Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:22

Bosh vazir tashrifidan so‘ng Farg‘onadagi so‘nggi chinorlar ham kesilayapti


Shu kunlarda Farg‘onada “Universiada” sport musobaqalariga tayyorgarlik avj pallasiga chiqqan. Manbalarga ko‘ra, ayniqsa Bosh Vazir Shavkat Mirziyoev tashrifidan so‘ng bu jarayon yanada kuchaytirilgan. Shahardagi ko‘p yillik daraxtlar kesilib, eski binolarning fasadi yasatilmoqda. Musobaqa o‘tadigan ob’ektlardagi ishlarga talabalardan tortib ishchi-xizmatchilargacha jalb qilingan.

Hasharchiga aylangan talabalar

Joriy yildagi “Universiada” sport musobaqalari o‘tadigan Farg‘ona shahridagi 29 ta ob’ekt, jumladan, Farg‘ona davlat universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Farg‘ona olimpiya zahiralari sport kollejida tayyorgarlik ishlari so‘nggi bosqichga chiqqan.

Farg‘ona politexnika instituti talabalari nomidan Ozodlikka kelgan maktubda aytilishicha, ular bir oydirki o‘qish o‘rniga hashar ishlariga jalb qilingan:

“Farg‘onada Universiada o‘tishi munosabati bilan qariyb bir oydan buyon institutimizda hashar ishlari avj olgan. Har kuni yuzdab studentlar qurilish ishlariga jalb qilinayapti. Bir oydan buyon majburan institut maydonlarida ishlab kelayapmiz. Ayrim fakultetlarda darslar butunlay to‘xtatilgan. Ayrimlarida bir nechta gruppalar kunlarga bo‘linib ishlayapti. Darslar qariyb bo‘lmayapti. Ertalab soat 8dan kechki 5gacha ishlaymiz. Bir kun o‘qish, bir kun ishlayapmiz. Ba’zida o‘qiymiz deb formada darsga kelsak ham qo‘shimcha uchastkalarga olib chiqishayapti. Majburan, kostyum-shimda bo‘lsak ham er chopib, tuproq tashiyapmiz, daraxt kesayapmiz”, deyiladi talabalardan kelgan maktubda.

Bosh vazir tashrifidan so‘ng o‘tinga aylangan chinorlar

Farg‘onadan olingan xabarlarga ko‘ra, 26 mart kuni viloyat hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlash uchun Farg‘onaga borgan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziëev “Universiada”ga tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishgan. Viloyat hokimligidagi manbadan olingan ma’lumotga ko‘ra, Bosh vazirga markaziy ko‘chalardagi binolarning fasadi yoqmagan hamda u ko‘chalarni xorij daraxtlari, jumladan, sakura bilan bezashni buyurgan.

So‘nggi 20 kun ichida bosh vazir talablarini bajarish uchun farg‘onaliklar “bel bog‘lab” harakat qilayapti. Ayniqsa, bu ishlarni amalga oshirishda talabalardan keng foydalanilmoqda.

Farg‘ona politexnika instituti talabalari maktubida yozilishicha, Bosh vazir tashrifidan so‘ng oliygoh hududidagi ko‘p yillik chinorlar kesib tashlangan:

“Bosh vazir kelganidan keyin institutda qolgan so‘nggi chinorlarni hamda yozda soya berib turadigan ko‘p yillik daraxtlarni, archalarni ham butunlay kesib tashladik. Bu daraxtlar o‘rniga esa qimmatbaho chet el emanlari, chet elning yarim metrlik archalarini ekdik. Hozir butun Farg‘ona kabi institutimiz ham sahroga aylanib qoldi”, deya kuyinishadi farg‘onalik talabalar.

“Xorij archalari puli talabalardan undirilmoqda”

Politexnika instituti talabalari iddaosiga ko‘ra, oliygoh hududiga ekilgan, xorijdan keltirilgan daraxtlar puli majburiy tarzda ulardan undirilmoqda:

“Bu darxtlar biz studentlarga qimmatga tushmoqda. Ekiladigan chet el ko‘chatlariga millionlab pulni institut domlalariga to‘plash topshirilgan. Buni oqibatida poraxo‘rlik yanayam avj olib ketmoqda. Achinarlisi, oldin yashirincha pora olgan domlalar endi ochiqdan-ochiq pora talab qilishga o‘tishdi. Narxlar ham avvalgi sessiyalarga nisbatan bir necha marta oshib ketgan. Sababi o‘sha chet el archasi! Barcha jabrni esa biz studentlar tortmoqdamiz”, deyiladi talabalar nomidan Ozodlikka kelgan shikoyat xatida.

Farg‘ona politexnika instituti rektori Oybek Otakulov yig‘ilishda ekanini aytgan oliygoh rasmiylari talabalar shikoyatini izohsiz qoldirishdi.

“Butun Farg‘ona Universiadaga tayyorlanmoqda”

Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashevga ko‘ra, “Universiada” munosabati bilan shaharda bo‘layotgan obodonlashtirish ishlari qizg‘in pallaga kirgan:

- Ko‘chalarda obodonlashtirish, umumiy hasharga chiqqan odamlarning ko‘chalarni saranjom-sarishta qilish bo‘yicha olib borayotgan ishlarini har bitta farg‘onalik ko‘rib turibdi. Shahar kommunal xo‘jaligi idorasi ishchilari o‘zi juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular maxsus kiyimlarda. Ulardan tashqari masalan, juma kuni men ko‘rgan voqea: Universitetning hududida 500dan ortiq talabalarni ishlayotgan paytida ko‘rdim. Bu soat 12lar atrofida edi. Ikki kundan keyin bozor hududiga yaqin joyda ko‘rdim. Universiada sababli bu hududdagi joylarni obodonlashtirish ishlari ketayapti. Vaqtinchalik zontlarni qo‘yib, savdo-sotiq qilishayotgan yoki kapaga o‘xshatib qurib, qo‘yilgan, qiyofaga to‘g‘ri kelmaydigan do‘konlarni o‘sha erdan ko‘chirish ishlarini bajarishayotgan ekan,- deydi Abdusalom Ergashev.

Farg‘ona shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Universiada” munosabati bilan Farg‘ona davlat universitetida 3 ming 200 o‘rinli futbol maydoni, yopiq suzish havzasi, uchta voleybol maydoni va engil atletika yo‘laklari qurilgan. Shahar markazida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilgan, qariyb 5 kilometrlik yo‘l rekonstruktsiya qilinmoqda.

Farg‘onadan olingan ma’lumotga ko‘ra, may oyida o‘tkazilishi mo‘ljallangan “Universiada” musobaqalari, noma’lum sabablarga ko‘ra, aprel oxiriga ko‘chirilgan.

XS
SM
MD
LG