Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:06

Aziza Niyozmetova: “Meni behayo kiyingan, deb nohaq ayblashdi”


Aziza Niyozmetova
Aziza Niyozmetova

O‘zbekistonlik taniqli qo‘shiqchi Aziza Niyozmetova Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasini adolatsizlikda aybladi. O‘tgan yili litsenziyasining amal qilishi to‘xtatilgan 43 yashar qo‘shiqchi 14 aprel kuni “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan “Milliy urf-odatlarni buzganlik” borasida ogohlantirish maktubi oldi.

"O‘zbeknavo" bildirishnomasida qo‘shiqchidan “Odob-axloq qoidalariga rioya qilish¸ sahna madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid harakatlar qilmasdan tomoshabinlar his-tuyg‘ularini haqorat qilmaslik” talab qilingan.

Nizoga sabab bo‘lgan surat
Nizoga sabab bo‘lgan surat

28 yildan beri o‘zbek sahnasida ijod qilib kelayotgan Niyozmetovaning Ozodlikka bildirishicha¸ u joriy yilning 7 aprelida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga chaqirtirilib, muhokama qilingan:

- Tarmoqqa qo‘ygan bitta rasmim o‘zbek mulozimlarini shok qilibdi. Engi kalta kuylak kiyib, qo‘limda gul ushlab uyda o‘tirganim aks etgan surat edi. Men bu rasmni “Hammaga ham gul olish nasib qilsin”, degan yozuv bilan tarmoqqa qo‘ygan edim. O‘z uyimda¸ erim sovg‘a qilgan gul bilan rasmga tushdim. Ya’ni sahnada emas. Rasmda faqat bilagim ochiq. “O‘zbeknavo” meni behayo kiyingan deb nohaq aybladi¸- deydi qo‘shiqchi Ozodlik bilan suhbatda.

"O‘zbeknavo" hujjati
"O‘zbeknavo" hujjati

Qo‘shiqchi milliy qadriyatni toptadimi?

​San’atkorlar orasida “Qo‘shiqchilar vaziri” nomi bilan tanilgan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Bosh direktori Farhod Jo‘raev imzolagan 248-raqamli hujjatda Aziza Niyozmetovadan “Milliy mentalitet¸ milliy qadriyat¸ milliy mafkura va urf-odatlarni muntazam hurmat qilish” so‘ralgan. Shuningdek, unda qo‘shiqchidan “Shaxsiy muammolarni o‘zaro kelishgan holda hal qilish” talab qilingan.

Ammo qo‘shiqchining aytishicha¸ uning ijtimoiy tarmoq va matbuotda bildirgan tanqidiy fikrlari mulozim noroziligini uyg‘otgan:

- Men ba’zi sariq matbuot¸ xususan Sayyod.com nashridagi maqolalarga e’tiroz bildirganim va umuman tanqidiy fikrlarim mulozimlar e’toroziga sabab bo‘ldi¸- dedi Aziza Niyozmetova.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi vakili Farrux Botirov Ozodlik muxbirining Aziza Niyozmetovaga nima uchun hayfsan berilgani haqidagi savolini izohsiz qoldirdi.

“O‘zbeknavo”dagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, tashkilot qo‘shiqchilarning tarmoqlardagi rasmlari va matbuotdagi chiqishlarini muntazam monitoring qilib boradi:

“Yarim-yalang‘och” rasm qo‘ygan yoki xorij matbuotiga gapirganlar qora daftarga yozib boriladi. Yuqoridan kelishilgach ularga chora ko‘riladi. Masalan, o‘tgan yili o‘zbek xonandasi Lolaning litsenziyasi muddatidan avval to‘xtatilganini eslash kifoya. Lola yelkasi ochiq kiyim bilan sahnaga chiquvdi"¸ deydi Ozodlik manbasi.

Ayni paytda mazkur idora O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova yarim-yalang‘och bo‘lib qo‘shiq kuylaganda e’tiroz bildirishga jur’at topa olmagan edi.

Azizaning litsenziyasi bekor qilinmagan, to‘xtatilgan

Niyozmetova 7 aprel kuni “O‘zbeknavo”ga chaqirilishidan oldin Ozodlik radiosi orqali chiqish qilib, qo‘shiqchi Rayhon himoyasiga fikr bildirgan edi.

Qo‘shiqchining o‘zi esa Ozodlikdagi chiqishlari borasida aniq-ravshan ogohlantirish olmaganligini aytib¸ “O‘zbeknavo” qo‘ygan barcha ayblarga “nohaq nishon” bo‘lganligini ta’kidladi.

- Aziza litsenziyadan mahrum qilinibdi, degan gap yolg‘on. Litsenziyani o‘zim to‘xtatib qo‘yganman. Shu kunlarda salomatligim bilan bog‘liq holat va muolaja bois sahnaga chiqa olmayapman. Kuni kecha faqat bitta davlat tadbirida qatnashib keldim. Ikkinchidan men hech qachon sahnaga yupun kiyinib chiqmaganman. Sahna odobi va urf-odatlarga rioya qilaman. Har doim uzun etakli kiyimlarda sahnaga chiqaman¸- deydi san’atkor.

Aziza milliy kiyim bilan sahnaga chiqishini aytadi
Aziza milliy kiyim bilan sahnaga chiqishini aytadi

Aziza Niyozmetova o‘tgan yili Ozodlikka bergan suhbatida qo‘shiqchilarning kiyinish madaniyati haqida fikr bildirib, mana bularni ta’kidlagan edi:

- Barchaning ko‘zi qo‘shiqchilarda bo‘lgani uchun biz san’atkorlar ma’naviyat, odobu axloq borasida boshqalarga o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Kiyimimiz, yurish-turishimiz aytgan gapimiz ham quyushqondan chiqmasligi kerak,- degan edi san’atkor.

Азиза Ниëзметова билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:49 0:00
Бевосита линк

Rasmiylar "nazariga tushgan" san’atkor

O‘zbekiston Xalq Artisti Komuna Ismoilova hayotlida Ozodlikka bergan suhbatida, o‘z shogirdi Aziza Niyozmetovaga “Hukumat nazariga tushadigan artist”, deb baho bergan edi.

“Men Azizani yoshligidan bilaman. Mana shu san’at sohasida mening ashulalarimga¸ Xorazm yo‘llariga o‘zi urinib¸ harakat qilib yurganida¸ Toshkentga kelish arafasida men unga bitta-ikkita ashulalar o‘rgatdim. Ilk konsertini “Turkiston” saroyida qo‘yganida¸ o‘zim sahnaga chiqib “Farg‘ona tarafdan Yulduz Usmonova bo‘lgan bo‘lsa¸ Xorazmdan Aziza Yulduz bo‘ldi”, deb maqtab¸ duolar qilganman. “Ustoz sifatida uning yuzaga chiqishini xohlaganman. Endi unvonlar olsin¸ boshqalar qatori yurtga taniqli bo‘lsin¸ hukumat nazariga tushsin deb niyat qilaman”, degan edi marhuma san’atkor o‘z shogirdi haqida.

XS
SM
MD
LG