Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:42

AQShda pul o‘g‘irlash uchun qo‘llanilgan virus muallifi 9 yilga qamaldi


AQSh sudi xususiy shaxslar va moliyaviy muassasalar hisobidan yirik miqdorda mablag‘ o‘marish uchun ishlatilgan kompyuter dasturlarini yaratgani uchun Rossiya fuqarosi Aleksandr Paninni 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, 27 yoshli Panin tomonidan yaratilgan SpyEye virusi butun dunyo bo‘ylab 50 milliondan ziyod kompyuterga yuqtirilgan. U bank va brokerlik hisob raqamlari va ularning parollariga oid ma’lumotlarni yig‘ib, xakerlar ishlatgan serverlarga yo‘llagan, xakerlar esa jabrlanuvchilar hisoblaridan milliard dollarga yaqin mablag‘ o‘marishgan. Bu virus 2010 yildan 2012 yilgacha xakerlar orasida eng keng tarqalgan qurol bo‘lgan. Aleksandr Panin o‘z dasturini Internetda 500 dollarda 10 ming dollargacha sotgan. Tergov ma’lumotga ko‘ra, uning 150 chog‘li mijozi bo‘lgan.

2013 yil iyulida Atlanta aeroportida hibsga olingan Panin tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgani uchun yumshoqroq jazo olgan. Uning sherigi, virus tashigan dasturni sotish va bank hisob raqamlarini buzish bilan shug‘ullangan jazoirlik Hamza Bendelaj esa 15 yilga kesildi.

Hech narsadan xabari yo‘q jabrlanuvchilarga tegishli 200 ga yaqin kompyuter Atlantadagi bir server tomonidan nazorat qilinayotganini aniqlaganidan keyin Federal qidiruv byurosi xakerlarning iziga tushgan. Ularning haqiqiy ismi xakerlarga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi Amerika kompyuter firmalari mutaxassislari yordamida aniqlangan.

XS
SM
MD
LG