Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:58

O‘zbekistonda bir bolaning maktabga borishi o‘rtacha 450 ming so‘mga to‘g‘ri kelmoqda


Bu haqda Ozodlik muxbiri suhbatlashgan maktab o‘qituvchilari ma’lum qildilar. O‘qituvchilarga ko‘ra, maktablarda darsliklar va ayrim predmetlar bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmasligi kuzatilmoqda. Bu yil ham avvalgi yillardagi kabi rus tilida o‘qitiladigan maktablarga birinchi sinf o‘quvchilari ko‘proq kelmoqda.

O‘zbekistonda 15 kundan keyin yangi o‘quv yili boshlanadi. Mazkur sana arafasida O‘zbekistonning ikki tumani va poytaxt Toshkent shahridagi maktab o‘qituvchilari bilan suhbatlashib, mavjud muammolarni aniqlashga harakat qildik.

Bo‘ka tumani maorif bo‘limi rasmiysi Hilola Jo‘raboeva joriy yilda boshlang‘ich sinflar uchun o‘tgan yildagi kabi kitoblar yetishmasligi muammosi bo‘lmasligini, barcha darsliklar to‘liq olib kelinganini ma’lum qildi.

-Birinchi sinfdan to‘rtinchi sinfgacha bo‘lgan barcha darsliklar to‘la olib kelindi. Ingliz tili darsliklari ham keldi. Hozir kitoblar maktablarga tarqatilayapti. Formani oq-qora kofta –yubka qildirdik. Birinchi sinfga prezident sovg‘asi sifatida barcha darsliklar, o‘quv qurollari, sumkalar bepul beriladi. Ota-onalar faqat forma sotib oladi, - dedi Hilola Jo‘raboeva.

Unga ko‘ra, 2-sinfdan boshlab o‘quvchilarga darsliklar ijaraga beriladi. Bir komplekt darslikning yillik ijara haqi 15 ming so‘mni tashkil qiladi. Hilola Jo‘raboeva tumanda o‘qituvchilar yetishmasligi muammosi borligini, ayniqsa rus tilida o‘qitiladigan maktablarga ehtiyoj kuchli bo‘layotganini ta’kidladi:

-Meni o‘zimda boshlang‘ich sinflarda 566 o‘qituvchim bor. Boshlang‘ich sinflar uchun o‘qituvchilar yetishmasligi muammosi yo‘q. Lekin yuqori sinflar uchun o‘qituvchilar ancha yetishmaydi. Bizdagi asosiy muammo rus sinflari uchun o‘qituvchilarning yetishmasligidir. Hozir rus sinflariga ehtiyoj juda kuchli bo‘layapti, ota-onalar bolalarini rus sinflarga berishga harakat qilayapti, ammo rus sinflari uchun o‘qituvchilar yetishmayapti, -dedi Hilola Jo‘raboeva.

Sariosiyo tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi bo‘lgan Gulbahor o‘zi yashayotgan hududdagi maktablarning eng asosiy muammosi darsliklar yetishmasligi ekanini aytdi. Unga ko‘ra, darsliklar juda eskirgan, yirtilib-titilib ketgan, yangi darsliklar juda oz. “Ayniqsa,ikkinchi sinfdan yuqorilar uchun darsliklar yetishmasligi dolzarb muammoga aylangan”, deydi o‘qituvchi.

Gulbahor maktabdagi yig‘imlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

-Men o‘z o‘g‘limdan misol qilib aytsam, remontga, sport fondiga, kitob ijarasiga, obunaga pul to‘layman. Bu yig‘imlarni o‘qituvchilar yig‘ib oladi. Kitob ijarasi yiliga 15 ming so‘m. Remont puli 15 ming so‘m. O‘tgan yili men bir bolamning o‘ziga maktabga 30 ming so‘m pul berdim, -dedi u.

Gulbahorning bir farzandi maktabga boradi. Undan farzandini maktabga tayyorlash uchun necha so‘m ketganini ham surishtirdik.

- Qiz bolaning kiyim-kechagi 200 minglarga boradi. O‘g‘il bolalarniki qimmatroq. Masalan, men o‘zimning o‘g‘limga bir hafta avval 300 ming so‘mga kiyim qildim. Bu pulga bitta kostyum-shim, bir juft poyafzal va bitta shapka berdi. Hali sumkasini va oq qo‘ylagini olib berganim yo‘q. Yana yuz ming so‘m pul ketadi, deb turibman. Chunki sumkasining o‘zi 35 ming so‘m ekan.hammasi bo‘lib 400 ming so‘m pul ketadi, -dedi Gulbahor.

Toshkentlik o‘qituvchi Gulasal Tursunboevaning aytishicha, poytaxtda ham ota-onalar ko‘proq farzandlarini rus sinflariga berishga intilmoqda, lekin Toshkentda ham rus tili darsliklari taqchilligi sezilmoqda.

-Ona-onalar bolam rus sinfiga boradi, deb turib olishayapti. Ularga biz: “Bolangiz rus tilini bilmasa, muloqot qila olmasa, o‘qishga qiynaladi. Bu unga ruhan va aqlan ta’sir qiladi”, deb tushuntirish berayapmiz. Rus sinfiga talabgorlar ko‘p, lekin darsliklar etishmaydi. O‘tgan yili ham o‘quvchilar soni juda ko‘p bo‘lgan, shuning uchun uchinchi va to‘rtinchi sinflarga rus tili darsliklari yetmay qoldi, -dedi Gulasal Tursunboeva.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Toshkent maktablarining har biri Maorif vazirligi belgilab bergan tartib asosida o‘z maktab formasini joriy etgan. Shuning uchun maktab kiyim-kechagi uchun ketadigan pul miqdorini aniq aytib bo‘lmaydi:

-Har bir maktabning o‘zida joriy etilgan forma bor. Masalan, bizda qizlar uchun ko‘k sarafan joriy etilgan. Bu formaning andozasini olib, ota –onalar tikuvchilarga tiktirishayapti, -dedi Gulasal Tursunboeva.

XS
SM
MD
LG