Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:01

Buxoro-Nasaf o‘yinida yuzlab chiptalik ishqiboz dubinka bilan quvildi


Yakshanba kuni Buxoro shahar stadionida "Buxoro" va "Nasaf" futbol jamoalari o‘rtasida o‘tgan o‘yinga yuzlab chiptalik tomoshabin qo‘yilmadi. Futbol ishqibozlaridan olingan xabarga ko‘ra, chiptalar ortig‘i bilan sotilgan va sig‘may qolgan muxlislar militsiya dubinkasi ostida darvozalardan quvilgan. Tadbir tashkilotchilari hodisani tasdiqladi va muxlislar ayni chipta bilan keyingi o‘yinga kirishi mumkin, deb va’da qildi.

"Bir o‘ringa 3 chipta" operatsiyasi

Yakshanba kuni Buxorodagi markaziy stadionda O‘zbekiston Oliy ligasi 6-turi doirasida "Buxoro" jamoasi Qarshining "Nasaf" jamoasi bilan o‘ynadi va 0:2 hisobida yutqazdi.

Aslida 22 ming 700 tomoshabin sig‘adigan stadionga, Stadion.uz saytining yozishicha, "24105 tomoshabin tashrif buyurdi".

Ammo, buxorolik futbol ishqibozlarining yozishicha, kechki soat 18:30da boshlangan o‘yinni tomosha qilish uchun Buxoro sport majmuasiga borgan minglab chiptalik ishqiboz stadionga kiritilmagan:

"E bugun rosa qiziq tomosha bo‘ldi. Buxoro va Nasaf o‘yinida biletliklarni kiritmadi, stadion atrofida tumonat odam yig‘ildi. O‘yin bo‘ldi, lekin biletni ko‘p sotishgan ekan, ko‘chada 4 ming odam qolib ketdi. Qo‘lida bilet bor edi. Menda-ku bitta bilet, ba’zilar yillik bilet olgan 55 ming so‘mga. O‘qituvchilar va do‘xtirlarga sotishgan. Mening tanishimda ham bor edi, kirolmadi", deb yozdi o‘yinga kirolmay qolgan muxlislardan biri.

Dubinka bilan quvilgan muxlis

U va boshqa futbol ishqibozlari tahririyatga yo‘llagan suratlarda militsiya xodimlari tomonidan stadionga kiritilmagan yuzlab odam aks etgan.​

Ozodlikka yozishlaricha, stadion to‘lgach, militsionerlar o‘yinga kirishni talab qilgan chiptalik tomoshabinlarni dubinkalar bilan quvib solgan.

Bunaqasini kutmagan ayrim ishqibozlar janjal ko‘targan, ammo ularni hibsga olishlarini aytib, militsionerlar tahdid qilgach, chekinishga majbur bo‘lishgan.

"Ba’zilarning o‘g‘illari stadionda, o‘zlari tashqarida qolib ketdi. Rosa alam qildi, to‘g‘risi. Atay bilet olib, o‘yinga kelsangizda, dubinka bilan urib haydashsa?! Iltimos, yozinglar shuni, so‘ranglar?" dedi yana bir ishqiboz.

6 ming so‘mlik chipta

Ayrim tomoshabinlar 6 ming so‘mdan sotilgan chipta suratini ham yo‘lladi.

Sotilgan chiptada sektor, qator va joy soni ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, aslida 800 so‘mlik narx bitilgan chiptaga ruchka bilan "6000" raqami yozilgan hamda ayni raqam bitilgan tamg‘a urilgan.

Ozodlik muxlislardan kelgan bu shikoyatlar ortidan Buxoro sport majmuasiga qo‘ng‘iroq qildi, ammo ma’muriyatdan biror rasmiy ma’lumot ololmadi. Lekin, majmua ma’muriyatiga yaqin manbalardan biri chipta mojarosiga oid ma’lumotlarni ochiqladi.

