatlarga qamalgan jizzaxlik Aramais Avakyan, Furqat Jo‘raev, Bektemir Umrzoqov, Dilshod Olimov va Akmal Mamatmurodovlar O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish yo‘lida “Banda GTA”ga o‘xshash xufya ekstremist tashkilot tuzishga harakat qilgani iddao qilinadi.

Rossiyaliklar orasida “Banda GTA”, deya nom chiqargan va asosan markaziy osiyoliklardan iborat ekani aytilgan guruh haqida dastlabki xabarlar Rossiya matbuotida 2014 yilda paydo bo‘lgan edi.

“Banda GTA”, deb ataluvchi guruh Moskva chekkasida “O‘zbekiston Islomiy harakati” uchun “killerlar”ni tayyorlash bilan shug‘ullangani, ularni o‘z vatanlaridagi rejimlarga qarshi kurashga tayyorlagani, maxsus instruktorlar ularni qurol bilan ishlashga o‘rgatgani haqida rus nashrlarida bosilgandi.

Filmda da’vo qilinishicha, Furqat Jo‘raev 2014 yilda Rossiya qamog‘ida o‘tirgan paytda “Banda GTA” a’zolari bilan uchrashgan, qamoqdan chiqqanidan so‘ng u Jizzaxga qaytib, hokimiyatni ag‘darish maqsadida diniy ekstremistik guruh tuzish harakatiga tushgan va atrofiga odam to‘play boshlagan.

“Paxtakor” tumaniga kelganidan so‘ng Furqat Jo‘raev o‘ziga hamfikr izlay boshlaydi. Uning mo‘ljalidagilardan biri, eski tanishi, mahallada Mais laqabi bilan tanilgan Aramais Avakyan edi. Rossiyada ko‘pchilikni vaximaga solgan "GTA" to‘dasiga o‘xshab, talonchilik, zo‘ravonlik, o‘g‘irlik singgari qonunbuzarliklarga ixtisoslashib borayotgan Furqat Jo‘raev va uning jinoiy sheriklari talonchilik jarayonida foydalanish uchun qurol izlashadi. Jumladan, jinoiy guruh a’zolari 2015 yilning mart oyida Samarqandda Alisher ismli shaxsdan 1000 AQSh dollariga "PM" rusumli to‘pponcha sotib olishadi. Bundan tashqari jinoiy guruh ixtiyorida ov miltig‘i va pnevmatik ov qurollar ham mavjud edi", - deyiladi O‘zbekiston davlat televideniesida seshanba kuni namoyish etilgan filmda..

Ko‘rsatuvda mahbuslarning o‘zlari ham ko‘rsatma berishadi. Jumladan, Furqat Jo‘raev Rossiya qamog‘ida diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siriga berilganini aytadi.

- Jamol degan bola bizga da’vat qilar edi, hamma vaqt aytar edi, "jihod qilish kerak, shahid bo‘lish kerak", deb. "Hammasi murtadlar, hammasini qirib tashlash kerak", der edi, - deydi filmda Jo‘raev.

Furqat Jo‘raev, Aramais Avakyan va ularning sheriklari fevral oyida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qo‘poruvchilik, o‘g‘rilik, diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish kabi moddalari bilan ayblandilar.

Furqat Jo‘raevaning onasi Mahtuma Jo‘raeva Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘liga ekstremistik guruh a’zoligini bo‘yniga olishi uchun tergov izolyatorida qiynoqlarga solinganini aytdi.

- Bolalarni urishgan. Bo‘yniga qo‘yib, nima desa o‘shani aytganini takrorlab turdi u bechora bolalar, dedi Mahtuma Jo‘raeva Ozodlik bilan suhbatda.

Маҳтума Жўраева билан суҳбат.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:18 0:00
Бевосита линк

Millati arman bo‘lgan Avakyanning nasroniy bo‘lishiga qaramasdan IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgani Armaniston hukumatini ham bu masalaga e’tiborsiz qoldirmagan.

Armaniston Ombudsmani o‘zbekistonlik hamkasbiga Avakyanning taqdiri borasida tashvish bildirib, xat yo‘llagan edi.

- Aramais Avakyan boshqa dinga e’tiqod qilsa, millati o‘zga bo‘lsa jihodchilar diniy ekstremistik oqimi a’zolariga nima uchun aralashib qoldi, deganga o‘xshash savollar ayrimlarda paydo bo‘lishi mumkin. Dunyo miqyosida terrorchilik harakatlarini sodir etayotgan kuchlarning ham, manfur qilmshlarining ham Islom diniga mutlaqo aloqasi yo‘q. Terrorchilarni raxnamolari uchun ish bitsa bas, ular uchun barcha bir vosita, - deyiladi o‘zbek kanalida namoyish etilgan filmda.

2015 yil sentyabrida Jizzaxda hibsga olingan va "Islomiy davlat" ekstremistik guruhi a’zoligida ayblangan jizzaxlik baliqchi fermer Aramais Avakyanni ozod qilish chaqirig‘i bilan onlayn-petitsiya ham tashkil etilgandi.

Jizzaxda tazyiqlarga uchrab, qamalib chiqqan va O‘zbekistonni tark etib Kanadada siyosiy boshpana topgan jurnalist Ulug‘bek Haydarov bu petitsiyani boshlagan edi.

O‘zbekiston davlat televideniesida namoyish etilgan filmda Ulug‘bek Haydarov ham tilga olinadi.

Filmda aytilishicha, Haydarov 2014 yildan O‘zbekiston fuqaroligidan maxrum etilgan.

Ulug‘bek Haydarov Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek telekanalida namoyish etilgan filmni Milliy xavfsizlik xizmati buyurtmasi bilan qilingan "tuhmat" deya ta’rifladi.

Jizzaxlik mahkumlar haqidagi film AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Rozenblyumning Toshkentga safaridan bir necha kun o‘tib namoyish etildi.

Aramais Avakyanning xotini va onasi hamda Avakyan bilan sudlangan yana bir fuqaro Furqat Jo‘raevning yaqinlari o‘tgan hafta oxirida AQShning Toshkentdagi elchixonasida qabul qilingan edi.

Aramaisning onasi Flora Avakyan elchixonada bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida uni, kelini Shirinni hamda Furqat Jo‘raevning onasini AQSh elchisi Pamela Spratlen hamda o‘tgan haftada O‘zbekistonga safar qilgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Rozenblyumlar qabul qilganini Ozodlikka aytgandi.

XS
SM
MD
LG