Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 00:25

O‘zbekiston Qamchiq dovonidagi yo‘lni qurgan ispan shirkatini sudga berdi


O‘zbekiston Qamchiq dovonidan o‘tuvchi "Toshkent- O‘sh" avtomobilь yo‘lini qurayotgan Ispaniyaning "Korsan Korviam Konstrakshn SA" kompaniyasini sudga berdi.

Podrobno.uz ma’lumotiga ko‘ra, ispan shirkati yo‘l qurilishini sifatsiz tarzda amalga oshirganlik va belgilangan muddatda ishni tugatmaganlikda ayblanmoqda.

Sud qayerda bo‘lishi aytilmayapti, lekin O‘zbekiston tomonining qiziqishlarini Yevropadagi advokatlik firmalaridan biri himoya qilayotgani ma’lum.

O‘zbekiston yo‘l jamg‘armasi ispanlar qurayotgan "Toshkent- O‘sh" yo‘lini texnik nazoratdan o‘tkazish uchun Janubiy Koreyaning Sambo Engineering Co. LTD kompaniyasini yollagan edi.

Ispan shirkati "Toshkent- O‘sh" yo‘lidagi texnik nosozliklar bo‘yicha qariyb 200 ta ogohlantirish olgan.

May oyi boshida Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida 5 kishi nobud bo‘ldi. Ushbu halokatda ispan shirkatining aybi bor yoki yo‘qligi ochiqlangani yo‘q.

Hozirda ispan shirkati mazkur loyihani amalga oshirishdan chetlatilgan va uning o‘rniga yangi shirkat yollangan. Shirkatning nomi hozircha ochiqlangani yo‘q.

Yo‘l qurilishi keyingi yilning birinchi yarmida foydalanishga tugatilishi rejalanmoqda.

Dastlab yo‘l qurilishi 2013 yilda tugalanishi rejalangan va keyinchalik turli sabablar bilan bir necha bor muddat o‘zgartirilgan edi.

Loyihani amalga oshirish uchun Osiyo taraqqiyot banki 167,2 million AQSh dollari ajratgan.

Qamchiq dovoni orqali O‘zbekiston aholisining uchdan biri istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysini mamlakatning qolgan qismi bilan bog‘lovchi yagona avtomagistral o‘tadi. Strategik ahamiyatga ega ushbu dovon orqali kuniga 10 - 15 ming avtoulov qatnashi aytiladi.

Ayni paytda Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning qolgan qismi bilan bog‘laydigan Qamchiq dovonidagi er osti yo‘lida temir yo‘l yotqizish ishlari ham davom etayapti.

Qamchiq dovonidan o‘tuvchi ushbu 20 kilometrlik yer osti temir yo‘li Xitoyoning China Railway Tunnel Group shirkati ko‘magida barpo etilmoqda.

XS
SM
MD
LG