Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:56

Alisher Usmonov 600 million dollarga yaxta sotib oldi


A.Usmonov yana bir milliarder O.Deripaska bilan.
A.Usmonov yana bir milliarder O.Deripaska bilan.

Rossiyalik multimilliarder Alisher Usmonov narxi 600 million dollar turuvchi yangi yaxta sotib oldi. Uzunligi 156 metr bo‘lgan kemaga 120 kishi sig‘ishi mumkin. Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Alisher Usmonov Germaniyada qurilgan navbatdagi yaxtani ham onasi nomi bilan “Dilbar” deb atadi.

Yaxtamisan yaxta!

Fransiyaning Moviy Qirg‘og‘ida joylashgan Kann kinofestivaliga kelgan mehmonlar va mezbonlar e’tiborini chetroqda to‘xtagan yangi kema tortdi.

Germaniyadan kemasozlik verflaridan yaqinda tushgan bu kema rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning yangi yaxtasi ekani keyinroq ma’lum bo‘ldi. Biznesmen yaqinlari bilan kinofestival tomoshalariga kelgani aytilmoqda.

Yangi "Dilbar"ning ko‘rinishi (superyachtfan.com)
Yangi "Dilbar"ning ko‘rinishi (superyachtfan.com)

Ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, uzunligi 156 metr bo‘lgan bu superyaxta milliarder Alisher Usmonovga 600 million dollar qiymatga tushgan. Nemislarning Lurssen kemasozlik firmasi ustalari tomonidan gizli sharoitda qurilgan bu kema egasiga topshirilishidan oldin bir necha marotaba dengizda sinovdan o‘tdi. Kema dizayni bilan Monako knyazligi arxitektorlari shug‘ullangani ma’lum.

Yaxtada basseyn, vertolet uchun qo‘nish maydonchasi, sport va ovqatlanish zallari hamda texnikaning oxirgi yutuqlariga monand jihozlangan lyuks kayutalar mavjud.

40 nafar xizmatkor va 80 nafargacha ekipaj tomonidan boshqariluvchi yaxtaga yana 120 kishi dam oluvchi eltishi mumkinligi aytilmoqda. Yaxtada ishchilar 24 soat mobaynida xizmat qiladi.

Jahonda kattalik va narx reytingida 4 o‘ringa ko‘tarilgan bu kemaning ishchi nomi “Omar” bo‘lib, u suvga tushirilganda Usmonov tomonidan “Dilbar” deb o‘zgartirildi. Hech kim uchun sir emaski, biznes uchrashuvlar va oilaviy dam olishga ishlatayotgan kemani milliarder o‘zining onasiga atab qo‘ygan. Gap shundaki, Rossiya neft-gaz va metallurgiya sohasida boylik orttirgan o‘zbek tadbirkorining oldingi 110 metr uzunlikdagi kemasi ham “Dilbar” deb atalardi.

110 metrli "Dilbar" hozirda "ONA" deb nomlanadi

Kemalarning joylashishi va harakatlanishini nazorat qiluvchi Fleetmon saytiga ko‘ra, Monte-Karloda qolayotgan 110 metrli eski yaxtaga endilikda “ONA” deb nom berilganini ko‘rish mumkin.

Alisher Usmonovning birinchi sotib olgan 66 metrli sayr kemasi ham “Dilbar” bo‘lgan. Birinchi “Dilbar” 2005 yilda Oceano tomonidan qurilgan yaxta bo‘lsa, ikkinchisi – 110 metrlik “Lurssen” mahsuloti 2008 yil may oyida suvga tushirilgan.

“Dilbar-2” yaxtasining tashqi ko‘rinishi dizaynerlik san’atining tan olingan ustalaridan Tim Xeyvud, kema interьeri dizayni esa Alberto Pinto fantaziyasi mahsulidir.

Birinchi yaxtasini Usmonov amerikalik milliarderga pullagan.

