Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:16

Otashkesimga qaramay, Tog‘li Qorabog‘da ikki kishi halok bo‘ldi


Ilhom Aliev (o‘) va Serj Sargsyan Tog‘li Qorabog‘ masalasi bo‘yicha so‘nggi uchrashuvda, Vena, 2016 yil 16 mayi.
Ilhom Aliev (o‘) va Serj Sargsyan Tog‘li Qorabog‘ masalasi bo‘yicha so‘nggi uchrashuvda, Vena, 2016 yil 16 mayi.

Tog‘li Qorabog‘da 17 may kuni bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlarda arman ayirmachisi hamda ozarbayjonlik askar halok bo‘ldi.

Kuni kecha Armaniston prezidenti Serj Sargsyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev otashkesimga amal qilishga va tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga kelishib olgan edi.

Ikki lider o‘rtasidagi kelishuv amerikalik, fransiyalik va rossiyalik vositachilar ishtirokida Avstriya poytaxti Venada o‘tkazilgan uchrashuvlar ortidan imzolangandi.

Ikki prezident yana Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) monitoring missiyasi ko‘lamini oshirishga kelishib olgan.

Hozirda Tog‘li Qorabog‘da bor-yo‘g‘i olti nafar YeXHT kuzatuvchisi bor, xolos.

16 may kuni Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo‘yicha mutasaddisi Federika Mogerini ham Aliev va Sargsyan bilan uchrashdi.

17 may kuni Sargsyan Aliev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv “umuman olganda qoniqarli” bo‘lganini aytdi.

“Bizning maqsadimiz muammoni tinchlik yo‘li va muzokaralar yordamida hal qilishdir. Urush hecham eng yaxshi echim bo‘la olmaydi”, dedi Serj Sargsyan.

19 may kuni esa Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari fransiyalik hamkasblari bilan uchrashadilar.

16 may kuni Venada bo‘lib o‘tgan uchrashuv Tog‘li Qorabog‘da aprel oyida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvdan keyin Ozarbayjon va Armaniston liderlarining ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi.

O‘zini Bokudan mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ bo‘lgasi uchun Ozarbayjon va Armaniston 1988 yildan 1994 yilgacha urush olib borgan, bu urush 30 mingdan ziyod kishi hayotiga zomin bo‘lgan.

75 fuqaro va harbiy halok bo‘lgan bo‘lgan aprelь to‘qnashuvlari 1994 yili otashkesim imzolanganidan beri ro‘y bergan eng qonli jang bo‘ldi.

17 may kuni bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv uchun esa har ikki taraf bir-birini aybladi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi 17 may kuni e’lon qilgan bildiruvda “Vena muzokaralari ortidan Armaniston tarafi otashkesim tartibini buzdi”, deyiladi.

Tog‘li Qorabog‘ning Armaniston dastaklovchi harbiy rasmiylari esa Ozarbayjon kuchlarini “urush chizig‘idagi pozitsiyalarni o‘qqa tutishda” aybladi.

Ayirmachilarning o‘z hukumati askarlaridan biri “urush chizig‘ining janubiy qismida halok bo‘lgani”ni bildirdi.

XS
SM
MD
LG