Kutilmagan tekin tomoshabin

Ismini oshkor etmayotganimiz manbadan olingan ma’lumotga ko‘ra, 24 aprel kungi o‘yinga kutilganidan ko‘p odam kelgan va maydonga qo‘yilgan tomoshabinning bir necha mingi "kutilmagan, tekin tomoshabin bo‘lgan":

"O‘zi 20 mingta bilet bor. Shuni 10 mingini abonementlarga sotilgan. Yana 10 mingta bilet bor edi kassada. Lekin, kecha turli tashkilotlardan - bolalar, xodimlar, nogironlar, futbol klublari a’zolariga o‘xshagan tekin kiritiladigan mehmonlar haddan ziyod ko‘p keldi. Ular erta keldi va stadionga kiritildi. Lekin, kassada qolgan 6 ming so‘mlik minglab bilet ham tushdan keyin birdan sotilib ketdi. Chiptani kassadan olganlarni ko‘pi kech keldi va ular kelguncha stadionda joy qolmadi, tushunyapsizmi? Maydonga 22 ming tomoshabin sig‘adi, xolos", dedi ma’muriyatga yaqin manba muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

Manba stadionga qo‘yilmagan tomoshabin soniga ham aniqlik kiritdi:

"Men kecha o‘zim o‘sha yerda edim, chiptasi bilan kirolmay qolganlar nari borsa mingta edi. Uning ham 500tasini hokim orqa eshikdan qo‘yib yubordi, ko‘rsin muxlislar, deb. Shunda 500tasi qolgan kirolmasdan", dedi manba.

Chiptalar kuymadi - kuymaydi

Manbaning aytishicha, "Buxoro" futbol klubi rahbariyati 24 aprel kungi o‘yinga kirolmagan muxlislarga ayni chipta bilan 7 may kuni "Buxoro" va "Metallurg" futbol jamoasi o‘rtasidagi uchrashuvga kirish imkonini taklif qilmoqda:

"7 may kuni stadionda yana o‘yin bor. Soat nechada ekani 1 hafta qolganda ma’lum bo‘ladi. Kuzatib borish kerak. O‘sha kuni ertaroq kelib, stadionga kirishlari mumkin, kech qolmasdan. Hozircha ma’muriyat shu imkoniyatni taklif qilayapti. Lekin, bu o‘yinga kirishni istamaganlarga puli qaytarib beriladimi-yo‘qmi - bunisini men bilmayman", dedi manba.

Ozodlik "Buxoro" futbol klubi bilan ham bog‘landi va klub rahbariyatining ismini sir saqlayotganimiz vakili o‘yinga qo‘yilmagan tomoshabinlar 7 may kungi o‘yinga kiritilishiga oid taklifni tasdqiladi:

"Hozircha 99 foizga aniq gap shu. 7 may kuni o‘sha bilet bilan kelib, o‘yin tomosha qilishlari mumkin. Yana ham anig‘i o‘yinga bir haftalar qolganda ma’lum bo‘ladi. Bizning pulimiz kuyib ketdi, deb tushkunlikka tushmasin va ertaroq kelishsin, kechagiday kech qolishmasin!" dedi ushbu rasmiy muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

10 mingta abonement

Buxorodagi chipta mojarosiga oid tafsilotlar asnosida "abonementlik chipta" masalasi o‘rtaga chiqdi.

Tomoshabinlarning aytishicha, shahardagi davlat tashkilotlari va ta’lim muassasalari ishchi-xodimlariga "Buxoro" futbol klubi o‘yinlari uchun bir yillik chipta "o‘tkazilgan":

"Mening tanishim 55 ming so‘mga olgan edi. O‘zi do‘xtir, majburlab sotishgan. Shu bechorayam kecha o‘yinga kirolmadi. Hokimiyatdan oilalari bilan kelishdi, ko‘zimizning oldida tekinga kiritib yuborishdi", dedi ismini oshkor qilmagan ishqiboz.

Abonementlik chiptasi bo‘lgan muxlislarning ayrimlari o‘yinga kirolmay qolgan bo‘lishi mumkinligini "Buxoro" futbol klubi jamoasi rahbariyati vakili ham tasdiqladi, ammo bunday chiptalar majburan sotilganini inkor qildi.

"Bunaqa biletlardan 10 mingtasi sotilgan, turli tashkilot va korxona ishchilari o‘z ixtiyori bilan sotib olishgan. Aslida, 20 mingta abonementlik chiptasi tayyorlaganmiz, yana 10 mingtasi sotilmay qolgan", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiy.

Mushtariylardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 24 aprel kungi ur-yiqitda bir necha futbol ishqibozi IIV xodimlari tomonidan hibsga olingan. Ammo, surishtiruv jarayonida bu ma’lumot hozircha tasdig‘ini topmadi.

"Buxoro" futbol klubi jamoasi ma’muriyati bu boradagi savollarga tez orada to‘liq va rasman javob berishni va’da qildi.

Yangiliklarni Ozodlik saytida kuzating!

XS
SM
MD
LG