Usmonovning boshqa mulklari

Alisher Usmonov dunyoning istagan burchagiga o‘zining sevimli Airbus 340 300 xususiy samolyotida borishni hush ko‘radi. O‘rtacha narxi 350 million dollarga baholangan bu havo kemasiga o‘zbek tadbirkori otasi ismi - “Burhon” berilgan.

Bugungi kunda “Burhon” hashamatliligi va qudrati bilan hatto Rossiya prezidenti uchog‘idan o‘tib tushadigan, mamlakatdagi eng yirik biznes-jetdir. O‘z uchog‘ini ham Usmonov milliarder Roman Abramovichnikidan 9 metr uzunroq qilib qurdirgan.

"Burhon" - Usmonovning havo kemalaridan eng yirigi

Alisher Usmonov oxirgi bir necha yilda Britaniyadagi qator hashamatli uylarni ham sotib oldi. Shulardan – Sutton Plase va taniqli Hamstead Heath'dagi uylar e’tiborga loyiq. Mahalliy matbuotga ko‘ra, uylar narxi 35 million va 80 million AQSh dollari miqdorida baholangan.

Tadbirkor 2013 yil Appleʼning 100 million dollarlik aksiyalarini sotib olgan. U Mail.ru, Odnoklassniki.ru, Vkontakte.ru, LiveJournal hamda Facebook'ning asosiy egalaridan biriga aylangan. Unga qarashli Digital Sky Tehnologies shirkati yuzlab eng ommabop vebsaytlar va portallarni o‘z qo‘liga kiritgan, “Megafon”, Telekominvestni boshqarib keladi. Shuningdek, Usmonov 7TV, Muz-TV federal kanallari va 33 mintaqaviy telekanallarni o‘z ichiga olgan media xolding egalaridan biri hamdir. Usmonov mediaimperiyasi tarkibiga “Kommersant’”, “Gazeta.ru”, "Sekret firmы" va boshqa o‘nlab nashrlar kiradi.

1953 yilda Chustda tug‘ilgan Alisher Burxonovichning hozirgi boyligi 13,4 milliard AQSh dollariga (2016 y. may) tengdir.

Alisher Usmonov sobiq professional sportchi sifatida bu sohaga ham qiziqishi katta.

U“Arsenal» futbol klubining 27 foiz aksiyalari egasi, Moskvaning “Dinamo” klubi bosh homiysi.

2008 yildan buyon u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti hamdir. O‘zi yoshligidan Toshkentda qilichbozlik bilan jiddiy shug‘ullangan tadbirkor "Sport ustasi" unvoniga ega bo‘lib, bir muddat Sovet Ittifoqi terma jamoasi safida musobaqalarda ishtirok etgan. O‘sha yillarda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan rafiqasi Irina Viner bilan tanishgan.

Usmonov – eng yirik homiylardan

Alisher Usmonov xayriya ishlariga eng ko‘p pul berayotgan rossiyalik oligarxlar ro‘yxatida ham birinchi deb topilgan: yiliga u 180 million dollar mablag‘ni xayriya ishlariga sarflab kelishi ma’lum.

2007 yilda Usmonov 100 million dollarga Mstislav Rostropovich va Galina Vishnevskayaga tegishli san’at kollektsiyasini “Sotbis” auksionida sotib olgan va uni Rossiya hukumatiga sovg‘a qilgan. O‘sha yiliyoq milliarder namoyish etish huquqi amerikaliklarga o‘tib ketib qolgan sovet davri multfilmlari to‘plamini sotib olib, Rossiyadagi “Bibigon” bolalar telekanaliga topshirgan.

Bu sahiyliklari evaziga Rossiya prezidenti Alisher Usmonovni “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” IV darajali ordeni bilan taqdirladi.

Vladimir Putin 2013 yil 6 iyul kuni imzolagan farmonga ko‘ra, Alisher Usmonov “davlat oldidagi katta xizmatlari, jamoat va xayriya ishlaridagi faolligi uchun” bu ordenga sazovor bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG