Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:11

Nishon hokimidan haqorat eshitgan MTP rahbari yurak xurujidan o‘ldi


Mashina-traktor parki.
Mashina-traktor parki.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimi tomonidan haqoratlangan mashina-traktor parki rahbari yurak xurujiga uchrab, olamdan o‘tdi.

Nishon tumanining hokimi Asror Jo‘raev 10 iyulda bo‘lib o‘tgan tuman faollari yig‘ini paytida 53 yashar Muzaffar Chorshanbievni "singlingi...," deb haqorat qilgan va haqoratlangan kichik rahbar ayni kuni kasalxonaga tushib, yurak xurujidan jon taslim qilgan.

Bu haqdagi xabar Ozodlikka 22 iyulda yetib keldi.

Avval yangi hokim marhumning ishlarini tanqid qildi, Muzaffar gap qaytargach, “singlingni...” deb so‘kdi. Muzaffarni majlisdan to‘g‘ri tuman shifoxonasiga olib ketishdi va u yerda miokard infarkti tufayli olamdan o‘tibdi. Buni majlisda qatnashganning hammasi biladi, lekin bu so‘kong‘ich, o‘ta qo‘pol hokim haqida gapirishdan qo‘rqishadi. Shunday, avval Yakkabog‘ga hokimlik qilgan Jo‘raev majlisni onadan boshlab, singildan tugatadi”, dedi majlisda ishtirok etgan fermerlardan biri.

Marhumning qarindoshlaridan biri Muzaffar Chorshanbievning majlisdan so‘ng kasalxonaga tushib qolganini tasdiqladi, ammo uning o‘limini faqat hokimning haqoratiga bog‘lash to‘g‘ri emasligini aytdi.

Chorshanbiev qarindoshiga ko‘ra, Muzaffar anchadan beri qon bosimi xastaligi bilan og‘rib kelgan:

Hokim buva ish bo‘lsin, deydi. Muzapni el-yurt qatori u kishi ham hurmat qilardi. Lekin kim o‘ylabdi yosh joniga jabr bo‘lishini. Rahmatli juda vazmin, mulohazali yigit edi,” deydi qarindoshlardan biri.

Tumandagi “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘ini vakili esa Muzaffar Chorshanbievni polvonkelbat, chavandozlik bilan ham nom chiqargan yigitlardan biri edi, deya xotirlaydi.

Rahmatlining bo‘yi bir-u to‘qsondan baland — qo‘ng‘irot urug‘ining alp yigitlaridan edi. Ancha yillar qishloq xo‘jalik sohasida ishladi, yoshlik paytlari chavandozlik qilganini, milliy kurash o‘yinlarida uncha-muncha sovrinlar ham olib yurganini bilamiz. Qo‘ng‘irot urug‘lari orkash keladi, balki hokimning singildan olgani rahmatliga og‘ir botgandir,” deydi mahalla fuqarolar yig‘ini vakili.

G‘uzor tumani hokimi Asror Jo‘raevning mushtumzo‘r va so‘kong‘ich hokim ekanligi haqida u Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lib ishlab yurganda ham Ozodlikka xabarlar kelgan edi.

Jumladan, 2014 yilda Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lib ishlagan Asror Jo‘raev, 18-19 oktyabr kuni kechasi o‘tkazilgan yig‘ilishlarda oz paxta topshirgan fermer va terimga kam o‘qituvchi chiqargan maktab direktorlarini kaltaklagani haqida Ozodlik xabar bergan edi..

O‘zbekistonda hokimlar va boshqa mansabdor shaxslarning o‘zidan past lavozimda bo‘lgan amaldor va fermerlarni urishi¸ haqorat qilishi muntazam kuzatiladi.

Jumladan, bundan uch yil muqaddam Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani hokimi fermerni kam paxta topshirganlikda ayblab, onasini so‘kkan, kaltaklab-bo‘qqan edi.

Kaltaklangan fermerning otasi kampirini yetaklab hokimning oldiga kelgan-da “mana shu kampir sen so‘kkan ulimni (o‘g‘limning) enasi bo‘ladi, shuni so‘kkanmiding, mana olib keldim, qo‘lingdan kelsa “qil” degan. Fermerning otasi hokimni urmoqchi bo‘lganida uni ajratib olishgan.

2011 yilning sentyabrida aynan Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov hokim tazyiqlaridan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan edi.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan jon bergan edi.

Yana shu yilning aprel oyida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida o‘nga yaqin fermerni kaltakladi.

XS
SM
MD
LG