Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 16:23

Roza O‘tunbaeva: Karimov davlat manfaatlarini himoya qila oladigan odam edi


Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza O‘tunbaeva.
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza O‘tunbaeva.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Ozodlik radiosiga suhbat bergan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza O‘tunbaeva Toshkent rasmiylari Bishkek bilan siyosiy dialogni jonlantirishi va to‘planib qolgan muammolarni hal qilishiga umid bildirdi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, 2010-2011 yildagi Muvaqqat hukumat etakchisi Roza O‘tunbaeva Ozodlik radiosiga bergan suhbatida, marhum prezident Islom Karimovni “O‘zbekiston manfaatlarini har qanday sharoitda ham mustahkam himoya qila olgan shaxs edi”, deb xotirladi.

- Islom Abdug‘anievich, albatta, qattiqqo‘l rahbar edi. Ayniqsa o‘z vatandoshlari uchun ko‘plab erkinliklar imkoniyatini yopib qo‘ygani ortidan dunyoning bir qismiga yoqmas edi. Lekin u oldiga qo‘ygan maqsadiga etish yo‘lini aniq biladigan odam edi. Har qanday kuchli yoki buyuk davlat oldida ham hayiqmay, o‘z mamlakati manfaatlarini himoya qila oladigan shaxs edi. Oqibatda bugun o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab olgan O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz. Albatta, bu tanlab olingan yo‘l hammaga yoqmasligi mumkin. U O‘zbekistonda barqarorlikni ta’minlashga harakat qildi. Balki bu barqarorlik qurbonlar evaziga bo‘lgandir, lekin bu davlat shakllandi, - dedi Roza O‘tunbaeva.

Qirg‘iziston sobiq prezidentining aytishicha, Islom Karimovdan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab muammolar qoldi. Roza O‘tunbaeva so‘nggi yillarda Toshkent bilan siyosiy va iqtisodiy munosabatlar sovuqlashganini ta’kidlar ekan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bu muammolarni hal qila olishiga umid bildirdi.

O‘z so‘zi davomida Roza O‘tunbaeva 22 avgust kuni ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Ungartepa hududiga o‘zbek militsionerlari desanti kiritilgani va bu yerda ishlayotgan to‘rt nafar qirg‘iz vatandoshining qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib ketilgani vaziyatni keskinlashtirayotgani haqida gapirdi. Ungartepani Qirg‘izistonda Unkur Too deb ataydilar.

-Unkur Toodan to‘rt nafar qirg‘izistonlikning O‘zbekistonga olib ketilishi ortidan Qirg‘izistonda keskinlik yuzaga keldi. Bu holat O‘zbekiston bilan hal qilinmay kelingan muammolarning aks-sadosidir. Chegaralar muammosini hal qilishimiz lozim. Chegaralarning yopib qo‘yilgani ortidan esa asrlardan beri bir-biri bilan savdo qilib kelgan xalqlarimiz o‘zaro tovar ayirboshlash huquqidan mahrum bo‘ldi. Bu muammolar yuki bosimi ostida O‘zbekiston va Qirg‘iziston bir-birlaridan “ajralishi”ga, iqtisodiy aloqalarni buzishiga to‘g‘ri keldi. Bugungi kunda Qirg‘iziston O‘zbekistondan hech narsa sotib olmayapti, ammo buning ortidan oddiy o‘zbek va qirg‘iz xalqning muammolarini hal qilish yo‘liga katta to‘siqlarni o‘rnatib olayapmiz, -dedi Roza O‘tunbaeva.

Uning aytishicha, O‘zbekiston bilan munosabatlarni tiklash oson bo‘lmaydi:

-Buning uchun Qirg‘iziston u yoki bu muammo yuzasidan ekspertiza va bilim nuqtai nazaridan kuchliroq qurollangan bo‘lishi lozim. Chunki oldimizdagi muammolarni hal qilishning diplomatik va siyosiy dialogdan boshqa yo‘li yo‘q. O‘zbekiston bu ishga mas’uliyat bilan yondoshib kelayotganini aytish lozim. Toshkent muammolarni hal qilishda kar yoki soqov bo‘lib olmaydi, balki ularni hal qilishga intiladi. Lekin har ikki davlat, albatta, o‘zining manfaatlari uchun kurashadi, -dedi Roza O‘tunbaeva.

Qirg‘iziston mustaqilligining dastlabki yillarida Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri, BMT bosh kotibining o‘rinbosari, elchi lavozimlarida ishlagan Roza O‘tunbaeva 2010 yilgi 7 aprel inqilobidan so‘ng bir yarim yil davomida o‘tish davri prezidenti lavozimini egallagan edi.

XS
SM
MD
LG