Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:29

Toshkent hayot kechirish noqulay bo‘lgan shaharlar reytingiga kiritildi


Tunggi Toshkent.
Tunggi Toshkent.

Mercer konsalting shirkatining hayot kechirish uchun qulay bo‘lgan jahon shaharlari reytingi asosida o‘z reytingini ishlab chiqqan Business Insider tashkiloti Toshkentni hayot uchun noqulay bo‘lgan 33 davlat ro‘yxatiga kiritdi. Toshkent bu reytingda Kot d Ivuarning Abidjan shahri va Togo poytaxti Lome oralig‘idagi 26-o‘rinni egallagan.

Britaniya poytaxti Londonda nashr etiladigan The Independent gazetasining yozishicha, dunyodagi eng yirik Mercer konsalting shirkati hayot kechirish uchun qulay bo‘lgan jahon shaharlari reytingini tuzgan.

Mercer shirkati jahonning turli burchaklaridagi 450ta shaharda hayot kechirish darajasini o‘rganib, ularning 250tasini o‘z reytinggiga kiritgan.

Business Insider esa mazkur reyting asosida hayot uchun noqulay bo‘lgan dunyoning 33 shahrini aniqlagan.

Business Insider reytingida Toshkent hayot kechirish qulay bo‘lmagan shaharlar reytingining 26 pog‘onasida qayd etildi.

“Markaziy Osiyodagi poytaxtlardan biri bo‘lgan bu shahar so‘nggi bir yil ichida terrorchilik urug‘ini ekuvchi maskanga aylandi. 2015 yilda Toshkentdagi AQSh elchixonasiga noma’lum shaxs so‘nggi 11 yilda birinchi marta hujum qildi. Hukumat islomiy ekstremizmga qarshi kurash choralarini ko‘rmoqda”, deyiladi Toshkentga oid qisqa sharhda.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga 2015 yilning 28 sentyabr kuni tonggi 7.30 lar atrofida ikkita “Molotov kokteyli” otilgani haqida Ozodlik radiosi o‘z vaqtida xabar bergan edi. AQSh elchixonasiga ko‘ra, elchixona hovlisiga irg‘itilgan “yonuvchan moslamalarning biri portlagan”.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga 2004 yil 30 iyul kuni ham hujum uyushtirilgan. 11 yil avval AQSh va Isroil elchixonalari hamda O‘zbekiston Bosh prokuraturasida bir paytning o‘zida xudkushlar tarafidan sodir etilgan portlashlarda kamida ikki odam halok bo‘lgan va o‘ndan ortiq odam jarohatlangan edi.

2004 yilgi portlashlar uchun mas’uliyatni “O‘zbekiston Islomiy harakati”ga aloqador “Islomiy jihod ittihodi” guruhi o‘z zimmasiga olgan edi.

Reyting mualliflari ekstremistlik, terrorchilik kabi holatlardan tashqari mamlakatdagi siyosiy va ijtimoiy muhit, iqtisodiy muhit, matbuot erkinligi, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari, maktab va maorif, kommunal xizmatlar va transport, fuqarolarga dam olish uchun yaratilgan imkoniyatlar, iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish, yashash sharoiti, atrof-muhit kabi ko‘rsatkichlardan kelib chiqqanlar.

Business Insider o‘z reytingida Markaziy Osiyoning boshqa poytaxtlaridagi hayot kechirish darajasi Toshentdagidan yomonroq ekanini qayd etgan. Reytingda Dushanbe 19- o‘ringa qo‘yilgan. Bishkek 21 va Ashxabod 23 – o‘rinlarni egallagan.

Reytingda Tojikistonda qashshoqlik hukm surishi va energiyaning yetishmasligi, Qirg‘izistonda qashshoqlik darajasinig katta ekani, Ashxabodda esa hukumatning befarqligi oqibatida yillardan beri odamlar suv etishmasligidan azob tortib kelayotgani ta’kidlangan.

Hayot uchun noqulay bo‘lgan shaharlar reytingidagi 1-o‘rin Iroq poytaxti Bag‘dodga, oxirgi 33 –o‘rin esa Tanzaniyaning Dar us Salom shahriga berilgan.

Aytib o‘tish joizki 2015 yilda Economist Intelligence Unit tashkiloti tomonidan tuzilgan hayot kechirish darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar reytingida Toshkent dunyodagi 140 shahar orasida 116-o‘rinni egallagan edi.

XS
SM
MD
LG