Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:54

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi rahbari qo‘lga olindi


O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Omonullo Yunusov Milliy xavfsizlik xizmati hodimlari tomonidan o‘z ishxonasidan qo‘liga kishan solinib¸ olib ketilgan. Ozodlik ega bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, 57 yashar Yunusov Toshkentning Yunusobod tumanidagi “Gvardeyskiy” deya ataladigan MXX tergov izolyatorida ushlab turilibdi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi va hukumatga yaqin ishonchli manbalarning Ozodlikka aytishicha O‘zbekiston matbuoti va noshirligini nazorat qiluvchi agentlik rahbari Yunusov 22 avgust dushanba kuni qo‘lga olingan. (24 avgust kuni ham hibsda qolaëtgani Ozodlikka ma’lum).

O‘zbekistondagi nashriyotlardan birida ishlovchi va ismi sir qolishini istagan mulozimning aytishicha¸ Yunusov agentlik tizimidagi “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa uyi rahbariyatiga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida so‘roq qilinmoqda.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi mulozim Yunusov “Davlat byudjetidan kitob nashr qilish uchun ajratilgan mablag‘larni talon-taroj qilish bilan bog‘liq” tergov asnosida surishtirilayotganligini iddao qildi.

Yunusovning qo‘lga olingani agentlik mulozimlari tarafidan sir tutilmoqda.

Ammo¸O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi rasmiy internet sahifasida Yunusov Omonullo Hamidullaevich agentlik Bosh direktori maqomida 24 kuni ham turibdi.

Aybsizlik prezumptsiyasi nuqtai nazaridan Ozodlik Yunusov Omonullo Hamidullaevichga qarshi qaratilgan ayblov iddaolarni tarqatmaslikni ma’qul ko‘rdi.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi nashriyotlarda bundan ikki yarim oy oldin keng ko‘lamli taftishlar boshlangani haqida aytdi.

Mulozim iddaosiga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasi va O‘zbekiston Moliya vazirligining nazorat taftish boshqarmasi tomonidan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa uyida olib borilgan taftishlar chog‘ida 2,2 milliard so‘mlik kamomad aniqlangan.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa uyi rahbari va boshqa xodimlar hozirgi kunda O‘zbekiston qonunchiligining talon-tarojlik, mansab soxtakorligi singari jinoyatlarda ayblangani borasida ham Ozodlik manbasi ma’lumot berdi.

Omonullo Yunusov 2005-13 yillarda mamlakatda turdosh korxonalar orasida monopolist hisoblangan “Sharq” matbaa kontserniga rahbarlik qilgan.

2013 yildan beri u O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Agentlik sahifasida aytilishicha¸ bu tashkilot matbuot¸ noshirlik¸ matbuot nashrlari hamda davriy nashrlarni tarqatish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan boshqaruv organidir.

XS
SM
MD
LG