Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:11

Serb Respublikasi prezidenti: Referendum bekor qilinmaydi


Bosniya va Gersegovinaning avtonom hududlaridan biri Serb Respublikasining prezidenti Milorad Dodik mahalliy bayramni nishonlash bo‘yicha referendum o‘tkazilishini bildirdi. Bosniya va Gersegovinaning markaziy hukumati esa bunga qarshidir.

Dodik Ozodlik radiosi Bolqon xizmati bilan suhbatda 9 yanvarni davlat kuni bayrami o‘laroq nishonlash bo‘yicha 25 sentabrga belgilangan referendum bekor qilinmasligini aytdi. Bosniya va Gersegovina oliy sudi esa referendumni bekor qilishni buyurgan.

“Referendumni o‘tkazamiz. Bu ajralish referendumi emas, u hech nimaga qarshi ham emas. Bu siyosatchilar parlamentda qonunni o‘zgartira olishi uchun aholi 9 yanvar bayrami haqida qanday o‘yda ekanligini aniqlash uchun o‘tkaziladigan so‘rovdir”, dedi Dodik.

17 sentabr kuni Bosniya va Gersegovina sudi 9 yanvar bayramini konstitutsiyaga zid deb topgan sud qarorini kuchda qoldirdi. Sud bayram mamlakatning serb bo‘lmagan turg‘unlarini diskriminatsiya qilishini aytdi.

Bosniya serblari 1992 yilning 9 yanvarida “Serb Xalq Respublikasini” e’lon qilgan. O‘shanda Bosniya Yugoslaviya tarkibida edi. 2015 yilning noyabrida konstitutsion sud Serb Respublikasini Bosniya va Gersegovinada yashovchi xorvatlar hamda musulmon bosniyaliklar uchun ham ma’qul keladigan sanani tanlashga chaqirdi.

Xalqaro hamjamiyat ham Serb Respublikasi rasmiylarini referendumni bekor qilishga chaqirmoqda.

AQShning Saraevodagi elchixonasi 17 sentabr kuni e’lon qilgan bildiruvda rejalashtirilgan referendum sud qarorini buzishi hamda sud obro‘siga putur yetkazishi aytiladi. Bosniya va Gersegovina sudi 1992-96 yillarda sodir bo‘lgan qonli urush ortidan Deyton tinchlik kelishuvlari natijasida tuzilgan.

Dodik 22 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuv davomida referendumni muhokama qilishini, referendum Yevropa integratsiyasi yoki Dayton shartnomasiga zid emasligini ta’kidladi.

Dodik referendum Serb Respublikasining statusi yoki ajralish haqida emasligini qo‘shimcha qildi, lekin “kelgusi yillarda” ajralib chiqish masalasi ochiq qolayotganini aytdi.

“Men tengi avlod buni amalga oshiradimi, yo‘qmi, bilmayman”, dedi u.

XS
SM
MD
LG